Dunyo

Tarixiy nutq. “Insoniyat urushga chek qo‘yishi shart — aks holda urush insoniyatga chek qo‘yadi” — Jon Kennedi

Gazeta insoniyat tarixida muhim ahamiyat kasb etgan chiqishlarni o‘zbek tilida berib boruvchi 'Tarixiy nutq' ruknini davom ettiradi. Ushbu sonda AQShning sobiq prezidenti Jon Kennedining 1961-yil BMT minbaridan tashkilotni saqlab qolish va yadroviy qurolsizlanishga chaqiriq sifatida yangragan nutqini keltiramiz.

Tarixiy nutq. “Insoniyat urushga chek qo‘yishi shart — aks holda urush insoniyatga chek qo‘yadi” — Jon Kennedi

AQShning eng yosh saylangan prezidenti Jon Fitsjerald Kennedi (JFK) 1961-yil yanvaridan 1963-yil noyabrida o‘ldirilguniga qadar mamlakatni boshqargan.

Karib inqirozida Sovet ittifoqi bilan kelishuvga erishilgani, yadro sinovlarini qisman — atmosferada, kosmosda va suv ostida — taqiqlash shartnomasi (Moskva, 1963-yil), Oyga uchish dasturi (Apollo 11) va Tinchlik korpusi (Peace Corps) AQSh tarixida uning nomi bilan bog‘lanadi.

Kennedining 1961-yil 25-sentabrida BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqi uch yil amal qilgan yadro sinovlari moratoriysi tugagan, Berlin devori ko‘tarilgan, Kongo inqirozi BMT uchun jiddiy sinovga aylangan, tashkilotning o‘zi esa inqiroz yoqasida turgan og‘ir pallada yangragan edi.

Bir yil avval Moskva tashkilotda bosh kotib lavozimini uch kishidan — G‘arb (NATO davlatlari va ularning ittifoqchilari), sotsialistik blok (Sovet ittifoqi va Varshava shartnomasi davlatlari) va betaraf davlatlar (hech qaysi blokka qo‘shilmagan davlatlar) vakillaridan iborat kengash bilan almashtirishni va ularning har biriga veto huquqi berilishini taklif qilgan edi. Rus ot-aravasiga ishora qilib, bu taklif “troyka” nomini olgan.

Taklif mohiyatan BMT rahbariyatini ham Xavfsizlik Kengashi singari falaj holga keltirardi. Ayni paytda u bevosita bir odamga — tashkilotning o‘sha vaqtdagi Bosh kotibi Dag Hammarshyoldga qarshi qaratilgan bo‘lib, Sovet tomoni uni Kongodagi harakatlari uchun ochiq ayblab, iste’foga chaqirardi.

18-sentabr kuni Hammarshyold Kongoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaraga uchayotib, Shimoliy Rodeziyadagi Ndola yaqinida aviahalokatga uchradi (halokat sababi hanuz aniqlanmagan). Bosh kotib o‘rni aynan uning kelajagi haqidagi bahs ochiq turgan bir paytda bo‘shab qoldi.

Fojiadan bir hafta o‘tib Jon Kennedi BMT minbarida chiqish qilar ekan, uning oldida ikkita savol turardi: tashkilot bundan keyin kim tomonidan boshqariladi va yadroviy qurollanish poygasi qayerga olib boradi?

Kennedi o‘z nutqida butun jahon hamjamiyatiga, xususan, Sovet ittifoqiga murojaat qilib, tinchlik yo‘lida birlashishga, BMTni, uning ta’sir kuchi va nufuzini saqlab qolishga hamda qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni zudlik bilan boshlashga chaqirdi.

AQSh rahbarining ushbu yig‘ilishda yangragan takliflari, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, besamar ketmadi. “Troyka” masalasi o‘sha kuzdayoq yopildi, bosh kotib instituti esa bugungi ko‘rinishida saqlanib qoldi.

Qurolsizlanish bo‘yicha ham vaqt o‘tishi bilan sezilarli siljish bo‘ldi. O‘sha yilning dekabr oyida Bosh assambleya AQSh va SSSR kelishib olgan tamoyillarni bir ovozdan qabul qildi hamda o‘n sakkiz davlatdan iborat Qurolsizlanish qo‘mitasini tuzdi. Qo‘mita 1962-yil martida Jenevada ishga tushdi va oradan olti yil o‘tib, aynan shu maydonda yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma muzokara qilindi.

Qayd etish joizki, 1962-yil aprelida AQSh ham atmosferadagi sinovlarni qayta boshladi, oktabrda esa Karib inqirozi yuz berdi. Inqirozni yumshatishda BMTning yangi bosh kotibi U Tan vositachilik qildi. Qurolsizlanish bo‘yicha asosiy hujjatlar shundan keyin imzolandi.

1963-yil 5-avgustda Moskvada yadro sinovlarini qisman taqiqlash shartnomasi qabul qilindi: atmosferada, kosmosda va suv ostida sinovlar to‘xtatildi. O‘sha yil oktabrida Bosh assambleya davlatlarni Yer orbitasiga yadro quroli chiqarmaslikka chaqirdi — bu qaror 1967-yilgi Kosmos to‘g‘risidagi shartnomaning asosiga aylandi.

Kennedining asosiy taklifi — “umumiy va to‘liq qurolsizlanish” esa amalga oshmadi. 1961-yilda kelishilgan tamoyillar qog‘ozda qolib ketdi.

Hammarshyoldga o‘sha yil oktabrida Nobel tinchlik mukofoti berildi. Bu mukofot tarixida kam uchraydigan holat bo‘lib, Hammarshyold Nobel tinchlik mukofoti bilan vafotidan keyin taqdirlangan yagona shaxs hisoblanadi.

