Dunyo

Talabalar noroziligi toʻqnashuvlarga aylandi - Edi Rama lavozimidan ketmoqchi emas

Albaniya bosh vaziri Edi Rama olti kundan beri davom etayotgan namoyishlar fonida isteʼfoga chiqish talabini rad etdi. AFP maʼlumotiga koʻra, bir haftalik norozilik aksiyalarida 272 kishi, jumladan, 169 nafar politsiya xodimi jabrlangan.

Talabalar noroziligi toʻqnashuvlarga aylanib ketdi — Edi Rama isteʼfoga chiqmoqchi emas

Politsiya qatnashchilarga qarshi suv purkagichlar va koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.

Norozilik markazlaridan biri Taʼlim vazirligi binosi oldi edi. U yerdagi olomon tarqatilgach, namoyishchilar shahar markazining boshqa hududlariga koʻchgan va toʻqnashuvlar bir necha soat davom etgan.

AFP maʼlumotiga koʻra, ayrim qatnashchilar toshlar, yonuvchi aralashma solingan shishalar va pirotexnika uloqtirgan, chiqindi qutilarini yoqib yuborgan. Hukmron partiya qarorgohi derazalari sindirilgan, politsiya boʻlimi hamda Ichki ishlar vazirligi binosining kirish qismiga oʻt qoʻyilgan.

18-oktabrning oʻzida 28 kishi jarohatlangan. Ularning 19 nafari politsiya xodimlari boʻlgan.

Oʻsha kuni Edi Rama namoyishlar haqida xalqqa batafsil videomurojaat qildi. Bir soat 14 daqiqa davom etgan chiqishida u lavozimidan ketmasligini aytib, aksiyalar ortida «tashqi kuchlar» turganini daʼvo qildi. Bosh vazir Rossiya va Eronni tilga oldi.

Ramaning soʻzlariga koʻra, namoyishlar orasidagi talabalar ularga aloqasi boʻlmagan, niqob taqqan 200–300 kishilik kichik guruh taʼsiriga tushib qolgan. U bu shaxslarni tartibsizlik chiqarishga urinishda aybladi.

Vaziyat sabab Ramaning 19-oktabrga belgilangan Venaga safari va Avstriya kansleri Kristian Shtoker bilan muzokaralari bekor qilindi.

Namoyishlar 13-oktabr kuni Tiranada boshlangan. Dastlab ishtirokchilar universitetlardagi muammolarni, jumladan, taʼlim toʻlovlarining yuqoriligi va korrupsiyani bartaraf etishni talab qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi aralashuv haqidagi ayblovlarni rad etdi. Vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova koʻchalarga Albaniya fuqarolari chiqqanini aytib, Ramani ichki muammolar uchun masʼuliyatni boshqalarga yuklamaslikka chaqirdi.

Rossiyaning Tiranadagi elchixonasi esa namoyishlarga bevosita munosabat bildirmadi, biroq oʻz fuqarolarini ehtiyotkor boʻlishga va odamlar koʻp toʻplanadigan joylardan uzoqroq yurishga chaqirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.