Mahalliy

“Tan olaman bor moddangni, faqat otamni tinch qo‘y, iltimos. Uning aybi — meni o‘qitgani xolos”. “Qo‘rqma” spektaklidan reportaj

'Millat' teatrida 'Qo‘rqma' spektakli namoyish etilmoqda. 1920-yillarda Germaniyaga o‘qishga yuborilib, so‘ng qatag‘onga uchragan Turkiston yoshlari fojiasiga bag‘ishlangan ushbu saundrama turli ramzlar va metaforalar orqali tarixning og‘riqli mavzusiga yangicha yondashishga harakat qiladi.

“Tan olaman bor moddangni, faqat otamni tinch qo‘y, iltimos. Uning aybi — meni o‘qitgani xolos”. “Qo‘rqma” spektaklidan reportaj

13 cyentyabrdan Toshkentdagi Qatortol ko‘chasida joylashgan “Millat” teatrida “Qo‘rqma” spektaklining namoyishi boshlandi.

1922-yilda jadidchilik harakati namoyondalari 70 dan ortiq Turkiston yoshlarini Germaniyaga o‘qishga yuboradi. Talabalarning hammasi ham badavlat oiladan bo‘lmagani sabab jadidlarning o‘zi hamda vatandagi boylar ularga moddiy yordam yuborib turadi. Bundan tashqari, Sovet hukumati ham oz miqdorda stipendiya ajratadi.

1924-yilda Sovet hukumati Turkiston yigit-qizlarining Germaniyada tahsil olishini katta xavf deb bilib, ularni ortga qaytarmoqchi bo‘ladi. Ular bunga rozi bo‘lmagach, ta’minotdan mahrum qilishni boshlaydi. 1928-yilda ular stipendiyadan butunlay mahrum qilinadi. Bosimlardan holdan toygan bir guruh talabalar yurtga qaytadi va 1938-yilgi “qatag‘on mashinasi” qurboniga aylanib, otib tashlanadi.

2020-yilda yozuvchi Javlon Jovliyevning ana shu qayg‘uli voqealarni qamrab olgan “Qo‘rqma” romani chop etildi. Kitob bir necha yil davomida adabiy muhit va kitobxonlar orasida turli, hatto qarama-qarshi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, u “Tahsin”, “Oltin qalam” milliy mukofotlariga munosib ko‘rildi.

Spektakl aynan shu roman asosida sahnalashtirilgan. U butun romanni qamrab olmay, asosan yoshlarga nisbatan zulm, xoinlik va qatag‘on fojiasini ko‘rsatadi.

Spektakl boshidan oxirigacha mikrofonsiz, to‘liq jonli ijro etiladi.

60 dan ortiq tomoshabin mitti o‘rindiqlardan joy oldi. Teatr kengligi bo‘ylab yoyilgan sahnada aktyorlar allaqachon ijroga tayyor turardi. “Tan olaman bor moddangni, faqat otamni tinch qo‘y, iltimos. Uning aybi — meni o‘qitgani xolos”, degan qizning iltijosi bilan spektakl boshlanadi.

Sahnada bugungi zamonaviy yoshlar va Olmoniyaga yuborilgan talabalar hayoti parallel tarzda jonlanadi.

Og‘riqli, millatni qiynaydigan fojiali sahnalarni aktyorlar yengil yumor va satira orqali yetkazishga urinadi. “Tarixiy voqeaning o‘zi odamni ezib qo‘yadi. Tomoshabinga g‘oya osonroq kirib borishi uchun shunday yechim qilganmiz”, — deydi spektakl badiiy rahbari O‘lmas Temur.

Dastlab pul, kredit haqidagi dialoglar tomoshabinga o‘z maishiy hayotini eslatadi. Teatrda sahna asari qo‘yilsa, ko‘p pul yig‘ilishini kutgan talabaga boshqasi “Odamlarda pul yo‘q, ko‘pchilik ijarada turadi, bu yerda o‘tirgan har bir insonning ikkitadan krediti va bir olam tashvishi bor”, — deydi.

Olomon “tekin osh” deya bir-birini bosib ketayotgan sahnada Fitrat ularni g‘amgin nigoh bilan, jim kuzatib turadi. Bunda bugungi maishiy tashvishlar orasida ma’rifat, tarix va kelajak haqida o‘ylashga joy qolganmikan, degan savol yashiringandek.