“Sizlar bilan qayg‘uli va mas’uliyatli bir pallada yig‘ildik. Dag Hammarshyold halok bo‘ldi. Lekin Birlashgan Millatlar Tashkiloti tirik. Uning fojiasi qalblarimizda chuqur iz qoldirdi, biroq u jon fido qilgan vazifa kun tartibimizda markaziy o‘rinni egallaydi. Tinchlikka xizmat qilgan olijanob bir inson bu yorug‘ olamni tark etdi. Biroq tinchlik sari intilish yo‘li hali oldinda.”

Masala — bir insonning halok bo‘lgani emas, masala — bu tashkilotning yashab qolishidir.

U yo davrimiz chaqiriqlariga javob berish uchun yuksaladi, yoki hech qanday ta’sirga, kuchga va obro‘-e’tiborga ega bo‘lmagani holda tarqalib ketadi.

Agar biz uning tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ysak, uning quvvatini zaiflashtirsak, kuch-qudratiga putur yetkazsak, o‘z kelajagimizni halokatga mahkum etgan bo‘lamiz.

Chunki shu tashkilotning rivojlanishigina urushga yagona haqiqiy muqobil bo‘la oladi — urush esa ortiq oqilona muqobil emas. Shartsiz urush endi shartsiz g‘alabaga olib kelmaydi.

Urush endi nizolarni hal qilishga xizmat qilolmaydi.

U endi faqat qudratli davlatlargagina daxldor bo‘lib qolmaydi. Chunki shamol, suv va qo‘rquv orqali tarqaladigan yadroviy falokat hammani — kattayu kichikni, boyu kambag‘alni birdek domiga tortishi mumkin.

“Insoniyat urushga chek qo‘yishi shart — aks holda urush insoniyatga chek qo‘yadi.”

Shunday ekan, keling, shu yerning o‘zida ahd qilaylik: Dag Hammarshyoldning hayoti ham, o‘limi ham behuda ketmasin. Terrorga qarshi sulh e’lon qilaylik. Tinchlik uchun duo qilaylik. Tinchlikni saqlash bo‘yicha xalqaro salohiyatni barpo etar ekanmiz, keling, urush olib borish bo‘yicha milliy salohiyatga barham berish yo‘lida birlashaylik.

Bu BMT uchun yangi kuch va yangi rollarni talab qiladi. Zero, nazoratsiz qurolsizlanish — soyadan boshqa narsa emas, qonunsiz jamiyat esa — quruq qobiqdir. BMT allaqachon insonning eng oliyjanob intilishlarining ham o‘lchovi, ham vositasiga aylanib ulgurgan. U allaqachon — Yaqin Sharqda, Osiyoda, Afrikada, bu yil esa Kongoda — inson zo‘ravonligini jilovlash vositasini taqdim etdi.

Biroq 1945-yilda ushbu tashkilot yuzlashgan buyuk savol hali ham oldimizda turibdi: insoniyatning taraqqiyot va tinchlik borasidagi ezgu umidlari terror va parokandalik tufayli barbod bo‘ladimi? Aql-idrokning salqin sabolariga yo‘l ochish uchun “urushning jirkanch shamollari”ni o‘z vaqtida jilovlashning imkoni bormi?

Xartiyamizning tinchlik, taraqqiyot, inson huquqlari hamda xalqaro huquqni ta’minlash bo‘yicha majburiyatlari bajariladimi yoki poymol etiladimi?

Bu zalda uchta emas, ikkita kuch bor. Ulardan biri Xartiyaning I va II moddalarida ta’riflangan dunyoni qurishga intilayotganlardan iborat. Ikkinchisi esa, butunlay boshqacha dunyoni ko‘zlab, bu yo‘lda ushbu tashkilotga putur yetkazishga urinadi.

Aynan bugun Xartiyaga bo‘lgan sodiqligimiz har qachongidan ham mustahkam saqlanishi kerak. U, avvalo, bosh kotib mas’uliyatini davom ettirish uchun yetuk xalq xizmatchisini — jahon hamjamiyatining ma’naviy kuchiga mazmun bag‘ishlash uchun ham donolik, ham qudratga ega bo‘lgan insonni tanlash orqali mustahkamlanishi zarur. Marhum bosh kotib BMTning harakat qilish majburiyatini yuksaltirdi va kuchaytirdi. Lekin bu u o‘ylab topgan narsa emas. U Xartiyada ko‘zda tutilgan va hali ham mavjud.

Janob Hammarshyoldning o‘rnini bosish qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu o‘rinni uch kishi emas, bir kishi egallagani ma’qulroq. Hatto “troyka”dagi uchta otda ham aravani uch tomonga tortadigan uchta aravakash bo‘lmagan. Unda faqat bitta aravakash bo‘lgan va BMT rahbariyatida ham shunday bo‘lishi kerak. BMTning ma’muriy idoralarida triumvirat, har qanday hay’at yoki navbat bilan almashib turadigan hokimiyatni o‘rnatish tartibni anarxiya, harakatni falajlik, ishonchni esa ikkilanish bilan almashtirgan bo‘lur edi.

Bosh kotib, aslida, Bosh assambleyaning xizmatchisidir. Uning vakolatini pasaytirish — qudratidan qat’i nazar barcha millatlar teng va suveren bo‘lgan yagona organning obro‘sini tushirish demak. Barcha qudratli davlatlar adolatli bo‘lmagunicha, zaiflar faqat ushbu assambleyaning kuchi bilangina xavfsizlikda bo‘ladi.

