“Taftish.uz” xodimlari va DXXning sobiq xodimlariga nisbatan hukm o‘qildi

“Taftish.uz” xodimlari va DXXning sobiq xodimlariga hukm chiqarildi
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida “Taftish.uz” tahririyati xodimlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati zobitlariga doir sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Tashanovning aytishicha, sudlanuvchilarga 4,1 yildan 10,6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan. “Taftish.uz” tahririyati rahbari G‘ayrat Aberayev 10,6 yilga, jurnalist Marjona Eshquvatova esa 4,1 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Tahririyatning yana ikki vakili hamda DXXning sobiq xodimlariga ham 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Sud yopiq tarzda o‘tkazilgan. Tashanov bergan ma’lumotga ko‘ra, sudlanuvchilar tuhmat, haqorat, firibgarlik va tovlamachilik kabi jinoyatlarda ayblangan. Hukmga binoan, ular jazoni umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘taydi.
“Taftish.uz” xodimlari ishi 2026-yil 16-yanvar kuni boshlangan. O‘sha paytda sayt rahbari G‘ayrat Aberayev hamda tahririyat xodimlari Azizjon Yo‘ldoshev, Sardor Hamidov, Marjona Eshquvatova va Dilshod Nishonov tovlamachilik va firibgarlikda gumon qilinib protsessual tartibda qo‘lga olingan edi.
2026-yil 23-apreldagi xabarda “Taftish.uz” xodimlari ishini Harbiy prokuratura tergovchilari olib borayotgani aytilgan. Abdurahmon Tashanov o‘shanda bunga sabab sifatida ish bo‘yicha DXXning bir necha xodimi ham ayblanuvchilar qatorida bo‘lganini ko‘rsatgan. Huquq faoli tergov davomida sayt jamoasiga qarshi 400 dan ortiq fuqaroning arizasi ko‘rib chiqilganini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ish hujjatlarining ayrimlari yopiq ekani va tergov siriga oid ma’lumotlar mavjudligi sababli ish tafsilotlari to‘liq oshkor etilmagan. Shu sababli sud majlisi ham yopiq o‘tkazilgan.

