Tadbirkorlar bilan muloqot: tarix va trendlar
18 avgust kuni Prezidentning 6-Ochiq muloqoti munosabati bilan «Iqtisodiy sharh» jurnali tahririyati o‘z biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan, ishlab chiqarishni kengaytirgan va mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqqan tadbirkor bilan suhbat tashkillashtirdi.

**Tadbirkorlar bilan muloqot: tarix va trendlar**
**Yangi imkoniyatlar, rejalar va istiqbollar**
**Habiba Xoliyorova, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi “Mohigul Mohlaroyim jilosi” oilaviy korxonasi rahbari, “Shuhrat” medali sohibasi:**
Prezident bilan ochiq muloqot doirasida qabul qilingan qarorlar biznesimiz uchun yangi imkoniyatlar ochib, yaqin kelajakda sezilarli o‘zgarishlarni kutmoqdamiz. Korxonamizning asosiy faoliyati qurilish materiallari, xususan, blok g‘isht va eshik-rom ishlab chiqarishdan iborat. Shuningdek, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko‘rsatish, go‘zallik saloni, dorixona, restoran va ikkita gaz quyish shoxobchasi ham mavjud. Jami 100 ta ish o‘rni yaratilgan.
Prezidentimiz 18-avgust kuni ta’kidlaganlaridek, so‘nggi yillarda elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, mebelsozlik sanoatlari qatori qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ham katta o‘sish kuzatildi. Bizning oilaviy korxonamizda ham shunday rivojlanish yuz berdi. G‘uzor tumanida qurilayotgan turar joylar, maktablar, bolalar bog‘chalari va sog‘liqni saqlash muassasalarini barpo etishda mahsulotlarimiz pudratchi korxonalar tomonidan keng qo‘llanilmoqda. 2019-yilda Xitoy Xalq Respublikasidan yengil konstruksiyali blok g‘isht ishlab chiqaruvchi zamonaviy texnologiya uskunalari olib kelinib o‘rnatildi. Hozirga qadar 4 million donaga yaqin blok g‘isht ishlab chiqarib, yetkazib berdik.
Ushbu muloqot doirasida e’lon qilingan qarorlar bizga yanada keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, 2027-yildan boshlab qurilish sohasida pudratchi va loyihachilar o‘sishini rag‘batlantiradigan yangi yondashuv joriy etilishi, qurilish qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir ish soati uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtirilishi bizga katta yordam beradi.
Yana bir muhim imtiyoz davlat aktivini sotib olishga joriy etiladi. Davlatimiz rahbari bugungi muloqotda 10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga olishini e’lon qildilar. Shunda tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish yetarli bo‘ladigan tizim joriy etiladi. Bu tashabbus natijasida joylarda bekor turgan yoki samarasiz ishlatilayotgan davlat aktivlari tezda sotilib, ularda zamonaviy tadbirkorlik ob’yektlari ishga tushirilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, bizning korxonalarimizga o‘xshagan qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlik ob’yektlariga qo‘shimcha buyurtmalar paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.
Bugungi muloqotdan ruhlanib, Mustaqillik bayrami arafasida tumanimiz markazidagi shohbekatda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasini ishga tushirishni niyat qildim. Yaqin istiqbolda juda katta o‘zgarishlar bo‘lishini, korxonamiz yanada gullab-yashnashini kutyapman.
**Har yili o‘tkaziladigan uchrashuvlar o‘ziga xos yil yakunlariga aylandi**
**Shabon Hojiyev, Buxoro viloyati, Vobkent tumani “Kumushkent Ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan:**
Prezidentning tadbirkorlar bilan har yili o‘tkaziladigan an’anaviy uchrashuvlari biz uchun qilingan ishlarning o‘ziga xos sarhisobiga aylandi. Prezidentimizning biznes vakillari bilan bu tarzda ochiq muloqot qilishi, mavjud muammolarni dadil ko‘tarib chiqishi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni o‘sha paytning o‘zidayoq belgilab berishi dunyo amaliyotida kam uchraydigan hodisa hisoblanadi. Shu bois ham bu kunni intizorlik bilan kutamiz. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur muloqotga tayyorgarlik jarayonida yil davomida bajargan ishlarimizning natijalarini muhokama qilamiz hamda berilgan imtiyoz va yengilliklardan ruhlanib, kelgusi rejalarimizni tuzib olamiz.