Samarali va mustaqil ijroiya faoliyati muvozanatli vakillik bilan bir xil masala emas. Ushbu organ tashkil etilganidan beri uning a’zolari sonidagi ulkan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, Amerika delegatsiyasi BMT organlarining tarkibini zudlik bilan ko‘rib chiqish va o‘zgartirish bo‘yicha har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq bu tashkilotga uchta boshqaruvchi tayinlash — har bir qudratli davlatga o‘z masalasini o‘zi hal qilishga ruxsat berish — Sovuq urushning tinchlik qarorgohida mustahkam o‘rnashishiga olib kelgan bo‘lardi. Qudratli davlatlardan biri sifatida mamlakatimiz uchun qanday afzalliklarni taqdim etmasin, biz bunday rejani rad etamiz. Zero, biz uchun o‘z taqdirini o‘zi belgilash asrida xalqaro huquq ommaviy qirg‘in asridagi jahon urushidan yetarlicha afzalroqdir.

Bugun sayyoramiz ahlining har bir vakili bu sayyora yashash uchun yaroqsiz holga keladigan kun kelishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak. Har bir erkak, ayol va bola qildek ingichka ipga osilgan, istalgan paytda yo bir tasodif, yo noto‘g‘ri hisob-kitob yoki yo telbalik tufayli uzilib ketishi mumkin bo‘lgan Damoklning yadroviy qilichi ostida yashamoqda.

Urush qurollari ular bizni yo‘q qilmasidan avval yo‘q qilinishi shart.

Odamlar endi qurollanish keskinlikning alomati yoki sababi ekani borasida bahslashmaydilar. Dunyo shu paytgacha ko‘rgan har qanday quroldan o‘n million marta kuchliroq va yer yuzidagi har qanday nishonga bir necha daqiqada yetib bora oladigan zamonaviy qurollarning mavjudligining o‘zi — dahshat, kelishmovchilik va ishonchsizlik manbaidir.

Odamlar endi qurolsizlanish uchun barcha nizolar hal qilinishini kutishi kerak, deb ta’kidlamaydilar, chunki qurolsizlanish har qanday o‘zgarmas yechimning ajralmas qismi bo‘lishi shart. Shuningdek, odamlar endi qurolsizlanishga intilishni zaiflik belgisi deb da’vo qilolmaydilar, chunki tobora kuchayib borayotgan qurollanish poygasida davlatning qurol-yarog‘i ko‘paygani sari, uning xavfsizligi zaiflashib borishi mumkin.

O‘n besh yildirki, bu tashkilot qurollarni qisqartirish va yo‘q qilishga intilib kelmoqda. Endi bu maqsad shunchaki orzu emas, balki hayot-mamot masalasidir.

Qurolsizlanish bilan bog‘liq xavf-xatarlar cheklanmagan qurollanish poygasiga xos xavf-xatarlar oldida hech narsa emas.

Aynan shu ruhda yaqinda bo‘lib o‘tgan Belgrad konferensiyasi bu endi faqatgina Sovet yoki Amerikaning muammosi emas, balki butun insoniyat muammosi ekanini tan olib, “umumiy, to‘liq va qat’iy xalqaro nazorat ostidagi qurolsizlanish” dasturini ma’qulladi. Aynan shu ruhda biz AQShda bu yil yangicha qat’iyat bilan va Kongress tomonidan to‘liq tasdiqlangan yangi, endilikda qonuniy maqomga ega agentlik bilan birgalikda qurolsizlanish yondashuvini topish ustida ishladik: har bir xalq qabul qila oladigan darajada keng qamrovli, haqiqatga yaqin, o‘zaro muvozanatli va foydali bo‘lgan yondashuvni. Va aynan shu ruhda biz Sovet Ittifoqining roziligi bilan — har ikkala davlat ham qabul qilgan “umumiy va to‘liq qurolsizlanish” shiori ostida — muzokaralar uchun kelishilgan tamoyillarning yangi bayonotini taqdim etdik.

Lekin yaxshi bilamizki, prinsipial masalalarning hammasi ham hal qilinmagan va faqat prinsiplarning o‘zi yetarli emas. Shuning uchun biz Sovet Ittifoqini qurollanish poygasiga emas, balki tinchlik poygasiga chorlashni, toki umumiy va to‘liq qurolsizlanishga erishilmaguncha, birgalikda qadam-baqadam, bosqichma-bosqich olg‘a borishni maqsad qilganmiz. Biz endi ularni prinsipial kelishuvlar doirasidan chiqib, aniq rejalar bo‘yicha kelishuvga erishishga chaqiramiz.

Ushbu assambleyaga taqdim etiladigan dastur — samarali xalqaro nazorat ostida umumiy va to‘liq qurolsizlanish bo‘yicha — bosqichma-bosqich yondashuvni talab qiluvchilar bilan faqat yakuniy va to‘liq natija haqida gapiradiganlar o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etishga qaratilgan.

U urush mexanizmini yo‘q qilarkan, tinchlikni saqlash mexanizmini ham yaratadi. U hech bir davlatga boshqasiga nisbatan harbiy ustunlik bermaslikka qaratilgan muvozanatli va xavfsiz bosqichlar orqali amalga oshiriladi. U tekshiruv va nazorat bo‘yicha yakuniy mas’uliyatni faqatgina qudratli davlatlar, raqib yoki o‘z-o‘ziga emas, balki munosib joyga — BMT doirasidagi xalqaro tashkilotga yuklaydi. U qurolsizlanishning zaruriy sharti bo‘lmish haqiqiy tekshiruvni ta’minlaydi va uni qurolsizlanish bosqichiga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich qo‘llaydi. U qurollar bilan bir qatorda ularni yetkazib berish tizimlarini ham qamrab oladi. U pirovardida ularning ishlab chiqarilishi va sinovdan o‘tkazilishi, uzatilishi va ularga egalik qilinishiga chek qo‘yadi.

