“Tabibga borib vaqt yo‘qotmang”. Ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha intervyu
Ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida ko‘p uchraydigan saraton turi bo‘lib, O‘zbekistonda ham yosharib bormoqda. Hatto bu kasallik erkaklarda ham aniqlanyapti. Ko‘krakni qachon olib tashlanadi? Mammografiya kimlarga bepul? Tabiblarga nega borilyapti? Gazeta shu kabi savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.

“Tabibga borib vaqt yo‘qotmang”. Ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha intervyu
Ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan saraton turlaridan biri sanaladi. O‘zbekistonda ham ushbu kasallik sababli o‘lim holatlari ko‘p qayd etilmoqda. Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda 4793 ta yangi kasallik holati aniqlangan, 2085 nafar ayol esa shu kasallikdan vafot etgan.
Hozir O‘zbekistonda ko‘krak bezi saratoni haqida xabardorlik oyi o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov kasallikning kelib chiqish sabablari, xavf omillari, erta tashxislash va davolash imkoniyatlari yuzasidan ekspertlar — Lola Zokirova hamda Dilfuza Aniyozova bilan suhbatlashdi.
— Ko‘krak bezi ayollarda ham, erkaklarda ham mavjud. Ayollarda u sut bezi deb ataladi, chunki uning asosiy vazifalaridan biri bolani emizish uchun sut ishlab chiqarishdir. Sut bezlari homiladorlik davrida o‘zgarishlarga uchraydi va tug‘ruqdan keyin sut ishlab chiqarishni boshlaydi.
Ko‘krak bezi saratoni nafaqat ayollarda, balki erkaklarda ham uchraydi.
— Ko‘krak bezi saratoni dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham keng tarqalgan va xavfli kasalliklardan biri hisoblanadi. Uning asosiy belgilari quyidagilar: ko‘krakda tugun yoki qattiqlashgan joy paydo bo‘lishi; ko‘krakning qizarishi va shishishi; ko‘krak so‘rg‘ichidan turli ajralmalar, jumladan, qonli ajralma kelishi; ko‘krak terisida uzoq vaqt bitmaydigan yaralar paydo bo‘lishi.
Biroq kasallik dastlabki bosqichlarda hech qanday belgi bermasligi ham mumkin. Shuning uchun ayol o‘zini yaxshi his qilsa yoki og‘riq sezmasa ham, yoshi va shifokor tavsiyalariga ko‘ra muntazam tekshiruvdan o‘tishi muhimdir.
— 15 yillik ish tajribam davomida turmushga chiqmagan qizlarda bunday holatni uchratmaganman. Amaliyotimdagi eng yosh bemorim 25 yoshda bo‘lgan. Ko‘krak bezi saratoni asosan tug‘ruqni boshdan kechirgan ayollarda uchraydi. Emizish sut bezining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, ayrim hollarda bolani emizmaslik ham kasallik xavfiga ta’sir qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Kasallik 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan ayollarda ko‘proq uchramoqda. Erkaklarda ham ko‘krak bezi saratoni aniqlanadi, ammo bunday holatlar kam kuzatiladi. Masalan, yiliga shifoxonamizga kelgan bir-ikkita erkakda qayd etilgan.
— Hech qaysi saraton kasalligi, jumladan, ko‘krak bezi saratoni ham odatda birdaniga paydo bo‘lmaydi. Uning rivojlanishiga turli omillar ta’sir qiladi.
Xavf omillari qatoriga irsiy moyillik, gormonal o‘zgarishlar, semizlik, yosh o‘tishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar va ayrim reproduktiv omillar kiradi. Masalan, teri osti yog‘ to‘qimasida estrogen ishlab chiqarilishi gormonlar muvozanatiga ta’sir qiladi. Semizlik ayrim hollarda estrogen miqdorining oshishiga olib kelib, ko‘krak bezi saratoni xavfini ko‘paytirishi mumkin.
Bundan tashqari, 30 yoshdan keyin birinchi marta tug‘ish, ayrim gormonal preparatlarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilish va irsiy moyillik ham e’tiborga olinishi kerak.
Kontratseptiv vositalarni umuman qo‘llamaslik kerak, degan xulosa chiqarmaslik lozim. Muhimi, ularni shifokor bilan maslahatlashgan holda to‘g‘ri tanlash. Ayollardagi surunkali kasalliklar va gormonal buzilishlar ham shifokor nazoratini talab qiladi. Biroq muayyan xavf omilining mavjudligi insonda albatta saraton rivojlanadi, degani emas.
Sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va tana vaznini me’yorda saqlash umumiy salomatlik uchun muhim. Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari va turli gazaklarni ko‘p iste’mol qilishdan saqlanish maqsadga muvofiq. Uzoq davom etadigan stress ham insonning uyqusi, gormonal muvozanati va umumiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
— Irsiy moyillik ko‘krak bezi saratonini keltirib chiqaruvchi omillardan biri hisoblanadi. Ammo bu kasallik albatta avloddan-avlodga o‘tadi, degani emas. Agar ayolning onasi, xolasi yoki ammasida ko‘krak bezi saratoni aniqlangan bo‘lsa, u o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishi va shifokor tavsiyasiga ko‘ra muntazam tekshiruvlardan o‘tib turishi kerak.
Bugungi kunda genetik tekshiruvlar orqali ham kasallikka irsiy moyillikni aniqlash mumkin. Masalan, BRCA1 va BRCA2 genlarini tekshirish ko‘krak bezi va tuxumdon saratoni rivojlanish xavfini oshiruvchi ayrim irsiy o‘zgarishlar bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beradi.
Natijalar asosida shifokor bemorga mos kuzatuv va profilaktika choralarini tavsiya qilishi mumkin. Biroq bunday genetik o‘zgarishning aniqlanishi ayolda albatta saraton rivojlanadi, degani emas. Xuddi shuningdek, natijaning manfiy chiqishi ham kasallik xavfi butunlay yo‘qligini anglatmaydi.
—
2025-yilda ko‘krak bezi saratoni bilan taxminan 26 ming nafar ayol dispanser hisobiga olingan. Bu har 100 ming ayolga 12,9 nafardan to‘g‘ri keladi, degani.
Ilgari bemorlarning ko‘pchiligi kasallikning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida murojaat qilardi. Hozir esa erta tashxislash imkoniyatlari kengaymoqda. Bemorlarning 50,8 foizida kasallik ikkinchi bosqichda aniqlangan.
Bu borada skrining dasturlarining ahamiyati katta. Kasallikni belgilari paydo bo‘lishidan oldin aniqlash imkoniyati oshgani sari davolashni ertaroq boshlash mumkin bo‘ladi.
— Anjelina Jolining buvisi, onasi va xolasi saratonda vafot etgan. U oilaviy tarixini hisobga olib, BRCA1 va BRCA2 genlaridagi o‘zgarishlar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tgan. Unda xavf bilan bog‘liq genetik o‘zgarish aniqlangach, saraton rivojlanishining oldini olish maqsadida ko‘krak bezi to‘qimasini profilaktik olib tashlash amaliyotini tanlagan.
Bunday qaror juda murakkab. Hatto saraton tashxisi qo‘yilgan ayol uchun ham ko‘krakni olib tashlash ruhiy jihatdan og‘ir kechishi mumkin. Hali kasallik aniqlanmagan, ammo irsiy xavfi yuqori bo‘lgan ayol uchun bunday qarorni qabul qilish yanada qiyin. Shuning uchun profilaktik jarrohlik har bir ayolga tavsiya etiladigan usul emas. Bu masala genetik tekshiruv natijalari, individual xavf va mutaxassislar maslahati asosida hal qilinishi kerak.
— Ilgari bemorlarning katta qismi kasallikning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida murojaat qilardi. Bunday hollarda ko‘krakni to‘liq olib tashlashga to‘g‘ri kelardi.
Hozir mammografik skrining rivojlanayotgani va kasallik ertaroq aniqlanayotgani sababli, ko‘krakni saqlab qolish imkoniyatlari ham oshmoqda. Ayrim bemorlarda a’zoni saqlovchi, zarur hollarda rekonstruktiv-plastik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish mumkin.
Erta tashxislash davolash usulini tanlashga ham ta’sir qiladi. Kasallik bosqichiga qarab, ba’zi bemorlarda operatsiyani kimyoterapiyadan oldin o‘tkazish mumkin, boshqalarida esa avval dori bilan davolash talab etiladi. Kasallik qanchalik kech aniqlansa, davolash jarayoni shunchalik murakkablashishi mumkin. Shu sababli mammografik skriningdan o‘z vaqtida o‘tish juda muhim.
— So‘nggi yillarda ayollarning o‘z salomatligiga e’tibori va onkologik kasalliklar haqidagi xabardorligi oshmoqda. Poliklinikalarda onkologik nazorat xonalari tashkil etilgani, ginekologlar ham ko‘krak bezini tekshirayotgani bunda muhim o‘rin tutadi.
