Tadbirkorlarga soliq qarzlarini penyasiz yopish imkoni berildi
Oʻzbekistonda kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari uchun «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi eʼlon qilindi. Unga koʻra, tadbirkorlar avval yuzaga kelgan soliq qarzini 2026-yil oxirigacha toʻliq toʻlasa, ushbu qarz boʻyicha hisoblangan penyalar hisobdan chiqariladi.

Tadbirkorlarga soliq qarzlarini penyasiz yopish imkoniyati berildi. Bu haqda Prezidentning 27-avgustdagi PF–175-sonli farmonida belgilangan boʻlib, hujjat 28-avgustdan kuchga kirdi.
Farmonga koʻra, "Ikkinchi imkon" iqtisodiy amnistiyasi 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi va kichik hamda oʻrta tadbirkorlik subyektlarini qamrab oladi.
Unga binoan, iqtisodiy amnistiya eʼlon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi, penyani hisobga olmagan holda, 2026-yil 31-dekabrgacha toʻliq toʻlansa, ushbu qarzdorlik boʻyicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi. Shuningdek, qarz bilan bogʻliq ijro ishlari tugatiladi.
Mazkur tartibdan foydalanish uchun tadbirkorlik subyektida 2027-yil 1-yanvar holatiga penyadan tashqari soliq qarzi qolmagan boʻlishi shart.
Bundan tashqari, tadbirkor avval taqdim etgan soliq hisobotlariga mustaqil ravishda tuzatish kiritib, qoʻshimcha hisoblangan soliq summasini 2026-yil oxirigacha toʻliq toʻlasa, ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi.
Iqtisodiy amnistiya doirasida xatolarini mustaqil bartaraf etgan tadbirkorlarning Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi ballari ham pasaytirilmaydi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvarga qadar shakllangan ayrim qarzdorliklar hisobdan chiqariladi. Ular orasida soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun qoʻllangan maʼmuriy jarimalarning toʻlanmagan qismi ham mavjud.