U Xalqaro qurolsizlanish tashkiloti kuzatuvi ostida, ichki tartibni saqlash va yangi BMT Tinchlik kuchlari uchun zarur bo‘lganidan tashqari barcha armiyalar va qurollar yo‘q qilinmaguncha, ham yadroviy, ham an’anaviy kuchlarning muttasil qisqarishiga erishadi. Va u bu jarayonni hozir, bugun, muzokaralar boshlanishi bilanoq boshlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, umumiy va to‘liq qurolsizlanish endi birinchi qadamlarga qarshi turish uchun ishlatiladigan shior bo‘lmasligi kerak. U ortiq erishish, qanday ilgarilayotganini tekshirish va tinchlikni saqlash vositalariga ega bo‘lmagan bir maqsad bo‘lib qolmasligi kerak. Endilikda bu haqiqatga yaqin reja va sinov — buni faqat so‘zda xohlaydiganlar uchun ham, amalda xohlaydiganlar uchun ham sinovdir.

Bunday reja bizga nizo va ochko‘zlikdan xoli dunyoni tuhfa qilmasligi mumkin, biroq ommaviy qirg‘in dahshatlaridan xoli dunyoni tuhfa qiladi. U superdavlatlar davrini boshlab bermasligi mumkin, lekin hech bir davlat boshqa davlatni yo‘q qila olmaydigan yoki boshqa davlat tomonidan yo‘q qilinmaydigan davrni boshlab beradi.

1945-yilda — boshqa davlatlar hatto bombaga ega bo‘lishidan yoki o‘z qo‘shinlarini demilitarizatsiya qilishidan oldin — bu davlat (AQSh nazarda tutilyapti, tahr.) atomni xalqarolashtirish uchun Baruh rejasini taklif qildi. Biz ittifoqchilarimiz bilan birga 1951-yildagi qurolsizlanish rejasini hali Koreyada urush olib borayotgan vaqtimizda taklif qildik. Bugungi takliflarimizni esa Berlin ustidan mudofaamizni mustahkamlayotgan bir paytda ilgari suryapmiz. Bu bizning beqarorligimiz, beg‘araz emasligimiz yoki qo‘rqib ketganimizni anglatmaydi, balki erkin insonlarning huquqlari ustun kelishini bilganimiz uchun, shuningdek, o‘z irodamizga qarshi qayta qurollanishga majbur bo‘lsak-da, Berlindan tashqaridagi barchamiz afzal ko‘radigan qurolsiz dunyoga ishonch bilan qarayotganimiz uchundir.

Shuning uchun men ushbu reja asosida qurolsizlanish to‘g‘risidagi muzokaralarni zudlik bilan qayta boshlashni hamda umumiy va to‘liq qurolsizlanishning butun bir dasturi nafaqat kelishilgunga qadar, balki amalda erishilgunga qadar uzluksiz davom ettirishni taklif qilaman.

Mantiqiy boshlanish nuqtasi — bu har qanday muhitda, samarali nazorat ostida har qanday turdagi yadroviy sinovlarni to‘xtatishni ta’minlaydigan shartnomadir. AQSh va Buyuk Britaniya ham oqilona, ham samarali va imzolashga tayyor bo‘lgan shunday shartnomani taklif qildi. Biz bugun ham ushbu shartnomani imzolashga tayyormiz.

Shuningdek, biz insoniyatni radioaktiv yog‘inlar zahridan qutqarish uchun atmosferada tekshiruvlarsiz yoki nazoratsiz sinovlarni o‘zaro taqiqlashni taklif qildik. Bu taklif qabul qilinmaganidan afsusdamiz.

15 yil davomida biz atomni urush emas, balki tinch taraqqiyot vositasiga aylantirishga intildik. Biroq 15 yil davomida bizning yon berishlarimizga to‘sqinliklar bilan, sabr-toqatimizga esa murosasizlik bilan javob qaytarildi.

Insoniyatning tinchlik haqidagi iltijolari esa e’tiborsiz qoldirildi.

Nihoyat, boshqalarning portlashlari osmonni bulut bilan qoplaganida, mamlakatimda o‘z manfaatlari va erkin dunyo xavfsizligi yo‘lida harakat qilishdan boshqa chora qolmadi. Boshqalar o‘z qurol-yarog‘larini takomillashtirayotgan bir paytda, sinovlardan o‘zimizni tiyib, ushbu xavfsizlikni xavf ostiga qo‘ya olmaymiz. Shuningdek, sinovlarni yana bir uzoq muddatli, tekshiruvsiz taqiqlash orqali xavfsizlikni tahdid ostiga qo‘ya olmaymiz.

Uch yil davomida ochiq jamiyatimizda tekshiruvlar bo‘yicha kelishuvga erishishga intilib, ushbu xatarlarni zimmamizga oldik. Biroq bu yil, biz Jenevada xolis niyatda muzokaralar olib borayotganimizda, boshqalar (Sovet Ittifoqi nazarda tutilyapti, tahr.) hufyona vayronkor yangi yadro sinovlariga hozirlik ko‘rayotgan edi.

Bizning sinovlarimiz atmosferani ifloslantirmayapti. Bizning tiyib turuvchi qurollarimiz tasodifiy portlash yoki foydalanishdan himoyalangan. Shifokorlarimiz va olimlarimiz har qanday davlatga atmosferadagi sinovlar inson salomatligi uchun muqarrar ravishda keltirib chiqaradigan xavflarni o‘lchash va ularga qarshi turishda yordam berishga tayyor.

