Tatariston raisi O‘zbekiston prezidentiga hamdardlik bildirdi
Tatariston raisi Rustam Minnixanov Nijnekamskdagi dron hujumida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonga hamdardlik bildirdi. Hujumda jami 13 kishi qurbon bo‘lgan, ularning 8 nafari o‘zbekistonlik, 1 nafari esa tojikistonlik.

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov Nijnekamskga qilingan dron hujumi oqibatida o‘z mamlakatlari fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga hamdardlik bildirdi. Bu haqda respublika rahbari matbuot xizmati jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozmoqda TASS.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, "Rustam Minnixanov O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga hamdardlik telegrammalarini yo‘lladi. Halok bo‘lganlar orasida ularning fuqarolari ham bor, jami 9 kishi".
Hujum natijasida Tojikistonning bir nafar fuqarosi va O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi hayotdan ko‘z yumgan. Minnixanov telegrammalarida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga barcha zarur yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
"Qaytarib bo‘lmas yo‘qotish dardini baham ko‘ramiz. Shu og‘ir damlarda dahshatli terror qurbonlarining oilalari bilan birgamiz. Ularga matonat, ruhiy kuch va sabr, barcha jabrlanganlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman", — deb yozdi Minnixanov.
Avvalroq Tatariston rahbari matbuot xizmati dushanba kuni ertalab respublika dronlar hujumiga uchraganini xabar qilgandi. Hujum ham ishlab chiqarish, ham fuqarolik obyektlariga qaratilgan.
13 kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan. 70 dan ortiq kishi yordam so‘rab murojaat qilgan, 21 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Holat bo‘yicha terrorchilik hujumi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 10-avgust respublikada motam kuni deb e’lon qilindi.

