Siyosat

Ta’lim — ayolning birinchi huquqi: bilimdan siyosiy ovozgacha

Qo‘lida qizil o‘n so‘mlik pul, ikki o‘rim sochi ko‘ylagidan uzun qiz qishloqning chang ko‘chalari bo‘ylab

**Ta’lim — ayolning asosiy huquqi: bilimdan siyosiy ishtirokgacha**

**Boshlanish nuqtasi...**

Qo‘lida qizil o‘n so‘mlik pul, ikki o‘rim sochi ko‘ylagidan uzun qiz qishloqning chang ko‘chalari bo‘ylab shoshilib ketmoqda edi. U Samarqand shahriga, institutga hujjat topshirish uchun yashirincha yo‘lga chiqqan. Ammo otasi va akalari uni yo‘ldan qaytarishdi. Qishloq soveti majlisida u otasi va akalariga isyon qilgan qiz sifatida muhokama qilinib, izza qilindi.

Sababi o‘sha paytlarda qiz bolaning o‘qishi shart emas, deb hisoblangan. Oilada besh nafar oliy ma’lumotli o‘g‘ilning orasidagi yagona qiz ana shu tarzda oliy ma’lumot olish huquqidan mahrum etildi.

Bu mening onamning hikoyasi. Lekin bu faqat o‘sha zamondagi bir ayolning taqdiri emas, balki qiz bolaga qanday munosabatda bo‘linganining kichik, ammo juda ta’sirli ko‘rinishi edi.

Ushbu voqea onamning butun umrlik armoni bo‘lib qoldi. Ammo ba’zi armonlar insonni sindirmaydi, aksincha, ular keyingi avlodlar taqdirini o‘zgartiradi. Onam oliy ma’lumotli bo‘la olmagani uchun bizga, uch qizga bir gapni qayta-qayta singdirdi: «O‘qishlaring shart».

Onamning birgina armoni tufayli nafaqat biz qizlar o‘qidik, balki kelinlar, nevaralar ham o‘zlari istagan kasb egasi bo‘lishdi.

**Ta’lim va huquqni anglash**

Ayolning ta’lim olishi uning barcha muammolarini birdaniga hal qilib qo‘ymaydi. Ammo ta’lim unga o‘z huquqlarini tanish, o‘z hayoti haqida fikrlash, o‘z nomidan qaror qabul qilish va qabul qilgan qarorining oqibati uchun mas’uliyatni zimmasiga olish imkonini beradi. Albatta, yurtimizda qaror qabul qila oladigan xotin-qizlarning ko‘payayotgani quvonarli. Bu fikrning amaliy ifodasini bugungi statistikada ham ko‘rish mumkin: Yangi o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan 409,7 ming talabaning 226,8 ming nafari, ya’ni 55,4 foizi xotin-qizlardir. Oliy ta’limda xotin-qizlar uchun bir qator imtiyoz va imkoniyatlar ham yaratilgan. Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun 2 mingta davlat granti ajratilishi, besh yillik mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumoti bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 500 ta kvota belgilanishi, «Zulfiya» mukofoti sovrindorlariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish imkoniyati shular jumlasidandir. Magistraturaga qabul qilingan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat tomonidan qoplash mexanizmi ham joriy qilingan.

**Ta’lim olish huquqi va mustaqillik**

Qiz bola ta’lim olish huquqini qo‘lga kiritdi, endi u bilimi va mehnatidan qanday foydalana oladi? Bu savol o‘z-o‘zidan xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi masalasiga olib keladi. Chunki ayolning daromad topishi uning o‘z hayoti haqida qaror qabul qilish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Shu bois bu yo‘nalishda ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘tgan yili xotin-qizlar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 23,5 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi, buning hisobidan 425 mingdan ortiq ayol tadbirkorlikka jalb qilindi. Joriy yilda esa 1,5 million nafar ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish ko‘zda tutilgan. Chunki qizlar faqat oliy ma’lumotli bo‘lish bilan cheklanmayapti, ular kasb egallayapti, ishlayapti, tadbirkorlik qilayapti, ilm-fan bilan shug‘ullanyapti va jamiyatning turli sohalarida o‘z o‘rnini topyapti.

Ammo endi yana bir savol paydo bo‘ladi: ayolning ovozi qaror qabul qilinadigan joygacha yetib borayaptimi?

**Ta’limdan siyosiy ovozgacha**

Ayolning ta’lim olishi uning hayotidagi birinchi katta eshikni ochsa, siyosiy ishtirok ana shu eshik ortidagi yana bir muhim bosqichdir.