Biroq bu dahshatli qurollarning tarqalishiga chek qo‘yish, havoning ifloslanishini to‘xtatish, kuchayib borayotgan yadroviy qurollanish poygasiga barham berish uchun biz kelishuvning yangi yo‘llarini izlashga tayyorligimizcha qolamiz.

Shuning uchun bizning yangi Qurolsizlanish dasturimiz quyidagi takliflarni o‘z ichiga oladi:

Birinchidan, barcha davlatlar tomonidan sinovlarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolash. Buni hozirning o‘zida qilish mumkin. Sinovlarni taqiqlash bo‘yicha muzokaralar umumiy qurolsizlanishni kutishi shart emas va kutmasligi kerak;

Ikkinchidan, qurollarda foydalanish uchun bo‘linuvchi materiallar ishlab chiqarishni to‘xtatish va ularni hozirda yadro quroliga ega bo‘lmagan har qanday davlatga berilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

Uchinchidan, yadro quroli ustidan nazoratni unga ega bo‘lmagan davlatlarga o‘tkazishni taqiqlash;

To‘rtinchidan, yadro qurollarining ochiq koinotda yangi jang maydonlarini yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik;

Beshinchidan, mavjud yadro qurollarini bosqichma-bosqich yo‘q qilish va ularning materiallarini tinch maqsadlarga yo‘naltirish;

Nihoyat, strategik yadro qurolini eltuvchi vositalarni cheksiz sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqarishni to‘xtatish hamda ularni ham bosqichma-bosqich yo‘q qilish.

Biroq, qurollarni yo‘q qilishning o‘zi yetarli emas. Biz yo‘q qilish bilan bir qatorda yaratishimiz ham kerak — butun dunyoda urush va qurollarni qonunga zid deb e’lon qilar ekanmiz, umumjahon qonuni va huquq-tartibotini yaratishimiz lozim.

Biz intilayotgan dunyoda shoshilinch ravishda tuzilgan, ta’minoti noaniq va yetarli darajada moliyalashtirilmagan BMTning Favqulodda kuchlari hech qachon yetarli bo‘lmaydi.

Shu sababli, AQSh barcha a’zo davlatlarga o‘z qurolli kuchlari tarkibidan BMT chaqirig‘iga doim shay turadigan, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, tezda harakatga kela oladigan hamda moliyaviy va moddiy-texnik ta’minoti oldindan hal qilingan maxsus tinchlikparvar bo‘linmalarni ajratishni tavsiya qiladi.

Bundan tashqari, Amerika delegatsiyasi xalqaro huquq ustuvorligini kengaytirish maqsadida — voqea joyining o‘zida faktlarni aniqlash, vositachilik qilish va sud orqali hal etish kabi nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha BMT mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan bir qator qadamlarni taklif qiladi. Chunki tinchlik faqatgina harbiy yoki texnik muammolardan iborat emas — u birinchi navbatda siyosat va insonlar masalasidir.

Insoniyat qurol-yarog‘ va texnologiyalar sohasidagi qadamlarini ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotdagi xuddi shunday qadamlar bilan muvofiqlashtirmas ekan, bizning ulkan kuchimiz, xuddi dinozavrlarniki kabi, to‘g‘ri nazorat qilib bo‘lmaydigan holatga keladi — va dinozavrlar kabi yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi.

Biz yer yuzida qonun ustuvorligini qanday o‘rnatayotgan bo‘lsak, uni insoniyatning yangi hududi — koinotga ham xuddi shunday tatbiq etishimiz kerak.

Hammamiz Sovet Ittifoqining dovyurak kosmonavtlariga hurmat bajo keltiramiz. Kosmik fazoning yangi ufqlari imperializm va suverenitet da’volarining eskirgan tushunchalari bilan boshqarilmasligi kerak. Koinotning sovuq sarhadlari yanada sovuqroq urushning yangi maydoniga aylanmasligi lozim.

Shu maqsadda biz BMT Xartiyasini insonning koinotni o‘rganish chegaralarigacha kengaytirish, kosmik fazoni faqat tinch maqsadlarda foydalanish uchun saqlab qolish, fazoda yoki osmon jismlarida ommaviy qirg‘in qurollarini taqiqlash hamda koinotning sir-asrorlari va afzalliklarini har bir xalq uchun ochib berish takliflarini ilgari suramiz.

Biz barcha davlatlar o‘rtasida ob-havoni bashorat qilish va oxir-oqibat uni nazorat qilish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik sa’y-harakatlarini taklif qilamiz. Nihoyat, biz butun dunyoni telegraf, telefon, radio va televideniye orqali bog‘laydigan sun’iy yo‘ldoshlarning global aloqa tizimini taklif etamiz. Tinchlik manfaatlari yo‘lida bunday tizim ushbu tashkilot majlislarini dunyoning barcha burchaklariga televideniye orqali namoyish etadigan kun ham uzoq bo‘lmasligi kerak.

Biroq koinotning sir-asrorlari bizning nigohimizni va kuch-g‘ayratimizni birodarlarimiz duch kelayotgan shafqatsiz voqeliklardan chalg‘itmasligi shart.

Qashshoqlik, savodsizlik va kasalliklarni yengish vositalarisiz siyosiy suverenitet — masxarabozlikdan boshqa narsa emas.

Kelajakka hech qanday umid yo‘q ekan, o‘z taqdirini o‘zi belgilash — quruq shiordan boshqa narsa emas.

Shu nuqtai nazardan, boshqalarga o‘zini o‘nglab olishida yordam berish uchun o‘z kapitali va texnologiyasini beminnat baham ko‘rgan mamlakatim endilikda 1960-yillarning ushbu o‘n yilligini BMTning Taraqqiyot o‘n yilligi deb rasman belgilashni taklif qilmoqda. Ushbu rezolyutsiya doirasida BMTning iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish borasida amaldagi sa’y-harakatlarini kengaytirish va muvofiqlashtirish mumkin.