Korxonamiz – “Kumushkent Ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati yiliga 40 tonna ipak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu moliyaviy ko‘rsatkichlarda yiliga 1,2-1,5 million dollarlik mahsulot demakdir. Biz, asosan, mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishga juda katta e’tibor qaratamiz – ishlab chiqarayotgan tovarimiz 100 foiz chet davlatlarga yo‘naltiriladi. Eksport geografiyamiz keng bo‘lib, o‘zbek ipagini Janubiy Koreya, Vetnam, Hindiston, Pokiston va Eron kabi davlatlarga yetkazib beryapmiz. Hamkorlarimiz bu xomashyoni qayta ishlab, yuqori sifatli gilam va turli ipak matolar to‘qishadi. Eksportimiz hajmi yildan yilga o‘sib bormoqda va 2025-yilda uning miqdori 1 million dollardan oshdi. Kelgusida eksport hajmini kamida 20-30 foizga oshirish ustida ish olib boryapmiz.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqotida eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari biz kabi korxonalar uchun juda muhim, deb hisoblayman. Jumladan, tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan “Eksport navigator” tizimining yo‘lga qo‘yilishi hamda xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxatining shakllantirilishi bizni juda qiziqtirdi. Bu bizga o‘xshagan korxonalarga eksportbop yangi tovarlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishda yaqindan ko‘mak beradi.
Yana bir muhim yangilik – tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish xarajatining yarmi (500 ming dollargacha) qoplab berilishi hamda milliy brendni tashqi bozorda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun 50 ming dollargacha subsidiya ajratilishi ayni muddao bo‘ldi. Marketpleyslarda omborga joylashtirish va sotish xarajatlarining yarmi, xalqaro tenderlar uchun konsalting xarajatining 80 foizi kompensatsiya qilinishi ham eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi va samarali shakli bo‘ladi.
Qolaversa, eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik muammosi bo‘yicha ham yangi yengilliklar berilgani, xususan, yil yakunigacha qarzni qoplash uchun bank hisobraqamiga valyuta qo‘yilsa, u eksport tushumi sifatida qabul qilinishi eksport salohiyatimizni oshirishda juda qo‘l keladi.
Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimizning tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqoti bizga juda katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Yaratilgan bu sharoitlardan samarali foydalanib, yurtimiz iqtisodiyotiga hissa qo‘shish har birimizning burchimizdir.
**Mahalliylashtirish sohasidagi yangi imkoniyatlar qiziqish uyg‘otdi**
**Kallibek Primbetov, “NUKUS BETON” MChJ va “Nukus Balik” MChJ rahbari, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan:**
Ayni paytda oilamiz ikkita ishlab chiqarish yo‘nalishi bilan shug‘ullanadi. Birinchisi – baliqchilik, xususan, Afrika laqqa balig‘i va boshqa mahalliy baliq turlarini yetishtirib, ularni yarim tayyor mahsulotgacha qayta ishlash bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish sanoat va fuqarolik ob’yektlari qurilishi uchun temir-beton buyumlari ishlab chiqarishdan iborat.
Prezidentimizning bu galgi ochiq muloqotida ham juda katta tashabbuslar ilgari surildi. Ular faoliyatimizni yanada kengaytirish va rivojlantirish uchun mustahkam iqtisodiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Buning natijasida biznes yuritish osonlashadi, investitsiya muhiti yanada jozibador bo‘ladi, hududlarga berilayotgan imtiyozlar tufayli esa taraqqiyot sur’ati yanada tezlashadi. Ayniqsa, qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor, bu hudud uchun taqdim etilayotgan preferensiyalar, soliq imtiyozlari hamda infratuzilmani barpo etishga qaratilgan moddiy ko‘mak o‘lkamizning yanada gullab-yashnashiga xizmat qilishi shubhasiz.