Chunki jamiyatning buguni va ertasiga daxldor qarorlar qayerda qabul qilinadi, qonunlar qayerda muhokama qilinadi? Albatta, parlamentda, mahalliy kengashlarda, davlat boshqaruvida, siyosiy partiyalarda va boshqa qaror qabul qiluvchi tuzilmalarda.

Shuning uchun xotin-qizlarning bu maydonlardagi ishtiroki ularning jamiyatdagi o‘rnini belgilaydigan muhim mezonlardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, siyosiy partiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida 37 foizga, rahbar lavozimlarida 33 foizga yetgan. Qariyb 2 ming davlat va jamoat tashkilotiga ayollar rahbarlik qilmoqda. 2021-yilda parlamentdagi xotin-qizlar ulushi qariyb 32 foizga yetgan va O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilgan.

Bu raqamlar albatta muhim, ammo raqamlar ortidagi mazmun yanada muhimroq.

**Ayolning siyosatdagi ishtiroki nimani o‘zgartiradi?**

Ayolning siyosatdagi ishtiroki, avvalo, jamiyatda turli hayotiy tajribalar va qarashlar qaror qabul qilish jarayonida aks etishi uchun zarur. Ta’lim sohasidagi muammoni bilgan ayol ta’lim siyosati haqida gapirishi mumkin. Mehnat bozoridagi muammolarni ko‘rgan ayol bandlik masalasini ko‘tarishi mumkin. Oila va bolalar bilan bog‘liq muammolarni hayotidan bilgan ayol ijtimoiy siyosatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xotin-qizlar huquqlari haqida gapirganda yana bir muhim jihat bor: huquqning qonunlarda belgilanishi bilan uning hayotda amal qilishi bir xil narsa emas. Qonun ayolga ta’lim olish huquqini berishi mumkin, ammo u oilasida o‘qishga ruxsat ololmasa, bu huquq qog‘ozda qolib ketadi.

Qonun ayolga mehnat qilish huquqini berishi mumkin. Ammo ish topishda, munosib maosh olishda yoki rahbarlik lavozimiga ko‘tarilishda to‘siqlar bo‘lsa, huquqning amaldagi qiymati boshqacha bo‘ladi.

Qonun ayolga siyosiy ishtirok huquqini berishi mumkin, ammo uning fikri qaror qabul qilinadigan joyga yetib bormasa, vakillikning o‘zi yetarli emas.

Shuning uchun ayol huquqlari haqida gapirganda «ayollarga qanday huquqlar berildi?» deb emas, «bu huquqlar ayolning hayotini qay darajada o‘zgartirdi?» deb ham savol qo‘yish kerak.

**Ayol huquqlari va gender tenglik islohotlari**

Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli va institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

2026-yilgi xotin-qizlar bayrami 8-mart arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilganini ta’kidladi: «Biz yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratdik. Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar yaratildi. Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib birorta qonun qabul qilinmaydi.»

Davlat rahbarining bu so‘zlari mamlakatda qonunchilik amaliyoti tamomila yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Endilikda har bir me’yoriy-huquqiy hujjat majburiy ravishda gender ekspertizasidan o‘tkazilmoqda, bu esa ayollar manfaatiga zid bo‘lgan yoki ularning imkoniyatlarini cheklaydigan har qanday huquqiy bo‘shliqlarni oldindan bartaraf etishga xizmat qiladi. Mazkur mexanizm xotin-qizlarni nafaqat ijtimoiy himoya qilish, balki ularning biznes, ta’lim va davlat boshqaruvidagi ishtirokini huquqiy jihatdan kafolatlashga qaratilgan.

Amalga oshirilayotgan mazkur tub islohotlar va xotin-qizlarimiz hayotidagi o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning «Parlamentdagi ayollar» reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda qarorlar qabul qilish darajasida ayollar ulushi keskin oshganidan dalolat beradi. Shunga hamohang ravishda, mamlakatimiz «Gender tenglik va boshqaruv» indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi, bu esa davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar uchun yaratilgan teng imkoniyatlar natijasidir. Bundan tashqari, Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» hisobotida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi, bu esa ayollarning iqtisodiy erkinligi va tadbirkorlik sohasidagi huquqlari mustahkamlanganini xalqaro miqyosda tasdiqlaydi.