Mintaqaviy tadqiqotlar va o‘quv institutlari endi ko‘plab iste’dodlarni birlashtira oladi. Yangi tadqiqotlar, texnik yordam va tajriba loyihalari kam taraqqiy etgan yerlar va foydalanilmayotgan suv manbalarining boyligini yuzaga chiqarishi mumkin.

Taraqqiyot raqobatli emas, balki hamkorlikka asoslangan faoliyatga aylanishi mumkin — bu barcha millatlarga, ularning tizimlari va e’tiqodlari qanchalik xilma-xil bo‘lmasin, nafaqat qonunda, balki amalda ham erkin va teng huquqli millatlarga aylanish imkonini beradi.

Mening mamlakatim erkin va teng huquqli davlatlar dunyosi tarafdori. Biz ushbu Assambleyada mustamlakachilik asosiy masala, degan fikrga qo‘shilamiz. Lekin ushbu masalaga oid barcha dalillar to‘liq muhokama qilinsin.

Bir tomondan, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri butun dunyo bo‘ylab mustaqillik e’lon qilinishi natijasida deyarli 1 milliard kishi va 9 million kvadrat mil (taxminan 23 million kv.km) hudud 42 ta erkin va mustaqil davlatga aylangani ayni haqiqat. Hozirgi kunda dunyo aholisining 2 foizdan kamrog‘i “qaram” hududlarda yashaydi.

Men hali ham ushbu organ oldida turgan an’anaviy mustamlakachilikning saqlanib qolayotgan muammolarini e’tibordan chetda qoldirmayman. Bu muammolar sabr-toqat, ezgu niyat va qat’iyat bilan hal qilinadi. Mening mamlakatim bunday masalalardagi mas’uliyatimiz doirasida millatlarning mustamlaka maqomidan teng huquqli sheriklikka tomon tinch va jadal o‘tishida shunchaki kuzatuvchi emas, balki ishtirokchi bo‘lishni maqsad qilgan. O‘z taqdirini o‘zi belgilashning bu qadar kuchli davom etayotgan to‘lqini bizning xayrixohligimiz va qo‘llab-quvvatlashimizga sazovor.

Ammo mustamlakachilikning eng shafqatsiz ko‘rinishlari faqatgina yangi millatlarning eskilar tomonidan, qora tanlilarning oq tanlilar tomonidan ekspluatatsiya qilinishi yoki kambag‘allarning boylarga bo‘ysundirilishidan iborat emas. Mening xalqim ham bir vaqtlar mustamlaka bo‘lgan va biz mustamlakachilik nima ekanini yaxshi bilamiz: bu — qit’asi, sinfi, tana rangidan qat’i nazar, boshqarilishga rozilik bermagan xalqlarni, kuchsizlarni kuchlilar tomonidan, ko‘pchilikni ozchilik tomonidan ekspluatatsiya qilish va bo‘ysundirishdir.

Shuning uchun ham o‘z taqdirini o‘zi belgilash to‘lqini kommunistik imperiyaga yetib bormaganini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. U yerda rasmiy ravishda “qaram” deb ataladiganidan ancha ko‘p bo‘lgan aholi erkin institutlar o‘rniga chet el qo‘shinlari tomonidan o‘rnatilgan hukumatlar ta’siri ostida, faqat bitta partiya va bitta e’tiqodni tan oladigan, erkin munozaralar, erkin saylovlar, erkin gazetalar, erkin kitoblar va erkin kasaba uyushmalarini bostiradigan, haqiqatni yaqinlashtirmaslik va o‘z fuqarolarini asirlikda saqlash uchun devor quradigan tizim ostida yashaydi.

Keling, mustamlakachilikni to‘liq muhokama qilaylik va erkin tanlov tamoyilini hamda erkin umumxalq saylovlari amaliyotini dunyoning har bir burchagida tatbiq qilaylik.

Nihoyat, AQSh prezidenti sifatida men ushbu Assambleyaga tinchlikka tahdid solayotgan ikkita xavf haqida xabar berishni o‘z burchim deb bilaman. Ular sizning tig‘iz kun tartibingizga kiritilmagan bo‘lsa-da, bizni va sizning ko‘pchiligingizni chuqur tashvishga soladi.

Men xabar bermoqchi bo‘lgan birinchi tahdid ko‘pincha noto‘g‘ri tushuniladi: bu Janubi-Sharqiy Osiyoda tutayotgan urush cho‘g‘laridir. Janubiy Vetnam allaqachon hujumga uchramoqda — ba’zan yakka qotil, ba’zan partizanlar guruhi, yaqinda esa butun boshli batalonlar tomonidan.

Birma, Kambodja va Hindistonning tinch chegaralari bir necha bor buzildi.

Laosning tinch xalqi esa yaqindagina qo‘lga kiritgan mustaqilligini yo‘qotish xavfi ostida qolmoqda.

Bularni hech kim “ozodlik urushlari” deb atay olmaydi. Zero, bular o‘z hukumatlari boshqaruvi ostida yashayotgan erkin mamlakatlardir. Odamlar jang maydonlarida o‘qqa tutilmay, o‘z uylarida pichoqlangani bu tajovuzlarning ahamiyatini zarracha pasaytirmaydi.

Jahon hamjamiyati oldida juda oddiy bir savol turibdi: kichik va zaif davlatlarni bunday taktikalardan himoya qilish choralarini ishlab chiqish mumkinmi? Chunki agar ular Laos va Janubiy Vetnamda muvaffaqiyatga erishsa, darvozalar lang ochiladi.

