Texnologiya

Taksi, toʻlovlar va onlayn doʻkonlar: «Yandeks» data-markazlariga hujumdan soʻng keng koʻlamli uzilishlar kuzatildi

«Yandeks»ning Vladimir shahridagi maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga dronlar hujumidan soʻng kompaniya servislari va Rossiyaning qator yirik onlayn platformalarida uzilishlar yuz berdi. Taksi buyurtma qilishdagi muammolardan Rossiyadan tashqari yana besh mamlakatdagi foydalanuvchilar ham shikoyat qilgan.

Taksi, toʻlovlar va onlayn doʻkonlar: «Yandeks» data-markazlariga hujumdan keyin keng miqyosli uzilishlar yuz berdi

DW xabariga koʻra, 11-oktabrga oʻtar kechasi Ukraina dronlari «Yandeks»ning oltita yirik data-markazidan uchinchisiga — Vladimir shahridagi obyektga hujum qilgan. Shundan soʻng «Sboy.rf» va Downdetector monitoring saytlarida turli xizmatlar faoliyati boʻyicha shikoyatlar qayd etilgan.

Foydalanuvchilar «Yandeks Pey», «Yandeks Igry», «Yandeks Go» va «Kinopoisk» xizmatlaridan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelgan.

Taksi buyurtma qilish bilan bogʻliq muammolar haqida Armaniston, Belarus, Gurjiston, Qozogʻiston va Serbiyadagi foydalanuvchilar ham xabar bergan.

Uzilishlar faqat «Yandeks» servislari bilan cheklanmagan. «Vkusno - i tochka», KFC va «Dodo Pitssa» tarmoqlari, Lamoda onlayn doʻkoni, Sports.ru portali, «Pyatyorochka», «Magnit» va «Lenta» savdo tarmoqlari resurslariga kirishda ham muammolar kuzatilgan.

Shuningdek, Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroporti, Flowwow gul yetkazib berish xizmati, «Sian» koʻchmas mulk platformasi va «Dom.ru» internet provayderi foydalanuvchilari ham shikoyat qilgan.

Qandli diabeti bor insonlarga glyukoza darajasini onlayn kuzatish imkonini beruvchi mahsulotlar ishlab chiqaradigan Sinocare kompaniyasi ham xizmatlarida muammolar yuzaga kelganini bildirgan.

Hujumlardan keyin «Yandeks» ilovalaridagi qoʻllab-quvvatlash xizmati ham ishlamay qolgan. Kompaniya yordam soʻrash uchun servislarning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Tizimga tushayotgan yuklamani kamaytirish maqsadida ayrim bulutli xizmatlar, jumladan, «Disk»ning baʼzi funksiyalari ataylab oʻchirilgan.

11-oktabr kechqurun «Yandeks» servislar bosqichma-bosqich tiklanayotganini maʼlum qilgan.

«Alisa, qidiruv, “Yandeks Xaritalar”, taksi, pochta va boshqa servislarga kirish tiklanmoqda. Biroq ularning ayrim funksiyalari hozircha ishlamayapti», - deyilgan kompaniya bayonotida.

«Yandeks» oʻz obyektlariga hujumlar haqida ilk bor 9-oktabrda, ketma-ket ikki kecha davomidagi dron zarbalaridan soʻng maʼlum qilgan edi. Kompaniya Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi data-markaz «jiddiy shikastlangani», Kalugada esa infratuzilmaning bir qismi ishdan chiqqanini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.