Talabalarni Germaniyaga jo‘natishdan oldin Samarqandga olib borib, Amir Temur maqbarasi qoshida qasamyod qildirishadi. Yoshlar o‘z dil izhorlari bilan birga Samarqandga nisbatan ichki o‘kinchini ham bildiradi: “O, Samarqand! Dunyo beshigini tebratgan shahar. O, Samarqand — dunyoga ona bo‘lgan zamin! Samarqand qanchalar ulug‘vor va bir paytda shunchalar xor”.

Aynan shu sahnada Fitratning otilishi ko‘rsatiladi, biroq u spektakl oxirigacha rol ijro etishda davom etadi. Bu bilan Germaniyaga ketayotgan yoshlarni oldinda qanday taqdir kutayotganiga ishora qilingandek.

Keyingi sahnada “eshakqurtlar” obrazi paydo bo‘ladi. O‘simlik qoldiqlari va chiqindilar bilan oziqlanadigan bu hasharotlar jamiyatdagi muayyan toifaga o‘xshatiladi. “Ularni ko‘p ko‘raman, faqat birovlarning hisobiga yashashadi. Kafedralardan tortib, parlament binolarigacha bo‘lgan hududlarda o‘rmalab yurishadi. Vazirliklarda qorin va mo‘ylov bilan kerilib yurishadi. Boshqalarga xalal beradi, ishlagan vijdonli odamni tezroq infarkt qilib o‘ldirishni o‘ylaydi”.

“Chora — bu harakatdir, sening najoting kelajak uchun kurashishda” degan da’vat orqali esa illatlarni faqat harakat bilan yengish mumkinligiga ishora qilinadi.

Sovet hukumati Germaniyada ta’lim olayotgan talabalarning ichidagi gaplardan boxabar bo‘lib turish uchun ularning ichidan josus izlaydi. Buning uchun kimdir xoinlik qilishi kerak edi.

Xayriniso Majidxonova rolidagi qizni chaqirib, talabalarning ichki kayfiyatini nazorat qilish uchun pul evaziga hamkorlik taklif etadi. Qiz e’tiroz bildirganida, vakil uni turmaga tashlash bilan tahdid qiladi.

Qiz qiynoqlar va azoblardan keyin ham ko‘nmagach, otasini o‘rtaga qo‘yib tahdid qiladi. “Otang seni maxsus agent qilmoqchi bo‘lib chet elga yuborgan, o‘zi davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan” deya bir nechta moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yadi.

Oxir-oqibat, qiz chiday olmay, ularning barini tan oladi, otasining yagona aybi qizini o‘qitgani ekanini aytib, uni tinch qo‘yishini so‘rab yolvoradi. Biroq vakildan “Otangni allaqachon gum[don] qilishgan” degan javob keladi.

Umuman olganda, bu sahnada bir nechta o‘tkir metaforalardan foydalanilgan. Personaj bo‘yniga o‘ralgan parda sirtmoqqa, arg‘imchoq ustida turganda kursining tepib yuborilishi qatl jarayoniga ishora qiladi. Kiyimlardagi teshiklar talabalarning otilgani, qamalgani va surgun qilinganini bildirsa, asosiy vizual vosita bo‘lmish qizil rang — qon, sovet tuzumi va qatag‘on ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

Sahnada Xayriniso Majidxonovaning o‘zbek qizlari va onalariga murojaati yangraydi. “Qo‘rqoqni tug‘moq onalik emas. Ilmli mardlarning onasigina haqiqiy onadir. Bizda bir vaqtlar bunday ayollar serob edi”, — deydi u.

Bunga yigitlar nomidan achchiq iqror keladi. “Men qo‘rqoqman. Mehnat qilishdan va azoblanishdan qo‘rqaman. Vatanimga, nafsimni deb muhabbatimga xoinlik qilaman. Ishlamay tishlayman, o‘qimay institutga kiraman. Sevgiga munosib bo‘lmay sevaman. Bolani qanday tarbiya qilishni bilmay turib, xotin olaman va o‘limga arzimay o‘laman”.

Sahnadagi boshqa bir qahramon dunyoda rivojlanayotgan texnikaga ishora qilib, nega o‘z yurti bunday taraqqiyotga erisha olmaganidan afsuslanadi.

