Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun innovatsion startap-parklar tashkil etilmoqda
Vazirlar Mahkamasining 09.10.2026 yildagi 553-son qarori bilan mamlakat hududlarida innovatsion startap-loyiha parklarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ular tadbirkorlarga innovatsion loyihalarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni joriy etish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda yordam beradi.

Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun innovatsion startap-parklar tashkil etilmoqda
Vazirlar Mahkamasining 09.10.2026 yildagi 553-son qarori bilan mamlakat hududlarida innovatsion startap-loyiha parklarini tashkil etish nazarda tutilgan. Ular tadbirkorlarga innovatsion loyihalarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni joriy etish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda yordam berishga qaratiladi.
Innovatsion parklar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tizimida davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.
Parklarning asosiy vazifalari qatoriga startaplar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni kompleks qoʻllab-quvvatlash, moddiy-texnik va muhandislik infratuzilmasi bilan taʼminlash, shuningdek, biznes-inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish kiritilgan.
Tadbirkorlar bir joyning oʻzida tashkiliy, huquqiy, moliyaviy va marketing xizmatlarini olishlari mumkin boʻladi. shuningdek, innovatsion mahsulotlarni sertifikatlashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish, intellektual mulk obʼyektlarini himoya qilish, tovarlarni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish hamda mahalliy va xorijiy koʻrgazmalarda ishtirok etishda koʻmaklashish koʻzda tutilgan.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi innovatsion parklarning oliy taʼlim muassasalari va ular huzurida tashkil etilgan startap-studiyalar bilan oʻzaro hamkorligini tashkil etadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy tashabbuslar asosida bunday parklarni joylashtirish uchun tuman va shaharlarni belgilaydi.
Parklar faoliyatini muvofiqlashtirishni Innovatsion rivojlanish agentligi amalga oshiradi. Ular hududidagi ishlab chiqarish maydonlarini elektron onlayn-auktsionlar orqali ijaraga berish rejalashtirilmoqda.
Moliyalashtirish xoʻjalik faoliyati va ijaradan olingan daromadlar, mahalliy hokimliklar mablagʻlari, xalqaro grantlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlanadi.