AQSh bu hududda o‘zi uchun hech qanday baza, hudud yoki biron-bir alohida pozitsiyani ko‘zlamaydi. Biz xalqi tashqi aralashuvlardan xoli bo‘lgan, o‘zaro va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashaydigan, hududidan boshqalarga hujum qilish uchun foydalanilmasligiga ishonch hosil qilgan hamda (janob Xrushchyov bilan Venada kelishib olganimizdek) Kambodja va Birmanikiga qiyoslash mumkin bo‘lgan hukumat boshqaruvidagi chinakam betaraf va mustaqil Laosni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biroq hozir Laos bo‘yicha muzokaralar hal qiluvchi bosqichga yetib kelmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish borasidagi holat o‘ta qaltis. Yomg‘irlar mavsumi o‘z nihoyasiga yetyapti. Laos hududidan Janubiy Vetnamga suqilib kirish uchun foydalanilmoqda.

Jahon hamjamiyati — va barcha daxldor tomonlar — Laos tinchligi va erkinligiga bo‘lgan ushbu kuchli tahdid ularning o‘zlariga qaratilgan boshqa barcha tahdidlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini tan olishi shart.

Ikkinchidan, men sizga Germaniya va Berlin atrofidagi inqiroz to‘g‘risida ma’lum qilmoqchiman. Hozir keskin ohangda gapirishning o‘rni va mavridi emas, lekin jahon hamjamiyati biz ko‘rib turgan juda oddiy masalalarni bilishga haqli. Agar inqiroz mavjud bo‘lsa, bu mavjud tinchlik xavf ostida qolgani, erkin odamlarning mavjud oroli bosim ostida qolgani, tantanali kelishuvlarga beparvo munosabatda bo‘linayotgani uchun.

O‘rnatilgan xalqaro huquqlar bir tomonlama tortib olinish xavfi ostida qolmoqda.

Tinch qatnov tikanli simlar va beton bloklar bilan to‘xtatib qo‘yilgan.

Pushkinning “Boris Godunov” asaridagi podshoning buyrug‘i yodga tushadi: “Shu soatning o‘zidayoq chegaralarimizni to‘siqlar bilan o‘rash choralarini ko‘ring… Chegaradan bironta ham jonzot o‘tmasin, quyon yugurmasin, qarg‘a uchmasin”.

Sovet Ittifoqi va Sharqiy Germaniya o‘rtasida “tinchlik shartnomasi” deb atalmish bitim imzolanishiga to‘sqinlik qilish uchungina urush bilan tahdid qilayotgan ekanmiz — ahmoqona da’vo. Sovetlarning o‘z qo‘shinlari tomonidan bosib olingan va o‘z agentlari tomonidan boshqariladigan hududda o‘zlari yaratgan rejim bilan qandaydir qog‘ozdagi kelishuvni tuzish istagi G‘arbiy ittifoqchilarni qiziqtirmaydi. Bunday harakatlarning hech biri bizning huquqlarimizga ham, majburiyatlarimizga ham ta’sir qila olmaydi.

Agar Berlinda xavfli inqiroz mavjud bo‘lsa — haqiqatan ham shunday — bu G‘arb davlatlarining hayotiy manfaatlari va jiddiy majburiyatlariga, shuningdek, G‘arbiy Berlin erkinligiga qarshi qilinayotgan tahdidlar tufaylidir. Biz bu manfaatlardan voz kecha olmaymiz. Biz bu majburiyatlarni bajarmasligimiz mumkin emas. Biz o‘zimiz mas’ul bo‘lgan bu insonlarning erkinligini qo‘ldan chiqara olmaymiz.

Tinchlikni yo‘qqa chiqaradigan shartlarni o‘z ichiga olgan “tinchlik shartnomasi” soxtalik bo‘lardi. Haqiqatan ham erkin bo‘lmagan “erkin shahar” erkinlikni bo‘g‘ish va sharmandalik bo‘lardi. Shahar yoki xalq haqiqatan ham erkin bo‘lishi uchun ular iqtisodiy, siyosiy yoki politsiya bosimisiz o‘z tanlovini amalga oshirish va o‘z hayotini o‘zi kechirishdek kafolatlangan huquqqa ega bo‘lishi kerak.

Va avval ham ko‘p marta aytganimdek, agar kimdir G‘arbiy Berlin xalqi bizning bu yerda bo‘lishimizni qanchalik xohlayotganiga shubha qilsa, biz bu masalani butun Berlinda va, iloji bo‘lsa, butun nemis xalqi o‘rtasida erkin ovozga qo‘yishga tayyormiz.

Bu inqirozga oid eng oddiy haqiqat shundaki, unga hech qanday zarurat yo‘q. Tinch yo‘l bilan hal etishning asosiy vositalarini Xartiyadan topish mumkin. Uning qoidalariga ko‘ra, kelishuvlar, agar ularni tuzgan barcha tomonlar o‘zgartirmasa, bajarilishi shart.

Belgilangan huquqlarga rioya qilinishi kerak. Xalqlarning siyosiy taqdiri ularning erkin umumxalq saylovlari yoki erkin saylovlarda erkin ifoda etilgan o‘z xohish-irodasiga asoslanishi lozim. Agar huquqiy muammolar mavjud bo‘lsa, ularni qonuniy yo‘llar bilan hal qilish mumkin. Agar kuch ishlatish tahdidi bo‘lsa, u rad etilishi shart. Agar o‘zgarishlarga xohish bo‘lsa, bu muzokaralar mavzusiga aylanishi kerak, agar muzokaralar olib borilsa, ular o‘zaro hurmat va boshqalarning huquqlarini e’tiborga olishga asoslanishi shart.

