Tanlab olingan maktablarda tennis seksiyalari tashkil etiladi
2027-yil 1-yanvardan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida Juniors Tennis Initiative dasturi joriy etiladi. Uning doirasida 1–4-sinf oʻquvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantiruvchi boshlangʻich mashgʻulotlar tashkil qilinadi.

Tanlab olingan maktablarda tennis seksiyalari yoʻlga qoʻyiladi
Prezidentning tennisni ommalashtirish va rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq, oʻquvchilarning qiziqishi hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, tennis rivojlantiriladigan maktablar tanlab olinadi.
Mazkur maktablarda tennis boʻyicha sport seksiyalari tashkil etiladi. Ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi mablagʻlari hisobidan sport inventarlari, jumladan, tennis wall - tennis mashgʻulotlari uchun devor moslamalari bilan jihozlanadi.
Mashgʻulotlarni maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar olib boradi.
Qaror bilan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari gʻoliblari, sovrindorlari hamda ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari miqdorlariga ham oʻzgartirish kiritildi.
Sportchilar uchun mukofotlar quyidagicha belgilandi:
- oltin medal uchun - 25 000 AQSH dollari;
- kumush medal uchun - 12 500 AQSH dollari;
- bronza medal uchun - 6 250 AQSH dollari.
Gʻolib va sovrindor sportchilarni tayyorlagan trenerlarga esa quyidagi miqdorlarda mukofot beriladi:
- oltin medal uchun - 10 000 AQSH dollari;
- kumush medal uchun - 5 000 AQSH dollari;
- bronza medal uchun - 2 500 AQSH dollari.
Tegishli oʻzgartirishlar prezidentning 2023-yil 7-apreldagi PQ–114-son qarori 7-ilovasining 9- va 10-bandlariga kiritilgan.

