Tailandga vizani Toshkentdan chiqmasdan olish mumkin boʻladi — konsullik sharhi
Oʻzbekiston fuqarolari baribir Moskvaga bormasdan Tailandga turistik viza olishlari mumkin boʻladi. Tailandning faxriy konsulligidan «Gazeta»ga maʼlum qilishlaricha, buni kuryerlik-konsalting kompaniyasi orqali amalga oshirish mumkin boʻladi. Kelajakda butun jarayon onlayn tarzda taqdim etilishi kerak.

Tailand vizasini Toshkentdan chiqmasdan olish mumkin boʻladi — konsullik sharhi
Tailand 15 sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz kirishni bekor qiladi.
Bu viza arizalarini aynan Rossiyadagi elchixona koʻrib chiqishi bilan bogʻliq boʻlib, uning yurisdiktsiyasiga Oʻzbekiston ham kiradi.
U yerdan xabar berishlaricha, turistlar uchun yigʻimni toʻlashning bir nechta usullari koʻzda tutilgan va Moskvaga borish shart emas.
Xususan, Rossiyadagi elchixonaga shaxsan murojaat qilishdan tashqari, viza yigʻimi va qoʻshimcha xizmatlar uchun Oʻzbekistonda Lilavadi Consult kuryerlik-konsalting kompaniyasi orqali toʻlov qilish mumkin. Bundan tashqari, buni Moskvadagi tanishlar orqali ham amalga oshirish mumkin, ular yigʻimni AQSh dollarida naqd pul shaklida kirita oladilar.
Vaqt oʻtishi bilan ushbu xizmat toʻliq onlayn tarzda taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi «Gazeta»ga mamlakat fuqarolari uchun qulayroq sharoitlar yaratish boʻyicha Tailand tomoni bilan muzokaralar olib borilayotganini maʼlum qilgan edi.
Hozircha Oʻzbekiston fuqarolari uchun saytda viza talab etilmasligi koʻrsatilgan.
Anketa ariza beruvchining oʻzi yoki uning vakili (masalan, turistik firma) tomonidan toʻldiriladi. Sayohat maqsadi va yoʻnalishi, aloqa maʼlumotlari, shuningdek, joriy bandlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatish zarur. Arizaga bir qator hujjatlar sahifalarining nusxalari ilova qilinadi, jumladan, pasport, xorijga chiqish pasporti (kamida ikkita boʻsh sahifasi boʻlishi kerak), ikki tomonga aviachiptalar (yoki aviakassa muhri va xodimning asl imzosi qoʻyilgan band qilish hujjati) va Tailandda yashash joyi tasdigʻi. Shuningdek, olti oydan koʻp boʻlmagan vaqt oldin tushirilgan 4×6 sm oʻlchamdagi fotosurat talab qilinadi.
Moliyaviy mablagʻlar mavjudligini tasdiqlash ham zarur. Oxirgi uch oy davomida pul tushumlari va xarajatlari hamda ariza toʻldirilgan kundagi hisobvaraq qoldigʻi toʻgʻrisida ingliz tilidagi bank koʻchirmasining asli (yoki notarial tasdiqlangan tarjimasi boʻlgan koʻchirma) kerak boʻladi. Kartada bir kishi uchun kamida 20 ming Tailand bati (700 dollardan kamroq) boʻlishi kerak. Kredit kartalari boʻyicha koʻchirmalar qabul qilinmaydi.
Voyaga yetmaganlar uchun ariza beruvchining (ota-onaning) hisobvaragʻidan kamida 40 ming bat (taxminan 1400 dollar; bolalar soni koʻproq boʻlsa, har bir bola uchun kamida 20 ming bat toʻgʻri kelishi kerak) qoldiq boʻlgan koʻchirma taqdim etilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Anketa topshirilgandan soʻng, tizim QR-kod va konsullik yigʻimini toʻlash uchun rekvizitlar boʻlgan tasdiqlovchi hujjatni (confirmation) shakllantiradi — uni chop etish kerak.
Yigʻilgan hujjatlar bilan yigʻimni toʻlashda vositachilik qiladigan kompaniyaga murojaat qilish lozim. Vizalarni rasmiylashtirish boʻyicha sayt hozirgi vaqtda Oʻzbekiston banklarining kartalarini qabul qilmayapti.
Kompaniyada shartnoma va ishonchnomani imzolash talab etiladi, shundan soʻng toʻlov amalga oshiriladi (buni QR-kod orqali qilish mumkin). Kutilishicha, butun jarayon 5−10 daqiqadan koʻp vaqt olmaydi.
Tailand faxriy konsulligi maʼlumotlariga koʻra, viza yigʻimi miqdori 40 dollarni (taxminan 480 ming soʻm) tashkil etadi.
Turistik viza onlayn formatda beriladi va pasportga urilmaydi. Bu vizani rasmiylashtirish uchun pasportni Moskvadagi elchixonaga yuborish shart emasligini anglatadi.
Ingliz tilida boʻlmagan barcha hujjatlar ingliz tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi bilan birga taqdim etilishi kerak.
Elchixonaning konsullik xodimlari qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish yoki ariza beruvchini suhbatga taklif qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Elektron pochta orqali olingan vizani Tailandga kirishda chegara nazorati xodimiga taqdim etish uchun chop etish kerak.
Viza uch oyga beriladi. Biroq boʻlish muddatini chegara nazorati xodimi viza turiga muvofiq belgilaydi.
Barcha zarur maʼlumotlarni olish va savollar berish mumkin boʻlgan Telegram-bot yaratilishi kutilmoqda.
Viza olish umumiy hisobda qancha vaqt olishini «Gazeta» aniqlay olmadi.