Ilgari ayrim ayollar ko‘krakdagi tugunni oddiy holat deb o‘ylashi, so‘rg‘ichdan ajralma kelishi yoki terida yara paydo bo‘lishini xavfli belgi sifatida qabul qilmasligi mumkin edi. Hozir esa bunday o‘zgarishlar aniqlanganda, bemorni qo‘shimcha tekshiruvga yo‘naltirish imkoniyati kengaygan. Ijtimoiy tarmoqlar va internetdagi ma’lumotlar ham xabardorlikni oshirishga yordam bermoqda.
Biroq moliyaviy qiyinchiliklar yoki oila a’zolarining qarshiligi tufayli tekshiruvdan o‘tmaydigan ayollar ham uchraydi. Ayrimlari moliyaviy imkoniyati yo‘qligini, turmush o‘rtog‘i yoki qaynonasi ruxsat bermaganini sabab qilib ko‘rsatadi. Ba’zilar esa to‘y, uy yumushlari yoki boshqa ishlar tufayli tekshiruvni orqaga suradi.
Belgilangan tartib doirasida mammografik skrining bepul o‘tkaziladi. Agar tekshiruvda shubhali o‘zgarish aniqlansa, bemor qo‘shimcha tekshiruv uchun onkologiya markaziga yo‘naltiriladi. Ayollarning salomatligi birinchi o‘rinda turishi kerak. Tekshiruvni kechiktirish kasallikni o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatini qo‘ldan chiqarishi mumkin. Eng muhimi, shubhali belgi paydo bo‘lsa, o‘zboshimchalik bilan xulosa chiqarmasdan, mutaxassisga murojaat qilishdir.
— Albatta. Og‘riq yo‘qligi kasallik yo‘qligini anglatmaydi. Mammografik skriningning asosiy maqsadi ham kasallikni hali belgilari paydo bo‘lmagan davrda aniqlashdir.
402-son qarorda belgilangan dasturga ko‘ra, 45−65 yoshdagi ayollar ikki yilda bir marta mammografiya tekshiruvidan o‘tishi kerak. 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar markaziy poliklinikalarda sut bezi ultratovush tekshiruvidan (UTT) o‘tishlari mumkin. Bu skrining tekshiruvi bepul amalga oshiriladi.
—
Ayollarning hali ham tabiblarga murojaat qilishi bizning eng og‘riqli muammolarimizdan biri.
Ko‘pincha bemorlar dastlab ko‘kragida 1−2 santimetrli yoki qurtdek kichik tugun sezgach, tabibga borib, uning malhamlarini surgani, dorilari yoki giyohlarini iste’mol qilganini aytishadi. Ammo shu vaqt davomida o‘sma kattalashib, teri yuzasiga yorib chiqadi.
Tabiblar esa buni kasallik keltirib chiqargan yomon hujayralar tashqariga chiqayotgani, davolash usuli samara berayotgani bilan izohlashadi. Aslida, o‘smaning kattalashishi, teriga yorib chiqishi va to‘qimalarning yemirilishi kasallik ancha ilgarilab ketganidan darak berishi mumkin. Bunday holatda bemorlar bizga juda og‘ir ahvolda murojaat qilishadi. Afsuski, ba’zan shunda ham tabiblar o‘z usullarining samarasizligini tan olishmaydi.
Shuning uchun ayollardan iltimos qilardim: ko‘krakda tugun yoki boshqa shubhali o‘zgarishlarni sezsangiz, tabiblarga borib vaqt yo‘qotmang.
Darhol malakali shifokorga murojaat qiling. Kasallikni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash juda muhim.
— Ayollarning shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmasligiga sabab bo‘ladigan omillardan biri — kimyoterapiya va uning asoratlaridan qo‘rqish. Ko‘krak bezi saratonini davolashda kimyoterapiya qo‘llanishi mumkin. Uning nojo‘ya ta’sirlaridan biri soch to‘kilishi hisoblanadi.
Kimyoterapiyadan oldin bemor bilan suhbat o‘tkazilib, davolash jarayoni va ehtimoliy asoratlar haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Ayollarni esa ko‘pincha sochlari to‘liq to‘kilib ketishi haqidagi xavotir qiynaydi. Soch to‘kilishi, odatda, vaqtinchalik bo‘lib, davolash tugagach, sochlar qayta o‘sadi. Biroq ularning avvalgi qalinligiga qaytishi har bir bemorda turlicha kechishi mumkin.
