Layfstayl

Taxallus ortidagi haqiqat: Gollivud afsonalari nega o‘z familiyasini yashirgan?

**Taxallus ortidagi haqiqat: Gollivud afsonalari nega o‘z familiyasini yashirgan?**

Bizga tanish bo‘lgan ko‘plab Gollivud yulduzlarining ismlari aslida taxallusdir. Ularning har birining ortida o‘ziga xos hikoya yashiringan: kimdir boshqa hamkasblari bilan adashib ketmaslik uchun, kimdir esa sahnada yorqinroq ko‘rinish uchun o‘ziga yangi ism tanlagan.

**Julianna Mur**

Aktrisaning haqiqiy ismi — Juli Enn Smit.

“Oskar” mukofoti sovrindorining Gollivuddagi ilk qadamlari oson kechmagan. U Aktyorlar kasaba uyushmasidan ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lganida, xuddi shu ismli aktrisa allaqachon borligini bilib qoladi. AQSHda Smit familiyasi juda keng tarqalgan bo‘lib, bu yosh aktrisaning tanilishiga xalaqit berardi.

Juli Enn ismini o‘zgartirishni umuman xohlamagan, biroq kelajagi uchun tavakkal qilishga majbur bo‘ladi. U o‘ziga familiya sifatida otasining familiyasi — Murni tanlaydi. Hech kimning ko‘nglini og‘ritmaslik uchun esa o‘zining Juli ismiga onasining familiyasini qo‘shib yuboradi. Shu tariqa, “Katta Lebovski”, “Gannibal”, “Ahmoqona sevgi” kabi o‘nlab filmlar yulduzi Julianna Mur nomi dunyoga keladi.

**Vaynona Rayder**

Aktrisaning haqiqiy ismi — Vaynona Lora Xorovits.

Rejissyor Tim Byortonning ”Bitljuis, Bitljuis” filmi orqali ekranlarga qaytgan 90-yillarning afsonaviy aktrisasi aslida Xorovitslar oilasidan. Uning taxallusi aktrisaning ilk filmi — “Lukas” uchun o‘tkazilayotgan sinov jarayonida to‘satdan miyasiga kelib qolgan. Yosh aktrisadan titrlarda ismini qanday yozishni so‘rashganda, u o‘ylanmay: “Vaynona Rayder”, deb javob beradi. Keyinchalik aktrisa rejissyor bilan gaplashib turganida, xonada orqa fonda xonanda Mitch Rayderning musiqasi yangrayotgan bo‘lgani uchun ham shu familiyani tanlaganini aytgan.

Uning ismida ham o‘ziga xos sir bor. Aktrisaga Vaynona ismi u tug‘ilgan Minnesota shtatidagi Vaynona shahri sharafiga qo‘yilgan. Ikkinchi ismi Lorani esa otasining yaqin do‘sti, mashhur yozuvchi Oldos Xakslining rafiqasi sharafiga berishgan.

**Jeymi Foks**

Aktyorning haqiqiy ismi — Erik Marlon Bishop.

Mashhur musiqachi Rey Charlz haqidagi “Rey” filmi uchun “Oskar” olgan bu aktyor o‘z faoliyatini stendap shoulardan boshlagan. O‘shanda yosh qiziqchi Bishop bir narsaga e’tibor qaratadi: qiziqchi ayollar juda kam bo‘lgani uchun dastur tashkilotchilari ularni doim birinchi bo‘lib sahnaga chiqarishardi. Shunda u ayyorlik ishlatib, ham erkakka, ham ayolga to‘g‘ri kelaveradigan universal ism — Jeymi Foks taxallusini oladi.

Yangi ism Foksga nafaqat sahnadan joy kafolatladi, balki tayyor qiziqarli sahna ko‘rinishini ham taqdim etdi. Shou boshlovchisi: “Jeymi Foks, u shu yerdami?” deb chaqirganida, tomoshabinlarning qarsaklari ostida sahnaga kutilmaganda baquvvat va kelishgan erkak chiqib kelardi. Aytgancha, Foks familiyasini u boshqa bir mashhur qiziqchi Red Foks hurmati uchun tanlagan.

**Dayan Kiton**

“Cho‘qintirgan ota” va “Manxetten” filmlari yulduzi Aktyorlar gildiyasida allaqachon boshqa bir Dayan Xoll ro‘yxatdan o‘tgani uchun onasining qizlik familiyasi — Kitonni olishga majbur bo‘ladi.

Biroq kinoda u baribir o‘zining haqiqiy familiyasiga qaytdi. Rejissyor Vudi Allen u uchun maxsus “Enni Xoll” filmini yozadi va bosh qahramonga aktrisaning haqiqiy familiyasi — Xollni hamda uning bolalikdagi laqabi Ennini beradi. Aynan shu rol Dayanga 1978-yilda “Oskar” mukofotini taqdim etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.