Tailand poytaxtida kuchli suv toshqini sababli ofat rejimi eʼlon qilindi. Video

Tailand poytaxtida kuchli suv toshqini sababli ofat rejimi joriy etildi. Video
Bangkokda davomli jala quyishi oqibatida yuzaga kelgan kuchli suv toshqini fonida ofat rejimi eʼlon qilindi. Tailand poytaxtida turar joy mavzelari va 15 ta asosiy yoʻlni suv bosdi, rasmiylar esa aholini imkon qadar uydan chiqmaslikka chaqirmoqda.
Kuchli yogʻingarchilik 24 sentyabr kuni taxminan soat 16:00 da boshlanib, 26 sentyabr ertalabgacha toʻxtamadi. Shaharning sharqiy tumanlarida, jumladan Minburi, Kxlong Sam Va va Sapxan Sung hududlarida ushbu davr mobaynida deyarli 300 millimetr yogʻingarchilik kuzatildi.
Bu miqdordagi suv tufayli shahar suv oqizish tizimi yuklamani koʻtara olmadi. Sayen Sayep, Pravet, Lat Pxrao va Prem Prachakorn kanallari suvni samarali oqizib yubora olmayapti. Qoʻshni Nontxaburi va Patxum Tani provintsiyalaridan kelayotgan toshqin suvlari, shuningdek, past bosimli hudud ham qoʻshimcha qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Bangkok gubernatori Chadchart Sittipunt eng ogʻir vaziyat poytaxt sharqida yuzaga kelganini, u yerda kanalizatsiya tizimi haddan tashqari yuklanganini maʼlum qildi. Shahar rasmiylari oldindan qum toʻldirilgan qop solingan toʻsiqlarni tayyorlab qoʻygan va suv bosmagan maʼmuriy binolar hamda maktablarda vaqtinchalik joylashtirish punktlarini tashkil etgan.
Evakuatsiya qilishda yordamga muhtoj odamlar uchun alohida chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Agar ular yashaydigan hududlarda vaziyat yomonlashsa, rasmiylar yotib qolgan bemorlarni shifoxonalarga yetkazishga tayyor.
Suv bosishi sababli Bangkok maʼmuriyati aholiga 15 ta asosiy koʻcha boʻylab harakatlanishni cheklashni tavsiya qildi. Ular orasida Vibxavadi, Pxaxon Yotin, Ratchadapxisek, Sukxumvit, Lat Pxrao, Pxetchaburi va Chayeng Vattxana bor.
Shu bilan birga, shaharning Chao Prayya daryosi ortidagi gʻarbiy qismida hozircha jiddiy suv toshishi kuzatilmadi. Rasmiylar yomgʻir toʻxtaganidan keyin taxminan olti soat oʻtgach, suv sathi pasaya boshlashini kutishmoqda.
Tailand meteorologiya departamenti prognoziga koʻra, Bangkok, beshta qoʻshni provintsiya va mamlakatning markaziy qismida kuchli va moʻʼtadil yomgʻirlar 28 sentyabrgacha davom etadi. Mutaxassislar yangi suv toshqinlari va mahalliy koʻchkilar xavfidan ogohlantirmoqda.

