Tadbirkorning haqliligi prezumpsiyasi joriy etildi
Endi jarimaga tortish uchun davlat organi tadbirkorning qonunbuzarligini yoki majburiyati bajarilmaganini isbotlashi kerak, bartaraf etib

**Tadbirkorning haqliligi prezumpsiyasi joriy etildi**
Prezidentning 2026-yil 27-avgustdagi PF–175-son farmoniga muvofiq, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi ommaviy huquqiy munosabatlarda «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» joriy qilindi.
Mazkur tartibga ko‘ra, davlat organi buning aksini isbotlamaguncha, tadbirkorlik subyekti hamda uning mansabdor shaxsi qonunchilik talablariga muvofiq ish tutgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda yoki nizoni ko‘rib chiqadigan boshqa ma’muriy organda tadbirkorga nisbatan qo‘llangan huquqiy ta’sir chorasi yoxud qabul qilingan qarorning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilganini isbotlash vazifasi davlat organi zimmasiga yuklatiladi.
Yangi qoida tadbirkor bilan davlat organi o‘rtasidagi nizolarda dalillash yukiga doir yondashuvni belgilaydi. Bunda tadbirkorning qonunchilikka muvofiq harakat qilgani boshlang‘ich holat sifatida qabul qilinadi va buning teskarisini davlat organi isbotlashi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, qonunchilikni turlicha talqin qilish imkoniyati saqlanib qolgan, bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinishi nazarda tutilgan.
PF–175-son farmon tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan. Hujjat 2026-yil 28-avgustdan kuchga kirgan.
Farmonda, shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etish kabi choralar ham belgilangan. Bunda jinoyat ishi doirasidagi, inson salomatligi va mehnat qonunchiligiga oid ayrim tekshiruvlar, shuningdek, qonunda ko‘rsatilgan boshqa holatlar istisno qilingan.