G‘arb davlatlari qanday vositalar qo‘llashga majbur bo‘lishmasin, o‘z majburiyatlarini, G‘arbiy Berlinning erkin fuqarolari bilan aloqalarini va bu fuqarolarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini vazminlik bilan himoya qilishga qaror qildilar. Bu avlod achchiq tajribasidan shuni anglab yetdiki, tahdid qilish ham, tahdidlarga bo‘ysunish ham faqat urushga olib kelishi mumkin.

Ammo qat’iyat va aql-idrok mening mamlakatim chuqur ishonadigan tinchlik yo‘lidagi yechimga olib keladi.

Biz hech qanday qat’iy qolipga bog‘lanib qolmaganmiz. Biz hech qanday mukammal yechimni ko‘rmayapmiz. Bu bizga qanchalik oqilona bo‘lmagan siyosatdek tuyulmasin, qo‘shinlar va tanklar xalqni uning xohish-irodasiga qarshi bir muddat bo‘lingan holda ushlab turishi mumkinligini tan olamiz.

Biroq biz G‘arbiy Berlinning erkinligini hamda ittifoqchilarning u yerda bo‘lishi va kirish huquqini himoya qiladigan, shu bilan birga, Yevropa xavfsizligini ta’minlashda boshqalarning tarixiy va qonuniy manfaatlarini tan oladigan tinchlik kelishuviga erishish mumkinligiga ishonamiz.

Hozirda muzokara o‘tkazish imkoniyatlari o‘rganilmoqda; uning istiqbollari qanday bo‘lishi haqida xabar berishga hali erta. O‘z navbatida, biz vaqti kelganda yechim topilgani haqida xabar berishdan mamnun bo‘lamiz. Zero, Berlin masalasida tinchlikka tahdid soladigan inqirozga hojat yo‘q — va agar bu inqirozni keltirib chiqarganlar tinchlikni istasalar, Berlinda tinchlik va erkinlik bo‘ladi.

Kelgusi o‘n oydagi voqealar va qarorlar insoniyatning keyingi o‘n ming yillik taqdirini hal qilishi hech gap emas. Bu voqealardan qochib qutulib bo‘lmaydi. Bu qarorlar ustidan shikoyat qilib bo‘lmaydi.

Va bu zalda o‘tirgan biz, yo bu sayyorani yonayotgan dafn gulxaniga aylantirgan avlodning bir qismi sifatida, yoki “keyingi avlodlarni urush balosidan qutqarish” qasamyodini bajargan avlod sifatida esga olinamiz.

Ana shu qasamyodni bajarish yo‘lida men o‘z mamlakatimning barcha imkoniyatlarini ishga solishga ont ichaman. Sizga shuni va’da qilamanki, biz hech qachon tajovuz qilmaymiz va gijgijlamaymiz, qochmaymiz va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaymiz, hech qachon qo‘rquv tufayli muzokaraga kirishmaymiz hamda muzokara olib borishdan hech qachon qo‘rqmaymiz.

Terror — yangi qurol emas.

Tarix davomida undan ishontirishga yoki shaxsiy namuna bilan ustunlikka erisha olmaganlar foydalanib kelishgan. Ammo ular muqarrar ravishda mag‘lubiyatga uchraydilar, chunki insonlar yashashga arziydigan hayot uchun o‘limdan qo‘rqmaydilar, yoki terrorchilarning o‘zlari ham erkin insonlarni tahdidlar bilan qo‘rqitib bo‘lmasligini va har qanday tajovuz o‘zining munosib javobini olishini tushunib yetadilar.

Va aynan shu tarix nuqtai nazaridan bugungi kunda har bir millat, xoh u do‘st, xoh dushman bo‘lsin, AQShda erkin insonlar bilan bir qatorda o‘z mas’uliyatlarini himoya qilish uchun ham iroda, ham qurol-yarog‘ borligini bilishi kerak.

Ammo men bugun bu yerga tahdidlarga to‘la bu dunyo osha tinchlik dunyosiga nazar tashlash uchun keldim. Bu izlanishlarda biz hech qanday yakuniy g‘alabani kuta olmaymiz, chunki har doim yangi muammolar paydo bo‘ladi.

Biz barcha millatlar bir xil tizimlarni qabul qilishini kuta olmaymiz, chunki bir xillik — taraqqiyotning dushmani, u erkinlikni bo‘g‘adi. Shuningdek, biz o‘z maqsadimizga hiyla-nayrang, farmon yoki hatto barchaning xohish-istagi bilan ham erisha olmaymiz.

Shunga qaramay, ba’zan o‘sha qorong‘u va so‘nggi jarlikka qanchalik yaqin ko‘rinmaylik, tinchlik va ozodlik tarafdori bo‘lgan hech bir inson umidsizlikka tushmasin. Chunki u yolg‘iz emas.

Agar barchamiz matonat ko‘rsata olsak, agar har bir mamlakat va har bir lavozimda o‘z chegaralarimiz va intilishlarimizdan tashqariga qaray olsak, u holda, albatta, kuchlilar adolatli, zaiflar xavfsiz bo‘ladigan va tinchlik barqaror saqlanib qoladigan davr keladi.

Ushbu Assambleyada yig‘ilgan xonimlar va janoblar, qaror qilish bizning qo‘limizda. Dunyo xalqlarining yo‘qotadigan yoki qo‘lga kiritadigan narsasi hech qachon bunchalik ko‘p bo‘lmagan.

Birgalikda sayyoramizni qutqaramiz yoki uning gulxanida birgalikda halok bo‘lamiz.

Biz uni qutqara olamiz — va qutqarishimiz shart — shundagina biz insoniyatning abadiy minnatdorligiga va tinchlikparvarlar sifatida Xudoning abadiy marhamatiga sazovor bo‘lamiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.