Tarixiy debyutdan so‘ng “Byornli” Satpayev haqida post e’lon qildi

Tarixiy debyutdan so‘ng “Byornli” Satpayev haqida post e’lon qildi
Angliyaning “Byornli” futbol klubi o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida Qozog‘iston terma jamoasi hujumchisi Dastan Satpayevning jamoa safidagi ilk o‘yinidan so‘ng unga bag‘ishlab post joylashtirdi.
Klub xabarida shunday deyiladi: “Dastan Satpayev ‘Byornli’ safida to‘p tepgan birinchi qozog‘istonlik futbolchiga aylandi”.
Eslatib o‘tamiz, Satpayev “Chelsi”dan “Byornli”ga ijara shartnomasi asosida o‘tgan edi. 18 yoshli qozog‘istonlik futbolchi yangi jamoasi tarkibida debyutini o‘tkazdi. U Angliyaning ikkinchi darajali ligasi bo‘lmish Chempionship doirasida “Vest Bromvich Albion”ga qarshi kechgan o‘yinda (1:3) zaxiradan maydonga tushdi.
Ma’lumot uchun, “Byornli” 2025/2026-yilgi Angliya Premyer Ligasi mavsumini 19-o‘rinda, ya’ni turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasidan bir pog‘ona yuqorida yakunlab, yuqori divizionni tark etgan va Chempionshipga tushib ketgan.
Avval “Qayrat” safida to‘p tepgan Satpayev joriy yil yozda “Chelsi” safiga qo‘shilgandi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 3,5 million yevroni tashkil etadi.
“Chelsi” Satpayevni 2025-yil yanvar oyida “Qayrat”dan 4,3 million yevroga sotib olgan edi. Qozog‘istonlik hujumchi London klubi safida “Vestern Sidney” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib, ilk golini kiritgan.