Spektaklning keyingi sahnasida Xayriniso hali dunyoga kelmagan farzandlari bilan muloqot qiladi. Tug‘ilmagan bolalar kelajak avlod nomidan bo‘lajak onasiga shart qo‘ya boshlaydi. Shartlar ham bugunimiz va ayni muammolarimizga tarsaki bo‘lib urilgandek.

— Meni sotib yubormaysizmi?

— Yo‘q, seni qonim bilan boqaman. Qonim tugasa, ruhim bilan.

— Meni tuqqaningizni, boqqaningizni minnat qilmaysizmi?

— Seni tuqqanim va boqqanim — cheksiz baxt hamda mehr.

— Erta turmushga berib yuboraman deb bolalikdan qo‘rqitib katta qilmaysizmi?

— Yo‘q, seni erkin va halol katta qilaman. O‘zing tanlov qila olishing uchun ilm olishingga ko‘maklashaman.

— Menga yig‘lashni o‘rgatasizmi?

— Yo‘q, onalar bolalarga faqat kulishni o‘rgatishadi. Yig‘lash kerak bo‘lgan vaqtda qanday kulishni o‘rgataman senga.

Suhbat oxirida bola onasidan uning qoni tozaligi, naslidan xoin o‘tmagan-o‘tmagani haqida so‘raydi. Ona esa bobosi xoin bo‘lgani haqida eski gap borligi, ammo bu yolg‘on bo‘lishi ham mumkinligini aytadi. Bunga javoban bolaning “Otamga yaqinlasha ko‘rmang, men sizdan tug‘ilishni istamayman!” degan hayqirig‘i yangraydi.

Bola hali tug‘ilmay turib, xoinning avlodi bo‘lishdan qo‘rqadi.

Teatrdagi issiqdanmi yoki jonli ijrodanmi, tomoshabinlarning peshonalaridan ter chiqa boshladi. Ayrimlar yelpig‘ichlari bilan o‘zlariga havo bera boshladi.

Keyin esa poyezd ovozi yangrab, talabalarning Berlindan Toshkentga qaytayotganiga ishora qilinadi. Ammo sahna bu qaytishni quvonchli uchrashuv emas, og‘ir fojia sifatida kutib oladi. Yoshlar boshlariga qizil stullarni kiyib to‘lg‘anadi. Xayriniso Majidxonova, Naim Po‘lat, Ahmad Shukuriy, Abdurauf Fitrat, Sattor Jabbor, Maryam Sultonmurodova, Abduvahob Murodiy — ismlar birin-ketin o‘qilib, har birining ortidan ramziy ma’noda o‘q uziladi.

O‘lim va og‘riqli sahnalar, ruhning tanani tark etishi odatiy to‘pponcha otish yoki baland o‘q ovozi bilan emas, balki bolalar o‘yinchog‘i bo‘lgan sovun pufakchalari orqali nozik tarzda ifodalanadi.

Sahna asari tarixiy voqealarni ketma-ketlikda izchil hikoya qilmaydi. Tomoshabin vaqt va makon almashinuvini turli tillardagi dialoglar, qo‘shiqlar, qichqiriq va e’lonlar orqali o‘zi mantiqan yig‘ib olishi kerak. Bu 1920-yillardagi voqealardan xabari bo‘lmagan odamga biroz og‘ir va tushunarsiz bo‘lishi mumkin.

“Qo‘rqma romanining yozilish tartibi an’anaviy qonuniyatlarga bo‘ysunmaydi. Javlon Jovliyevning badiiy uslubi ham noodatiy bo‘lib, syujet bir tekisda ketmaydi. Asarni sahnalashtirishda ham xuddi shunday yondashildi. Mumtoz sahna asarlaridek kirish, yetakchi xatti-harakat, kulminatsiya, tugun, yechim, xulosa berilmadi. Voqealar uzuq-yuluq bo‘lib, mantiqan bir-biriga bog‘lanmagan.

Bu mustaqil eksperimental teatrning tajriba spektakli.

Ya’ni an’anaviy teatrlarga xos emas”, — deydi O‘lmas Temur buni izohlar ekan.

Musiqiy yechimlarning ko‘pligi spektaklni jadidlar haqidagi boshqa asarlardan ajratib turadi. Biroq aynan shu o‘ziga xoslik ayrim tomoshabinlar uchun mazmunni qabul qilishni biroz qiyinlashtirishi mumkin.

