Mahalliy

“Tabibimning oʻzi ham bemor”: MIB Fargʻona viloyati boshqarmasi ustidan ijro ishi qoʻzgʻatildi

MIB Fargʻona shahar boʻlimi davlat ijrochisi byuroning Fargʻona viloyati boshqarmasiga nisbatan ijro ishi qoʻzgʻatdi. Sud qarori bilan boshqarmadan fuqaro foydasiga 642 mln soʻm majburiy progul uchun ish haqi va kompensatsiya undirilishi lozim.

“Tabibimning oʻzi ham bemor”: MIB Fargʻona viloyati boshqarmasiga nisbatan ijro ishi ochildi

Fargʻonada MIB faoliyati bilan bogʻliq noodatiy holat yuz berdi: byuroning Fargʻona shahar boʻlimi davlat ijrochisi viloyat boshqarmasiga qarshi ijro ishi qoʻzgʻatdi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga koʻra, mazkur ish MIB Fargʻona viloyati boshqarmasi taftishchisining noqonuniy ishdan boʻshatilishi bilan bogʻliq.

Daʼvogar Asqar Yusupov 2020-yil 4-dekabrdan MIB Fargʻona viloyati boshqarmasi taftishchisi lavozimida ishlagan. U Byuro direktorining 2024-yil 8-iyuldagi buyrugʻi bilan lavozimidan ozod qilingan. Keyin boshqarmaning 2024-yil 17-iyuldagi buyrugʻiga binoan xizmatdan boʻshatilgan.

Asqar Yusupov Fargʻona viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish instansiyasining 2025-yil 3-dekabrdagi ajrimi bilan xizmatga tiklangan. Boshqarmadan uning foydasiga 217 mln soʻm ish haqi va 15 mln soʻm maʼnaviy zarar undirilishi belgilangan. Oliy sud fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish instansiyasining 2026-yil 24-fevraldagi ajrimi bilan ish haqi 215 mln soʻmga oʻzgartirilgan.

Daʼvogar hozir xizmatga tiklanganini, biroq unga lavozim ham, ish haqi ham berilmaganini bildirgan. Shu sabab u daʼvoni qanoatlantirishni, shuningdek, majburiy progul uchun ish haqi va ish haqi toʻlovlari kechiktirilgani uchun kompensatsiya undirishni soʻragan.

FIB Fargʻona tumanlararo sudining 2026-yil 20-iyuldagi qarori bilan qarzdor MIB Fargʻona viloyati boshqarmasidan daʼvogar Asqar Yusupov foydasiga 78 mln soʻm majburiy progul uchun ish haqi va 564,4 mln soʻm kompensatsiya undirish belgilangan.

2026-yil 10-sentabrda MIB Fargʻona shahar boʻlimi davlat ijrochisi ushbu qarzdorlikni undirish yuzasidan MIB Fargʻona viloyati boshqarmasiga nisbatan ijro ishi qoʻzgʻagan. Tartibga koʻra, boshqarmaga ijro talablarini ixtiyoriy bajarish uchun 15 kunlik muddat berilgan.

Biroq hozircha boshqarma ijro talablarini bajarmagan. Agar qarzdorlik belgilangan muddatda yopilmasa, davlat ijrochisi oʻz rahbariyatiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashi kerak boʻladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.