Tariflarning oshishi Oʻzbekiston aholisini elektr energiyasi va gazni tejashga undadi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Tariflar oshirilganidan keyin Oʻzbekiston aholisi energiya resurslarini tejab sarflay boshladi, dedi iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshed Mustafayev. Uning maʼlumotlariga koʻra, 2023−2025 yillarda bir abonentga elektr energiyasining oʻrtacha oylik isteʼmoli 13 foizga, gaz isteʼmoli esa 21 foizga kamaygan.

Tariflarning oshishi Oʻzbekiston aholisini elektr energiyasi va gazni tejashga majbur qildi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Oʻzbekistonda bir abonentga toʻgʻri keladigan energoresurslarning oʻrtacha oylik isteʼmoli tariflar oshganidan keyin 2023–2025 yillarda kamaydi. Bu haqda 14 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshed Mustafayev maʼlum qildi.
Uning maʼlumotlariga koʻra, bir abonentning elektr energiyasi boʻyicha oʻrtacha oylik isteʼmoli 2023 yildagi 212 kVt·soatdan 2025 yilda 184 kVt·soatgacha kamaygan. Shu tariqa, kamayish 28 kVt·soatni yoki taxminan 13% ni tashkil etdi.
Xuddi shu davrda tabiiy gazning oʻrtacha oylik isteʼmoli bir abonentga 431 kub metrdan 342 kub metrgacha — 89 kub metrga yoki deyarli 21% ga qisqardi.
«Bu shuni anglatadiki, oʻz vaqtida oʻtkazilgan tarif islohotlari natijasida aholi buni asta-sekin anglab yetmoqda, tejamkorlik va energiya samaradorligiga oʻtmoqda. Odamlarda energoresurslarni isteʼmol qilish madaniyati shakllanmoqda. Biz buni juda ijobiy tendentsiya deb hisoblaymiz», — dedi Mustafayev.
Matbuot anjumanida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori oʻrinbosari Jamshid Abruyev ham avvalgi tarif subsidiyalash tizimidan aholini manzilli qoʻllab-quvvatlashga oʻtish sabablarini tushuntirib berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, islohotlar boshlanguniga qadar energoresurslar narxi va energetika korxonalarining xarajatlari oshib borganiga qaramay, aholi uchun tariflar bir necha yil davomida qayta koʻrib chiqilmagan. Oradagi farq, aslida, davlat byudjeti va korxonalarning oʻzi tomonidan qoplangan.
Abruyev koronavirus pandemiyasi va undan keyingi iqtisodiyotni tiklash davrida bunday yondashuv daromad darajasidan qatʼi nazar, siteʼmolchilarning barchasini qoʻllab-quvvatlashga imkon berganini taʼkidladi. Biroq, keyinchalik undan eng katta manfaatni energoresurslarni yuqori darajada isteʼmol qiladigan xonadonlar olayotgani ayon boʻldi.
«Iqtisodiyotni barqarorlashtirish davrida ushbu mexanizm orqali koʻproq isteʼmol qiladigan, daromadi yuqoriroq boʻlgan oilalar koʻproq yutar edi. Kam taʼminlangan oilalar esa, aksincha, undan kamroq manfaat koʻrar edi», — deya tushuntirdi direktor oʻrinbosari.
Misol tariqasida u abonentlar oʻrtasida elektr energiyasi isteʼmolining taqsimlanishini keltirdi.
«Elektr energiyasini 200 kVt·soatdan ortiq isteʼmol qiladigan abonentlar umumiy sonning 30% ini tashkil etadi. Shu bilan birga, ularning hissasiga jami isteʼmol qilinadigan elektr energiyasining 71% i toʻgʻri keladi. Maʼlum boʻlishicha, ilgari koʻproq subsidiyalar yuqori daromadli aholiga yoʻnaltirilgan», — dedi Abruyev.
Uning soʻzlariga koʻra, aynan shu sababli hokimiyat organlari tabaqalashtirilgan tariflarga va ehtiyojmand oilalarning xarajatlarini manzilli kompensatsiya qilishga bosqichma-bosqich oʻtishga qaror qildi.
Xususan, kam taʼminlangan xonadonlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning qoʻshimcha hajmlari uchun bazis va oshirilgan tariflar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish mexanizmi amal qilmoqda.
Direktor oʻrinbosari maʼlum qilganidek, bir yarim yil ichida 470 mingga yaqin oila ushbu yordamdan foydalandi. Kompensatsiyalarga 156 mlrd soʻm yoʻnaltirildi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 1 maydan Oʻzbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gazni isteʼmol qilishning bazis normalari, shuningdek, resurslardan foydalanish hajmiga bogʻliq boʻlgan tabaqalashtirilgan tariflar joriy etildi.
Elektr energiyasi uchun bazis norma oyiga 200 kVt·soatni tashkil etdi. Tabiiy gaz uchun — isitish mavsumida 500 kub metr va qolgan oylarda 100 kub metr.
2026 yil 1 iyundan tariflar yana qayta koʻrib chiqildi. Koʻpchilik maishiy isteʼmolchilar uchun dastlabki 200 kVt·soat doirasida elektr energiyasi qiymati 1 kVt·soat uchun 650 soʻmni tashkil etadi. 201 dan 500 kVt·soatgacha boʻlgan hajm uchun 1 kVt·soatga 900 soʻmdan toʻlanadi.
Tabiiy gazning bazis norma doirasidagi qiymati bir kub metr uchun 1100 soʻmni tashkil etadi.

