SWIFTдан CIPSга
Qirgʻiziston SWIFT tizimini chetlab oʻtib, Xitoyning CIPS tizimiga ulanmoqda

**SWIFTдан CIPSга**
Qirgʻiziston Xitoyning moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi — CIPS (Cross-Border Interbank Payment System) bilan integratsiyalashuvni boshlamoqda. Yangi mexanizm hisob-kitoblarni vositachi banklarsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri yuanda amalga oshirish imkonini beradi. Bu haqda respublika Milliy banki maʼlum qildi. CIPS allaqachon 119 ta davlatni birlashtirgan, SWIFTga qaraganda tezroq ishlaydi, komissiya toʻlovlari esa 20–40 foizga pastroq.
Qirgʻiziston uchun Xitoy platformasiga oʻtish — xalqaro tranzaktsiyalar bloklanishi xavfini kamaytirish usulidir, ayniqsa respublika faol savdo qiladigan Rossiya va Belarusga nisbatan sanktsiyalar bosimi fonida. Bunda Xitoy asosiy omil boʻlib qolmoqda: mamlakat tashqi savdo aylanmasining qariyb 30 foizi uning hissasiga toʻgʻri keladi. Pekin bilan hisob-kitoblarning osonlashishi tovarlar yetkazib berish va investitsiyalarni jalb qilishga turtki berishi kerak.
Ekspertlar tizimning kamchiliklari ham borligini koʻrsatmoqda. CIPS faqat yuan bilan ishlaydi va oʻtishdan soʻng Qirgʻiziston zaxiralarining bir qismi muqarrar ravishda Xitoy valyutasiga oʻtkaziladi. Bu yuan kursiga qaramlikni yuzaga keltiradi, kurs esa beqaror boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, CIPSga ulanish texnik jihatdan murakkab va banklarning IT-infratuzilmasini yangilashni talab qiladi. Milliy bankda esa tizim allaqachon sinovdan oʻtkazilgani va u biznesga xarajatlar hamda operatsiyalarni amalga oshirish vaqtini qisqartirish imkonini berishi taʼkidlanmoqda. Shuningdek, CIPS SWIFTni toʻliq almashtirmasligi, balki Xitoy va boshqa ishtirokchi davlatlardagi sheriklar bilan hisob-kitoblar uchun muqobil kanal sifatida xizmat qilishi qayd etilgan.

