Tadbirkorlarga «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi
Bunda birinchi marta soliq qonunchiligini buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sogʻligʻi, oʻzgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qoʻllamasdan, dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.

Tadbirkorlar uchun "Birinchi xato uchun ogohlantirish" tamoyili joriy etiladi.
27-avgust kuni "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrgacha huquqiy eksperiment sifatida oʻrta va yirik tadbirkorlar tomonidan soliq va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblash hamda toʻlash boʻyicha auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda tashabbuskor audit oʻtkazish va auditorlik xulosasini soliq organi tomonidan tan olish mexanizmi joriy etiladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutilgan:
* Audit oʻtkazilgan davr uchun soliq organlari tomonidan soliq auditi amalga oshirilmaydi.
* Aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida bartaraf etilsa, tadbirkorlik subyektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanilmaydi.
* Ushbu eksperiment doirasida audit oʻtkazishi mumkin boʻlgan tashkilotlar roʻyxati Soliq qoʻmitasi tomonidan yuritiladi va uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
* Auditorlik xulosasini tan olish natijasida toʻlanmay qolgan soliq va yigʻimlar aniqlangan holatlarda auditorlik tashkiloti javobgar boʻladi.
* Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida 1 yil davomida oʻtkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi, kameral soliq tekshiruvi bundan mustasno.
* Tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimalar qoʻllashda "Birinchi xato uchun ogohlantirish" qoidasi joriy etiladi. Birinchi marta qoida buzgan, ammo fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga, oʻzgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qoʻllamasdan, dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.

