Tadbirkorlar uchun majburiy talablar yagona reyestrga kiritiladi
Yangi qonun tadbirkorlar zimmasidagi talablarni tartibga soladi. Reyestrga kiritilmagan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik masalasi ham o‘zgarmoqda

Tadbirkorlar uchun majburiy talablar yagona reyestrga kiritiladi.
17-avgustdagi O‘RQ–1168-sonli qonun bilan tadbirkorlik faoliyatiga oid ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
"Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda energiya manbalariga ulanish va ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, tadbirkorlarga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilaydigan normativ hujjat loyihalari tadbirkorlar hamda ularning birlashmalari ishtirokida muhokama qilinishi belgilandi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyati uning arizasi asosida, nazorat qiluvchi organlar tomonidan esa 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.
Agar faoliyatni to‘xtatib turish muddati 10 ish kunidan oshsa, bu chora sud tomonidan 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga qo‘llanilishi mumkin.
Qonun bilan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy va normativ-texnik hujjatlarda belgilangan barcha majburiy talablarni davlat tomonidan yagona reyestrga kiritish mexanizmi joriy etilmoqda. Majburiy talablar reyestriga ma’lumotlarni tegishli sohalardagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari kiritadi.
Adliya vazirligi Majburiy talablar reyestrining operatori etib belgilanmoqda. Bu orqali tadbirkorlar uchun ularga qo‘yiladigan majburiy talablarni yagona tizimdan ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
E’tiborli jihatlaridan biri, tadbirkorlik subyektlari reyestrga kiritilmagan talablarni bajarmagani uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

