Dunyo

Tailand Kambodja bilan to‘qnashuvlardan so‘ng chegarada devor qurishni boshladi

Tailand Kambodja bilan yuz bergan to‘qnashuvlardan keyin chegarada devor qurishni boshladi

Tailand va Kambodja chegarasi bo‘ylab ustiga tikanli sim tortilgan temir-beton devor barpo etildi. Hozircha uning uzunligi bir kilometrni tashkil qiladi. Devor oralig‘ida Fransiya mustamlakachiligi davrida o‘rnatilgan chegaralash toshlari ham mavjud.

Bu Tailand harbiylari mamlakat sharqida qurayotgan 8,4 kilometrlik devorning dastlabki bosqichidir. Inshoot 2025-yilda qo‘shni davlat bilan yuz bergan qonli to‘qnashuvlardan so‘ng bunyod etilmoqda.

Devor Chanthaburi provinsiyasidagi ekin maydonlari orqali o‘tadi. Uning balandligi 3,6 metr. Inshoot temir-beton, ruxlangan po‘lat to‘r va tikanli sim o‘ramlaridan iborat.

“Biz devorni noqonuniy harakatlarning, xususan, odamlar va tovarlar kontrabandasining oldini olish uchun qurdik”, dedi Tailand Qirollik dengiz piyodalari tezkor guruhi komandiri kapitan Prachya Hantiem 10-sentyabr kuni AFP muxbiriga.

Tailand va Kambodja o‘rtasida 800 kilometrlik chegara chizig‘i bo‘yicha o‘n yillardan beri kelishmovchilik davom etmoqda. 2025-yilning iyul va dekabr oylarida hududda qonli to‘qnashuvlar yuz bergan. Ikki davlat dekabr oxirida otashkesim bitimini imzolagan.

Shunga qaramay, har ikki tomon ham bir-birini sulh shartlarini buzishda ayblab kelmoqda. So‘nggi bor ikki mamlakat harbiylari 2026-yil 24-fevral kuni chegarada to‘qnashuv bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Devor yaqinida kichik Tailand qishlog‘i joylashgan. Unda 200 nafardan kamroq aholi yashaydi. Ular makkajo‘xori va turli mevalar, jumladan durian hamda longan yetishtiradi. Qishloq aholisi devor sabab ekin yerlarining bir qismi yo‘qolganini aytmoqda. Shunga qaramay, AFP bilan suhbatlashgan yer egalari buni ijobiy baholadi.

“Biz xavfsizlikka erishish uchun bir oz yerdan mahrum bo‘lishga rozimiz”, dedi oziq-ovqat do‘koni egasi Suvin Muangmeung.

U aslida chegara qayerdan o‘tganini har doim ham bilmaganini aytdi.

“Ekin maydonlarimiz chegara bo‘ylab joylashgan. Bu devor bizga xavfsizlik hissini beradi. Tailand va Kambodja qachon yarashishini yoki qachon yaxshi muloqot qila olishimizni bilmaymiz. Lekin bu devor bizga yordam beradi”, dedi qishloq oqsoqoli Itchira Aranchaiyasiri.

Oqsoqolning aytishicha, devor ma’lum ma’noda noqulaylik ham tug‘diradi. Ilgari odamlar chegaradan bemalol o‘tgan va bir-birinikiga oson mehmon bo‘lib borgan. Ammo u: “Biz moslashishimiz kerak”, deb qo‘shimcha qildi.

Bu chegara 1863-yildan 1950-yillar o‘rtalarigacha Kambodjani o‘z mustamlakasi sifatida boshqargan Fransiya hamda o‘sha paytda Siam deb atalgan Tailand o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida belgilangan.

Yangi devordagi darvozalar o‘sha davrdan qolgan ko‘p tilli tosh belgilarni saqlab qolish uchun mo‘ljallangan. Bu toshlarda “Siam” va fransuzcha “frontiere” (chegara) so‘zlari yozilgan.

Kapitan Prachya ushbu inshoot to‘liq Tailand suvereniteti hududida joylashganini ta’kidladi.

“Har bir qadam qonunga muvofiq amalga oshirilmoqda va tekshirilishi mumkin. Hatto Kambodja kuchlari ham har bir bosqichda ishlarimizni nazorat qilib bormoqda”, dedi u.

Urush sababli yarim million kishi o‘z uyini tark etgan edi. Shundan so‘ng Tailand Kambodja bilan chegaralarini yopdi. Hozirda aksariyat aholi o‘z uyiga qaytgan, ammo 20 ming kambodjalik hanuz sargardon.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.