Mahalliy

Tadbirkorlarga davlat ko‘magi kengaytirildi

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari kuchaytirilib, biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakllari belgilandi. Endi tadbirkorlarga grantlar, kreditlar, soliq va bojxona imtiyozlari berilishi, infratuzilma va innovatsiyalar bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatilishi mumkin. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi va «mas’uliyatli biznes yuritish» mezonlari qonun dar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni imzolagan qonun bilan tadbirkorlikka davlat ko‘magi kengaytirildi. Ushbu qonun "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlash hamda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" deb nomlanadi.

Qonunning asosiy maqsadi tadbirkorlik sub’yektlarining samarali ishlashi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash va sohadagi munosabatlarni takomillashtirishdan iborat.

Hujjatda tadbirkorlik faoliyati erkinligining asosiy prinsiplari aniq belgilab berilgan. Bularga qonuniylik, tadbirkorlikning erkinligi, tadbirkorlik sub’yektlarining tengligi, ishonchni himoya qilish, xususiy mulkning daxlsizligi, tadbirkorlikka oid qonunchilikning barqarorligi va aniqligi kiradi.

Qonunga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga bo‘linadi. Kichik tadbirkorlik sub’yektlari yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar va kichik korxonalarni o‘z ichiga oladi. O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari uchun kalendar yil davomidagi jami daromad mezoni 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha, yirik tadbirkorlik sub’yektlari uchun esa 100 milliard so‘mdan yuqori etib belgilangan. Tadbirkorlik sub’yektining qaysi toifaga kirishi uning kalendar yil davomidagi jami daromadi asosida aniqlanadi.

Yangi qonun bilan tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy turlari ham belgilandi. Jumladan, tadbirkorlar moliyaviy, mulkiy va infratuzilmaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, ularga davlat grantlari, kreditlar hamda qonunchilikda belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilishi mumkin.

Moliyaviy ko‘mak doirasida iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar uchun grantlar ajratish, tijorat banklariga kreditlar uchun moliyaviy resurslar joylashtirish, kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish nazarda tutilgan. Tadbirkorlarga davlat kafolati ostida imtiyozli kreditlar jalb etish imkoniyati ham belgilangan. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qonunlar bilan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berilishi mumkin.

Qonunda tadbirkorlarni mulkiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Xususan, davlat ob’yektlarini ijaraga berish, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalar uchun grantlar ajratish, shuningdek, davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga muayyan ustuvorlik berish imkoniyatlari belgilangan. Import qilingan tovarlar o‘rniga mahalliy tovarlardan foydalanish talabiga bog‘liq qo‘llab-quvvatlash choralari ham qo‘llanilishi mumkin.

Tadbirkorlarni infratuzilmaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash doirasida esa ularning faoliyat yuritadigan hududlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, yo‘l va boshqa infratuzilma ob’yektlarini tashkil etish yoki rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Qonun iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan innovatsion tadbirkorlik loyihalarini ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bunday tadbirkorlarga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar hamda preferensiyalar berilishi, ijtimoiy loyihalar uchun davlat subsidiyalari ajratilishi, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash xarajatlari qoplab berilishi mumkin. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish mexanizmi ham nazarda tutilgan.

Hujjat bilan tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi tushunchasi ham qonun darajasida mustahkamlandi. Qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar faoliyatini baholash va rag‘batlantirish maqsadida barqarorlik reytingi yuritiladi. Uni aniqlash va yuritish tartibi qonunchilikda belgilanadi.

Shu bilan birga, "mas’uliyatli biznes yuritish" tushunchasi kiritildi. Bunda tadbirkorning inson huquqlariga hurmat qilishi, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik choralarini ko‘rishi, korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etishi, biznes va reklama qoidalariga rioya qilishi, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashi kabi mezonlar hisobga olinadi. Mas’uliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlarning alohida reyestri shakllantiriladi. Bunday sub’yektlarga qonunchilikda belgilangan tartibda grantlar, soliq imtiyozlari, davlat xaridlarida ustuvorlik va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari berilishi mumkin.

Qonun bilan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini to‘xtatib turish bilan bog‘liq normalar ham qayta ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini to‘xtatib turish huquqiy ta’sir chorasi sifatida, qoida tariqasida, sud tomonidan qo‘llaniladi. Ayrim favqulodda holatlarda nazorat qiluvchi organlar faoliyatni qisqa muddatga to‘xtatib turishi mumkin, ammo keyin sudga murojaat qilishi talab etiladi. Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan nazorat va huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda qonuniylik, asoslilik va mutanosiblik talablariga rioya qilinishi belgilangan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.