Tanzila Norboyeva Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida Oʻzbekistonning parlament tajribasini taqdim etdi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Tanzaniyada oʻtayotgan Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida Oʻzbekistonning nogironligi boʻlgan ayollar va qizlarni zoʻravonlikdan himoya qilish, ularga taʼlim va mehnatda teng sharoit yaratish boʻyicha tajribasini taqdim etdi.

Tanzila Norboyeva Parlamentlararo Ittifoq assambleyasida Oʻzbekistonning parlament tajribasini taqdim etdi
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 153-assambleyasi boʻlib oʻtmoqda. Tadbirda 180 dan ortiq mamlakatdan kelgan qariyb 2 ming nafar parlament spikerlari, deputatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi ham ushbu anjumanda faol qatnashmoqda.
Assambleyaning bosh mavzusi — inklyuzivlik, ishonch va barcha uchun teng imkoniyatlar asosida samarali boshqaruvni rivojlantirish. Majlislarda inson huquqlari, sunʼiy intellekt, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari hamda terrorizmga qarshi kurash kabi masalalar muhokama qilinmoqda.
Assambleya doirasida Parlament ayol aʼzolari forumi ham tashkil etildi. Unda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash va ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan rezolyutsiya loyihasi koʻrib chiqildi.
Tanzila Norboyeva Oʻzbekistonning nogironligi boʻlgan ayollar va qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni zoʻravonlikdan asrash, taʼlim va mehnat uchun teng sharoit yaratish borasidagi tajribasini taqdim etdi.
Oʻzbekiston tomoni rezolyutsiya loyihasiga bir qator takliflarni ham ilgari surdi. Jumladan, qonun loyihalarini nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlari nuqtai nazaridan majburiy ekspertizadan oʻtkazish, nogironligi boʻlgan ayollar va qizlar duch kelayotgan muammolarni alohida baholash hamda qarorlar qabul qilish jarayoniga ularni bevosita jalb etish taklif qilindi.
Shuningdek, qabul qilingan qonunlarning ijrosini parlament tomonidan muntazam nazorat qilish va bu jarayonga nogironligi boʻlgan shaxslar hamda ularning manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni kengroq jalb etish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston delegatsiyasi bildirgan takliflar rezolyutsiyani keyingi muhokama qilishda inobatga olinishi kutilmoqda.
Assambleyaning umumiy debatlarida davlat institutlariga ishonchni oshirish, fuqarolarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish va parlamentlarning aholi hayotidagi amaliy rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Senat Raisi Oʻzbekistonda ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy siyosatning huquqiy asoslarini mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosati ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi tajriba ham taqdim etildi.
Oʻzbekiston tomoni qonun loyihalarini ishlab chiqishda jamoatchilik va mahalliy vakillik organlari fikrini hisobga olish, davlat dasturlari va byudjetlarni teng imkoniyatlar nuqtai nazaridan baholash hamda parlament nazoratini qarorlarning aholi hayotidagi real natijalariga yoʻnaltirishni taklif qildi.