Ayrim ayollar sochi to‘kilishi sababli atrofdagilarning munosabatidan, qaynona-qaynota yoki turmush o‘rtog‘i oldidagi holatidan xavotirlanadi. “Sochim to‘kilib ketsa, qo‘ni-qo‘shni nima deydi? Turmush o‘rtog‘im meni tashlab ketsa-chi?” degan qo‘rquvlar ularni tibbiy davolashdan qochib, tabiblarga murojaat qilishga undaydi.
Tabiblar esa turli giyohlar va dorilar soch to‘kilishiga sabab bo‘lmasligini aytib, bemorlarni ishontirishadi. Natijada ayollar qimmatli vaqtni yo‘qotib, kasallik ancha ilgarilab ketganidan keyingina shifokorga murojaat qilishadi. Afsuski, shunday bemorlar oramizda ham uchrab turadi.
— Bir ko‘krakda saraton aniqlanishi kasallik ikkinchi ko‘krakka ham o‘tadi, degani emas. Ammo kam hollarda har ikki ko‘krakda ham alohida o‘smalar paydo bo‘lishi mumkin. Bu ikki tomonlama, ya’ni bilateral saraton deb ataladi. Ko‘krak bezi saratoni boshqa a’zolarga, jumladan, jigar, suyaklar, o‘pka va bosh miyaga metastaz berishi mumkin. Bu kasallikning turi va bosqichiga bog‘liq.
Shaxsiy amaliyotimda chap ko‘krakdagi o‘smalar ko‘proq uchraganini kuzatganman. Biroq bu umumiy qonuniyat yoki barcha bemorlarga tegishli xulosa emas.
— Prezidentning 402-son qarori qabul qilinishidan oldin, 2025-yilda mamlakatdagi mavjud uskunalar va mutaxassislarning tayyorgarlik darajasi o‘rganildi. Shundan keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda skrining tizimini rivojlantirish choralari ko‘rildi.
Dastur boshlangan paytda respublika bo‘yicha skrining uchun 31 ta mammograf mavjud edi.
Hozir ularning soni 51 taga yetgan. Qaror doirasida qo‘shimcha 14 ta mammograf o‘rnatildi.
Bundan tashqari, agentligimiz Yaponiyada ishlab chiqarilgan beshta zamonaviy statsionar mammografni xarid qilish va o‘rnatishga ko‘maklashdi.
Uskunalar Qo‘ng‘irot tumani, Andijon va Termiz shaharlari, Urganch shahri hamda Ishtixon tumanidagi ko‘p tarmoqli poliklinikalarga joylashtirildi.
Maqsad — tekshiruvlarni ayollarga imkon qadar yaqinlashtirish. Mammograflar birlamchi tibbiy yordam muassasalarida bo‘lsa, chekka hududlarda yashaydigan ayollar tekshiruvdan o‘tish uchun uzoq masofa bosib o‘tishga majbur bo‘lmaydi. Bu skrining bilan qamrovni oshirish va kasallikni erta aniqlashga xizmat qiladi.
— Dastur boshlangan vaqtda respublika bo‘yicha 60 nafarga yaqin mammolog bor edi. Shuning uchun mutaxassislar malakasini oshirish va xalqaro tajribani o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
Agentligimiz ko‘magida Respublika onkologiya va radiologiya markazining 13 nafar mutaxassisi AQShning Yuta shtatidagi Hantsman saraton markaziga malaka oshirish uchun yuborildi. Ular orasida Lola Zokirova ham bor edi. Tashrifdan maqsad faqat tajriba almashish emas, balki O‘zbekistondagi barcha markazlarda bir xil darajada yo‘lga qo‘yilmagan ayrim amaliyotlarni, jumladan, zararlangan limfa tugunlarini biopsiya qilish va ularni olib tashlash usullarini o‘rganish edi.
Yana bir muhim jihat — saratonni davolashda ko‘p tarmoqli jamoa yondashuvini joriy etish. Bemorni davolash rejasi faqat bitta shifokor tomonidan emas, balki turli mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinishi kerak.
Xalqaro tashrifdan keyin Respublika onkologiya va radiologiya markazida shunday jamoaviy ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hozir bemorlarning holati va davolash rejalari mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinadi. Bu bemor uchun eng maqbul usulni tanlashga yordam beradi.