Jumladan, biznesning haqiqiy qiymatini baholab, kredit ajratish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimining joriy etilishi tadbirkorlarga yangi ufqlarni ochmoqda. Biz bundan unumli foydalanib, biznesimizni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish rejalarini tuzyapmiz. Shuningdek, auksion orqali yer sotib olgan tadbirkorning qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga barham berilgani, endilikda hokimlar yerni qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan “tayyor paket” shaklida savdoga chiqarishi kompaniyamiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Bu orqali faoliyatimizni kengaytirish bo‘yicha rejalarimizni tezda amalga oshirish imkoniga ega bo‘lamiz va bunday yerni olgan tadbirkor qurilishni darhol boshlay oladi. Bundan tashqari, infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans miqdorining 20 foizdan 5 foizga tushirilishi ham katta yengillikdir.
Muloqot davomida birinchi navbatda mahalliylashtiriladigan 50 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirilgani ma’lum qilindi. Demak, ana shu ro‘yxatdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida jiddiy bosh qotirsak bo‘ladi. Qolaversa, mahalliylashtirish darajasi 30-40 foizdan oshgan taqdirda, mahsulotni ichki bozorga chiqarishda imtiyozli shartlarning qo‘llanilishi biz uchun juda muhim qaror bo‘ldi.
**Biznes ish va o‘sish uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar olmoqda**
**Gulbahor Tojimirzayeva, “BA ASSOCIATION” rahbari, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi:**
Oltinchi Ochiq muloqot yakunlari bo‘yicha Prezident tomonidan bildirilgan qarorlar yoki tashabbuslar orasida men uchun eng muhimi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorlar bo‘ldi.
Ayniqsa, mutasaddi idoralar tomonidan tadbirkorlarning muammolarini yil davomida respublikamizning barcha hududlarida bevosita eshitish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va biznes tashabbuslarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani juda muhim. Bu qarorlar biz tadbirkorlar uchun nafaqat amaliy imkoniyat, balki yangi loyihalarni boshlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga yanada katta hissa qo‘shish uchun kuchli rag‘batdir.
Jumladan, biznes uchun kreditlar portfeli 450 trillion so‘mga yetkazilishi – tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat. Ayniqsa, ishlab chiqarish va yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish osonlashadi. Bu esa yangi korxonalar va ko‘proq ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
“Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlarining ham ahamiyati juda katta. Negaki bu dasturlar tadbirkorlikni endi boshlayotgan insondan tortib, yiriklashish bosqichidagi biznesgacha qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratib, ko‘plab yangi tadbirkorlarga o‘z biznesini rivojlantirish imkonini beradi.
Davlat aktivlarini sotib olishda avansning avvalgi 30 foiz o‘rniga 15 foizga tushirilishi tadbirkorning moliyaviy yukini ancha yengillashtiradi. Ayniqsa, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun bu yaxshi imkoniyat.
“Eksport navigator” tizimi joriy etilishining ham ahamiyati juda katta. Chunki eksportda tadbirkor uchun eng muhimi – vaqt va aniq yo‘l-yo‘riq. Eksportning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatilishi mahalliy mahsulotlarni xorijiy bozorlarga olib chiqishni ancha yengillashtiradi.
Bugungi ochiq muloqotda bildirilgan tashabbuslarning eng katta ahamiyati – tadbirkorga ishlash, o‘sish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yanada ko‘proq erkinlik va ishonch berilayotganida. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, biz ham yangi investitsiyalar kiritish, ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilishimiz kerak bo‘ladi.
**Oltinchi Ochiq muloqot rejalarimizga yangi turtki berdi**
**Bahodir Abduraimov, “Chortoq Mineral Water” qo‘shma korxonasi ta’sischisi, “Salomatlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi:**
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarida qabul qilinayotgan qarorlar biznesimiz uchun ulkan imkoniyatlar yaratib bermoqda, bizga juda katta ruh bag‘ishlamoqda. Men korxonamiz misolida bu haqida qisqacha gapirib bermoqchiman.
Jumladan, biznes uchun eng katta imkoniyat – faqat imtiyoz yoki mablag‘ emas, balki ertangi kunga ishonchdir. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlari ana shu ishonchni mustahkamlab, xususiy sektorni davlatning teng huquqli hamkoriga aylantirmoqda. Qabul qilinayotgan qarorlarda tadbirkorning murojaati eshitilibgina qolmay, muammolarni hal etish bo‘yicha aniq moliyaviy manba, bajarish muddati va mas’ullar ham belgilab berilmoqda.