Bunday yuqori xalqaro e’tiroflar O‘zbekistonda gender siyosati shunchaki deklaratsiya emas, balki konkret natijalarga yo‘naltirilgan va barqaror amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohot ekanini yaqqol isbotlaydi.

**Ayolning siyosatda nega o‘rni bo‘lishi kerak?**

Bu savolga javob berishda yana xayolimizda o‘sha qiz paydo bo‘ladi. Qo‘lida o‘n so‘m bilan o‘qish uchun yo‘lga chiqqan qiz. Uning siyosatga kirish niyati bor edi, deb ayta olmaymiz. Uning qo‘lida siyosiy dastur ham yo‘q edi, u faqat o‘qishni istagan.

Ammo ba’zan katta o‘zgarishlarning boshlanishi uchun insonga siyosiy minbar emas, o‘z huquqini anglash kifoya qiladi.

Ta’lim olgan qiz o‘z hayotiga boshqacha qaraydi, imkoniyatlarini ko‘radi, fikrini bildirishga o‘rganadi, mehnatiga baho beradi. Jamiyatdagi muammolarga befarq bo‘lmaydi. Va shu jarayonda u faqat o‘z hayoti emas, atrofidagi muhit haqida ham qaror qabul qilishni boshlaydi. Shuning uchun ayolning siyosatdagi ishtiroki aslida siyosatdan ancha oldin boshlanadi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva joriy yil 23-iyunda qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash lozimligiga to‘xtalarkan:

«Qiz farzandining ilm olishiga ishongan minglab oilalar... O‘zi qiziqqan kasbni tanlayotgan minglab qizlar... Ular o‘qimoqda, izlanmoqda, bu qizlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi hamda shijoati kun sayin ortib bormoqda. Bilimli qiz nafaqat o‘z hayotini, balki oilasini, atrofidagi muhitni va butun mamlakat kelajagini o‘zgartirishga qodir», dedi.

Bu fikrni onamning hayoti bilan yonma-yon qo‘ysak, uning ma’nosi yanada chuqurlashadi. Onam o‘z hayotini ta’lim orqali o‘zgartira olmagan, ammo onamning kuchli xohishi qizlarining hayotini o‘zgartirdi.

Biz orqali esa bu ta’sir qizlarimizga o‘tdi. Demak, bilimli qiz haqiqatan ham faqat o‘zini emas, undan keyingi avlodni ham o‘zgartira oladi.

**Yo‘l hali tugamadi...**

Erishilgan natijalar bilan bir qatorda, sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham borligini ochiq tan olish lozim.

Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari kengayganiga qaramay, mehnat bozorida daromadlar o‘rtasidagi tafovut hali ham saqlanib qolmoqda. Xotin-qizlarning rahbarlik va siyosatdagi ishtiroki ortgan bo‘lsa-da, bu hali yetarli darajada emas. Qaror qabul qilinadigan har bir darajada ayollar ovozi eshitilishi zarur, shundagina huquqiy kafolatlar to‘liq kuchga kiradi.

Shu sababli, bugungi vazifa faqatgina «qizlarni o‘qitish» bilan cheklanmaydi. Eng muhimi bilim olgan qizga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yo‘l ochish, kasbli bo‘lgan ayolga munosib mehnat sharoiti yaratish, uning mehnatini qadrlash hamda jamoat hayotidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.

Chunki xotin-qizlar huquqlari haqida gap ketganda, asosiy maqsad ayolni kimgadir qarama-qarshi qo‘yish emas. Maqsad uning inson sifatidagi huquqlari to‘liq ta’minlangan, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va o‘z hayoti bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida jamiyatda munosib o‘rin egallashiga erishish.

Bir vaqtlar qiz bolaning o‘qishi shart emasdek ko‘rinardi. Bugun esa ta’lim — o‘z kelajagini erkin tanlash huquqining boshlanishiga aylandi. Bu yo‘lning keyingi manzili esa ayolning nafaqat o‘z hayoti, balki butun jamiyat taqdiriga daxldor qarorlar qabul qiladigan faol fuqaroga aylanishida namoyon bo‘ladi.

Vaqtida onamning orzu-istaklari cheklanganini, yo‘li boshidanoq to‘sib qo‘yilganini yaxshi bilaman. Ammo bugun biz o‘sha tugallanmay qolgan yo‘lni davom ettirmoqdamiz va bu ezgu manzil sari yana minglab qizlar ishonch bilan odimlamoqda.

Barno Sultonova

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.