Taʼlimdagi islohotlar natijalari yangi imkoniyatlar va yuqori koʻrsatkichlarda namoyon boʻlmoqda
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi Oʻzbekiston» universitetida pedagog va murabbiylar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda taʼlim sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar sarhisob qilindi.

Taʼlimdagi islohotlar natijalari yangi imkoniyatlar va yuqori koʻrsatkichlarda namoyon boʻlmoqda
Soʻnggi oʻn yil ichida Oʻzbekistonda taʼlim infratuzilmasini kengaytirish, oʻqitish mazmunini yangilash va pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Ushbu davrda 1 mln 800 ming oʻrinli bolalar bogʻchalari va 1,5 mln oʻrinli maktablar tashkil etildi, 10 mingdan ortiq bolalar bogʻchasi va maktab zamonaviy qiyofaga keltirildi. Bolalar paxta dalalaridan maktab partalariga, oʻqituvchilar esa taʼlim jarayoniga qaytarildi.
2018 yildan boshlab yangi avlod darsliklarini yaratish boʻyicha ishlar boshlandi, bunga tajribali mutaxassislar, olimlar, pedagoglar, mualliflar va xususiy kompaniyalar jalb etildi. Finlyandiya va Singapur tajribasi oʻrganildi. Faqat joriy yilning oʻzida 400 dan ortiq mutaxassis ishtirokida 324 ta darslik yangilandi. Yangi darsliklarda milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, tabiatni muhofaza qilish, suvni tejash, raqamli texnologiyalar, moliyaviy savodxonlik, kelajak kasblari, mustaqil va tanqidiy fikrlashga alohida eʼtibor qaratilgan. 2030 yilga qadar 8–11-sinflar uchun darsliklarni yangilash ham yakunlanadi.
Islohotlar natijalari xalqaro baholashlarda ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. MELQO tadqiqotida maktabgacha taʼlim tizimi yuqori baholandi. PISA reytingida 15 yoshli oʻquvchilar tabiiy fanlar boʻyicha 32 pogʻonaga koʻtarilib, dunyoda 48-oʻrinni egalladi. Joriy yilda yoshlar nufuzli olimpiadalarda 228 ta medalni, jumladan, 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston ilk bor mezbonlik qilgan kimyo va informatika boʻyicha xalqaro olimpiadalarda yana 8 ta medal qoʻlga kiritildi. Maktab davridayoq chet tillari va oʻquv fanlari boʻyicha sertifikat olgan oʻquvchilar soni 2,5 barobarga koʻpayib, 100 ming nafarga yetdi. 5 mingga yaqin bitiruvchi oliy oʻquv yurtlariga kirishda maksimal ball toʻpladi.
Pedagoglar maqomini oshirish va ularning mehnatini ragʻbatlantirish borasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xalqaro va milliy sertifikatlarga ega oʻqituvchilar soni besh yil ichida 29 mingdan 143 mingga yetdi, maktablardagi oʻqituvchilar yetishmovchiligi esa uch barobarga qisqardi. PISA tahliliga koʻra, ushbu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 8 foizni tashkil etadi, vaholanki, tadqiqot oʻtkazilgan 91 ta davlat boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 40 foizga teng. Hozirgi vaqtda 40 ming nafar oʻqituvchi 1 ming dollardan ortiq, yana 1,5 ming nafari esa 2 ming dollardan ortiq ish haqi olmoqda. Ilk bor «Yil oʻqituvchisi» tanlovining 208 ta tuman va shahar gʻoliblari 616 million soʻmdan mukofotlandi.
Inklyuziv taʼlim bilan qamrab olish ham kengaydi. Ikki yil ichida inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 591 taga koʻpaydi. Alohida ehtiyojga ega 10 ming nafar bola oʻz tengdoshlari bilan bir muhitda taʼlim olmoqda. Toshkentda koʻp tarmoqli inklyuziv resurs markazi-maktabi oʻz faoliyatini boshladi.
Maktabgacha taʼlim sohasida Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarga moslashtirilgan yangi dastur ishlab chiqildi. 180 ming nafar tarbiyachi va pedagog yangi metodika boʻyicha oʻqitilmoqda. Oʻyin orqali oʻqitish dasturi allaqachon 30 foiz bolalar bogʻchalarida amal qilmoqda. Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan taʼlimga jalb qilish boʻyicha mintaqaviy markaz, shuningdek, Italiyaning Redjo-Emiliya markazi ish boshladi. Bogʻcha tarbiyachilari uchun ishdan ajralmagan holda oliy maʼlumot olish imkoniyati yaratildi va joriy yilda ulardan 7 ming nafari oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirdi.
Professional taʼlimda soʻnggi ikki yil ichida 104 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Xitoyning xalqaro dasturlari joriy etildi. 25 mingta korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ortiq yoshlar bir vaqtning oʻzida oʻqish va pul ishlash imkoniyatiga ega boʻldi. Dual taʼlim doirasida kasb oʻrganayotgan yoshlarga 1 mln 300 ming soʻmgacha stipendiya toʻlanmoqda. Joriy yilda texnikumlarga 9-sinfning 220 ming nafar bitiruvchisi jalb etildi. «Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari» professional tanlovida 170 ming nafar oʻquvchi ishtirok etdi.
Oliy taʼlim imkoniyatlari kengayishi tufayli talabalar soni 1 mln 600 ming nafarga yetdi. Yettita oliy oʻquv yurti 17 ta fan yoʻnalishi boʻyicha nufuzli xalqaro reytinglarga kirdi. Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berildi. Bugungi kunda mamlakatda 32 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda.