Ochiq muloqotlarda qabul qilingan qarorlar yordamida Italiya, Fransiya va Germaniyaning ilg‘or texnologiyalarini joriy etdik, ishlab chiqarish va ombor infratuzilmasini kengaytirdik. FSSC 22000, HALAL, KOSHER va xalqaro bozorlar talab qiladigan boshqa muvofiqlik sertifikatlarini oldik. Bugun Chortoq mahsulotlari bir qator xorijiy bozorlarga chiqmoqda. AQSh va Yevropa kabi talab yuqori bo‘lgan bozorlarda o‘zbek brendining paydo bo‘lishi biz uchun faqat tijoriy yutuq emas, bu O‘zbekistonning sanoat madaniyati va sifat salohiyatiga berilgan bahodir.
So‘nggi qarorlarda oziq-ovqat sanoati kabi eksport salohiyati yuqori tarmoqlar uchun eksportoldi moliyalash va aylanma mablag‘larni kengaytirish, “ishonchli eksportchi” mexanizmlarini joriy etish, raqobatbardosh milliy mahsulotlarga “O‘zbekiston ramzi” sifat belgisini berish va ularni nufuzli tashqi bozorlarda targ‘ib qilish belgilangani bizga yangi ufqlar ochadi. Bu imkoniyatlardan foydalanib, eksport geografiyasini kengaytirish, xorijiy distribyutorlar bilan uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish va “Chortoq” suvini Markaziy Osiyoning global premium brendiga aylantirishni maqsad qilganmiz.
2026-2027-yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun katta hajmdagi moliyaviy resurslar va sanoat infratuzilmasiga mablag‘ ajratilishi ham ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Biz yaqin istiqbolda mavjud quvvatlarni yanada kengaytirish, zamonaviy logistika va ombor tizimlarini barpo etish, energiya va suv resurslaridan tejamkor foydalanadigan “yashil” texnologiyalarni joriy qilish ustida ishlayapmiz. Yangi loyihalarimiz faqat mineral suv bilan cheklanmaydi: tabiiy sharbatlar, sog‘lom ichimliklar va bolalar oziq-ovqati kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ham qamrab oladi.
Bizning qarashimizcha, Chortoq Mineral Water kelajakda oddiy korxona emas, balki ishlab chiqarish, ilm-fan, sog‘lomlashtirish va turizmni birlashtirgan yaxlit maskan bo‘lishi kerak. Korxona hududida zamonaviy ishlab chiqarish bilan birga suv tarixi va brendni namoyon etadigan muzey, tashrif buyuruvchilar uchun ochiq yo‘nalishlar hamda yashil hududlar tashkil etish rejamiz bor.
Xivada bo‘lib o‘tgan oltinchi ochiq muloqotda Prezidentimiz bizga yangi kuch va g‘ayrat ato etadigan yangi tashabbuslar bilan chiqdilar. Shu bois yaqin istiqbolda biz, eng avvalo, uchta o‘zgarishni kutyapmiz. Eksport jarayonlarining tezlashishi va milliy brendlarni tashqi bozorda tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi yangiliklar bizga juda qo‘l keladi. Biz mahsulotimizni xorijning yangi bozorlariga eksport qilamiz. Tadbirkorlikka oid ma’muriy tartiblarning yanada soddalashishi ham yangi quvvatlar, ko‘proq mahalliylashtirish, yuzlab yangi ish o‘rni va yosh mutaxassislar uchun zamonaviy kasblar deganidir.
Umuman olganda, kechagi muloqotdan keyin, o‘ylaymanki, bizga berilgan imkoniyatning javobi ham katta mas’uliyat bo‘lishi kerak. Tadbirkor davlatdan faqat yengillik kutib qolmasdan, halol soliq to‘lashi, sifatli ish o‘rni yaratishi, tabiatni asrashi va O‘zbekiston nomini munosib mahsulot bilan dunyoga tanitishi shart. Biz “Chortoq Mineral Water” jamoasi bilan aynan shu tamoyilga amal qilamiz.