— Yo‘q, poytaxtga kelish shart emas. Tumanlardagi ko‘p tarmoqli poliklinikalarda onkologik nazorat xonalari tashkil etilgan. Ularda akusher-ginekologlar ko‘krak bezini paypaslab tekshirishga o‘rgatilgan.
Bundan tashqari, skrining registri tashkil qilingan. Unda ayolning dastlabki tekshiruvdan tortib, zarur bo‘lsa, onkologiya markaziga yuborilishigacha bo‘lgan jarayon kuzatib boriladi. Bu bemorlarning tekshiruv va davolash jarayonida e’tibordan chetda qolib ketmasligi uchun kerak.
402-son qarorda belgilangan tartibga muvofiq, 45−65 yoshdagi ayollar birlamchi tibbiy yordam muassasalarida mammografiya skriningidan o‘tishga jalb qilinadi. Agar tekshiruv natijasida shubhali o‘zgarish aniqlanmasa, qo‘shimcha ravishda onkologiya markaziga yuborish talab etilmaydi. Shubhali holatlarda esa ayol tegishli viloyat onkologiya markaziga yo‘naltiriladi.
Shu tariqa, chekka hududlardagi ayollar ham o‘z yashash joyiga yaqin tibbiy muassasada tekshiruvdan o‘tishi va zarurat tug‘ilganda mutaxassis yordamini olishi mumkin.
— Agentligimiz tomonidan aholiga onkologik kasalliklar haqida sodda va tushunarli tilda ma’lumot berishga qaratilgan elektron portal ishlab chiqildi. Uni yaqin ikki kun ichida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Portalda dastlab ayollarda uchraydigan saraton turlari, jumladan, ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni, shuningdek, bolalar saratoni haqida o‘zbek tilida ma’lumot beriladi. 2027-yildan boshlab esa kattalarda ko‘p uchraydigan boshqa saraton turlari ham qamrab olinadi.
Portal orqali nafaqat kasalliklar haqida ma’lumot olish, balki qayerga murojaat qilish, qaysi tekshiruvlardan bepul o‘tish mumkinligi va qanday holatlarda qaysi mutaxassisga uchrashish kerakligini bilish ham mumkin bo‘ladi. Shuningdek, foydalanuvchilar mutaxassislarga o‘z savollarini yo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, joriy yilning avgust oyida agentligimiz tomonidan yana bir loyiha yo‘lga qo‘yildi. Uning doirasida AQShdan ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha onkologlar hamda gistologik va patomorfologik tekshiruvlar bo‘yicha mutaxassislar jalb qilindi. Ular bilan hamkorlikda 2027-yil dekabriga qadar O‘zbekistondagi onkologlarning malakasini oshirish ishlari olib boriladi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, saratonni erta va to‘g‘ri tashxislash imkoniyatlarini kengaytirish.
— Agentligimiz 402-sonli qaror ijrosini monitoring qilish jarayonida hududlarga chiqib, mas’ul muassasalar mutaxassislari va aholi bilan suhbatlashadi. Kuzatuvlarimiz davomida, ayniqsa, chekka hududlardagi ayollar mammografiya tekshiruvidan qo‘rqishini aniqladik.
Ayrimlari hatto tekshiruv bepul bo‘lsa ham, “Borsam, menda ham biror kasallik aniqlanadi”, deb xavotirlanadi.
Aslida, bundan qo‘rqmaslik kerak. Kasallikni o‘z vaqtida aniqlash orqali samarali davolanish, hatto ko‘krakni saqlab qolish va odatiy hayotga qaytish mumkin.
Ikkinchi muhim masala — pestitsidlar ta’siri. AQShdagi Kolumbiya universiteti tadqiqotchilari olib borgan uzoq muddatli kuzatuvlarda ayrim pestitsidlar ta’siri va ko‘krak bezi saratoni xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilgan. O‘zbekistonda ham paxta va g‘alla dalalarida ishlaydigan ayollar bor. Shuning uchun ularga pestitsidlar bilan aloqani imkon qadar kamaytirish, qo‘lqop va uzun yengli kiyim kabi himoya vositalaridan foydalanishni tavsiya qilaman.
Uchinchidan, barcha ayollarni onko-portal orqali saraton haqida ishonchli va dalillarga asoslangan ma’lumot olishga chaqiraman. Qanchalik ko‘p ma’lumotga ega bo‘lsak, kasallik belgilarini shunchalik erta tanib, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