“Biz ko‘pincha jadidlarni salla, chopon va mo‘ylovda, o‘yga botgan holda ko‘rishga o‘rganganmiz. Spektaklni ataylab jadidlarning monologlari bilan og‘irlashtirmadik. Maqsadimiz — tomoshabinni yana bir bor yig‘latish emasdi. „Millat“ teatri asosiy auditoriyasi sifatida zumer avlodni ko‘radi. Ular orasida teatr deganda zerikarli, qorong‘i va sovuq zalda ikki soat esnab o‘tirishni tushunadigan qatlam bor. Teatr unday emasligi va necha ming yildan beri o‘lmay kelayotganini yoshlarning o‘ziga, yashash tarziga yaqin shaklda ko‘rsatmoqchimiz”, — deydi O‘lmas Temur.

Spektaklda o‘zbek tili bilan bir qatorda ingliz, nemis va rus tillaridan ham foydalanilgan. “Bugungi yoshlar til o‘rganishga qiziqadi va kundalik hayotda ona tili qatori boshqa tillarda ham muloqot qiladi. Ularga tushunarli bo‘lishi, qiziqish va hayrat uyg‘otishi uchun ham shu yo‘lni tutdik”, — deb ta’kidlaydi teatr asoschisi.

Spektakl aynan yoshlarni markazga qo‘ygan holda bugungi talabalar nima uchun o‘qiyapti, degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Davomiyligi bir soatni tashkil etadigan sahna asari ustida yetti nafar ijodiy guruh a’zosi va o‘n nafar yosh aktyor ikki oy davomida ishlagan. Cyentyabr oyida 11 ta seans rejalashtirilgan bo‘lsa, chiptalar onlayn manzilga joylashtirilganidan ko‘p o‘tmay to‘liq sotilib ketgan. Oxirgi namoyish 27 cyentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

“2026-yil may oyida Madaniyat vazirligi tomonidan davlat buyurtmasi uchun xususiy teatr-studiyalar o‘rtasida ochiq tanlov e’lon qilindi. Unda 20 dan ortiq xususiy teatr va studiyalar o‘z sahna asarlari hamda hujjatlarini taqdim etdi. Ular orasida bizning „Qo‘rqma“ spektakli g‘olib deb topilib, vazirlik tomonidan davlat buyurtmasi sifatida 220 million so‘m mablag‘ ajratildi”, — deydi O‘lmas Temur.

Kelgusida asarni Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda universitet talabalariga namoyish etish hamda viloyat markazlarida seanslar tashkil qilish rejalashtirilgan.

O‘lmas Temur 2025-yil 14-fevral kuni prezidentning yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida yangi teatr tashkil etish taklifini ilgari suradi. 2025-yil 26-martda uch oy muddatda Yoshlar eksperimental teatr studiyasini tashkil etish bo‘yicha prezident farmoni imzolanib, uning ijrosi Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga yuklatiladi.

“Farmonning ijrosi masalasida vazirlik va hokimiyatga borganimda budjet ajratishga imkoniyatimiz yo‘q, deyishdi. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, o‘zim yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, 2026-yil 27-mart Xalqaro teatr kunida „Millat“ teatrini ochdim”, — deydi O‘lmas Temur.

Yangi teatr uch oy faoliyat olib borib, ijara pulini to‘lolmay bir muddat ishini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

“Keyin bilsak, bizga „imkonimiz yo‘q“ deb, „Yosh tomoshabinlar“ davlat teatrining ozgina joyini ta’mirlab, „teatr ochildi“ deb, farmonning ijrosini yopib yuborishgan ekan. Vazir Ozodbek Nazarbekovga chiqqanimda, vaziyatni surishtirib, ta’mirlangan teatrdan joy berishlari mumkinligini aytdi. Lekin teatr rahbariyati bizga ajratilgan qismni o‘zimizga moslashtirishga ruxsat bermadi va u yerni o‘z xohishimiz bilan tark etdik. Keyin mana shu Qatortoldagi joyni olib, faoliyatimizni qayta boshladik. Cyentyabr-dekabr oylaridagi ijara pulimizni Markaziy bank to‘lab berdi”, — deydi O‘lmas Temur.

Teatr shu kungacha “Kulgi akademiyasi” asari asosidagi “Julietta sotdi” bir pardali tragikomadiyasi, “Hakkala, dukkala, cho‘kala” she’riy spektakli hamda Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Osmonning oxiri” asarlarini sahnalashtirgan. “Qo‘rqma” saundramasi esa jamoaning to‘rtinchi sahna asari bo‘ldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.