Tarixdagi ilk tinchlik shartnomasi: Turkiyada 3200 yillik tinchlik bitimi parchasi topildi

Tarixdagi ilk tinchlik shartnomasi: Turkiyada 3200 yillik tinchlik bitimi parchasi topildi
Turkiyaning Chorum viloyatidagi Xattusha qadimiy shahrida tarixdagi ilk yozma tinchlik shartnomasi — “Kadesh bitimi”ga oid 3200 yillik toshlavha parchasi aniqlandi. Bu haqda madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuriy Ersoy 21-sentyabr — Xalqaro tinchlik kunida ma’lum qildi.
Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, mixxat yozuvi tushirilgan ushbu parcha Xett qiroli Xattusili III va Misr fir’avni Ramzes II o‘rtasida tuzilgan “Kadesh bitimi”ning akkad tilidagi nusxalaridan biriga tegishli. Lavha qirollik saroyi joylashgan hududdan topilgan.
Parchada ikki davlat o‘rtasida qochib yurgan shaxslar taqdirini tartibga soluvchi qoidalar qayd etilgan. Jumladan, Misrdan xett yerlariga yoki aksincha qochganlarni qaytarish hamda odamlarning uylari vayron qilinishining oldini olish shartlari bayon qilingan.
Shu bilan birga, olimlar bu qoidalarni zamonaviy ma’nodagi “qochqinlar huquqi” deb atash noto‘g‘ri ekanini, ular ikki hukmdor o‘rtasidagi o‘zaro diplomatik majburiyatlar bo‘lganini ta’kidlamoqda.
“Kadesh bitimi” Misr va Xett imperiyasi o‘rtasida Sharqiy O‘rta Yer dengizi, xususan, hozirgi Suriya hududlari uchun davom etgan uzoq yillik kurash natijasida tuzilgan. Miloddan avvalgi 1274-yilda Ramzes II boshchiligidagi Misr armiyasi Kadesh yaqinida xettlar bilan jang qilgan, biroq hech bir tomon g‘alaba qozona olmagan.
Oradan 15 yil o‘tib, miloddan avvalgi 1259-yil atrofida Ramzes II va Xattusili III (keyingi hukmdor) o‘rtasida rasmiy tinchlik shartnomasi imzolangan.
Shartnomaning asl diplomatik hujjatlari kumush taxtachalarga yozilgan bo‘lsa-da, ular hozirgacha saqlanib qolmagan. Biroq uning matni ikki sivilizatsiya yozuvlari orqali yetib kelgan:
Misr nusxasi ibodatxona devorlariga iyerogliflar bilan o‘yib yozilgan.
Xett arxividan esa o‘sha davrning xalqaro tili bo‘lgan akkad tilida loy taxtachalarga yozilgan nusxalar topilgan.
Shartnomaning ilk parchalari 1906–1912-yillarda Xattushada olib borilgan qazishmalar chog‘ida topilgan edi. Bugungi kunda uning qismlari Istanbul, Anqara, Berlin, Sankt Peterburg muzeylarida saqlanadi. Shuningdek, “Kadesh bitimi”ning nusxasi xalqaro diplomatiyaning ramzi sifatida BMTning Nyu Yorkdagi qarorgohida ham namoyish etilmoqda.

