Dunyo

Tayms-skverda Amerika banki vitse-prezidenti pichoqlab o‘ldirildi

Qo‘shma Shtatlarning Nyu-York shahridagi Tayms-skver maydonida Amerika banki vitse-prezidenti Erin Piasenti pichoqlanish oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Hujumchi politsiya tomonidan otib o‘ldirilishidan avval bir sayyohni ham jarohatlagan. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Erin Piasentining LinkedIn sahifasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, u Amerika bankida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha mas’ul lavozimda ishlagan.

Nyu-York politsiyasining ma’lum qilishicha, hujum 31-avgust kuni sodir bo‘lgan. Ikki pichoq bilan qurollangan 49 yoshli Pamela Sisneros dastlab “Vest 41-ko‘cha” va Yettinchi avenyu kesishmasi yaqinida 68 yoshli sayyohga yaqinlashgan. Erkak va uning rafiqasi ko‘chani kesib o‘tish uchun kutib turgan edi. Sisneros erkakning qorniga pichoq urgan.

Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan va uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Shundan so‘ng Sisneros Yettinchi avenyu bo‘ylab shimolga qarab yurishda davom etgan. Taxminan 20 soniya o‘tib, u “42-ko‘cha” yaqinida Erin Piasentining qorniga pichoq urgan.

Politsiyachilar hujumchini 42 va 43-ko‘chalar oralig‘ida to‘xtatgan. Ular taxminan to‘rt daqiqa davomida uni qurolni tashlashga ko‘ndirishga uringan, ammo u rad etgan.

Ta’kidlanishicha, Sisneros politsiya xodimlari tomonga harakatlanganda, ular elektroshokerdan foydalangan. Lekin bu ayolni to‘xtata olmagan. Shundan so‘ng ikki politsiyachi o‘t ochib, ayolni yaralagan. Sisneros kasalxonaga olib borilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Nyu-York politsiyasi qaydlarida Sisnerosning ruhiy xastaligi bilan bog‘liq 2018 va 2019-yillardagi ikkita holat aniqlandi. Politsiya komissarining ta’kidlashicha, tergovda bu hujumni terakt deb hisoblash uchun hech qanday asos yo‘q.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.