Siyosat

“Suverenitetni qanday saqlab qolishimiz haqida o‘ylardim”. O‘zbekiston tarixidagi birinchi elchi Yusuf Abdullayev bilan intervyu

Mustaqil O‘zbekistonning ilk elchisi Yusuf Abdullayev Gazeta`ga bergan eksklyuziv intervyusida ilk elchixona qanday tashkil etilgani, 90-yillar boshida Rossiyada O‘zbekiston qanday qabul qilingani va Moskvadagi putch paytida nima uchun O‘zbekiston TIVning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortgani haqida so‘zlab berdi.

"Suverenitetni qanday saqlab qolishimiz haqida o‘ylardim." O‘zbekiston tarixidagi birinchi elchi Yusuf Abdullayev bilan suhbat

Professor Yusuf Abdullayev, Nyu York Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, Samarqand davlat chet tillar institutining birinchi rektori (1994−2003) va hozirda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, Gazeta`ga bergan eksklyuziv intervyusida mamlakat mustaqillikning dastlabki yillarida o‘z diplomatiyasini yo‘lga qo‘yish va birinchi elchixonani ochish yo‘lidagi qiyinchiliklar, brifinglar va OAV bilan uchrashuvlarning ahamiyati hamda Moskvadagi favqulodda va muxtor elchilik davridagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

— Birinchi prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov mustaqillikni e’lon qilganida, men xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlar edim. Butun sovet makonida eyforiya hukm surardi; hamma mustaqillik e’lon qilayotgan edi. Ko‘pchilikda "endi yaxshi yashaymiz, o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal qilamiz" degan tuyg‘u bor edi.

Biroq mustaqillik faqat birinchi bosqich. Men o‘z tajribamdan kelib chiqib, faqat bir narsa haqida o‘ylardim: bundan keyin qanday yo‘l tutamiz? Mustaqil davlatlar juda ko‘p, BMTning 193 a’zosi – ularning bari mustaqil. Lekin hamma ham suveren bo‘la olgani yo‘q. Bu esa Konstitutsiyamizdagi birinchi so‘z edi. Ya’ni o‘z ichki va tashqi siyosatimizni o‘zimiz belgilashimiz.

O‘sha yillarda birinchi prezidentimiz aytgan gaplar yodimda qolgan: "Agar mustaqil bo‘lishni istasang, haqiqatan ham, shunday bo‘l." Ya’ni qarorlarni o‘zing qabul qil, senga hech kim buyruq bermasin, xalqingni munosib ifoda et va xalq o‘zini jahon hamjamiyatining sun’iy emas, haqiqiy subyekti sifatida namoyon qilsin. Men ana shu mustaqillik tushunchasini qay darajada saqlab qola olishimiz haqida chuqur o‘ylardim.

— 11-iyun kuni taxminan soat 16:00 lar edi. Menga Islom Abdug‘aniyevichning yordamchisi, marhum Georgiy Kraynov qo‘ng‘iroq qilib: "Yusuf Ne’matovich, sizni oltinchi qavatga chaqirishyapti." U paytlarda "oltinchi qavat" Oqsaroyga ko‘chgunga qadar Sharof Rashidov, Islom Karimov o‘tirgan joy bo‘lgan – davlat rahbari chaqirayotgani hammaga ayon edi.

Oldilariga kirganimda, Islom Abdug‘aniyevich: "Sizni birinchi favqulodda va muxtor elchi etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonga qo‘l qo‘yyapman," dedi. Avvaliga "Qaysi davlatga ekan?" deb o‘yladim, chunki bungacha turli gap-so‘zlar bo‘lgandi. U kishi: "Rossiyaga," dedi.

Keyinchalik, Rossiya prezidenti Boris Yelsin bilan uchrashuvlarning birida u shunday degandi: "Islom Abdug‘aniyevichning ilk elchini Vashington yoki Anqaraga emas, aynan Moskvaga yuborganidek qat’iy qadamini yuksak qadrlayman."

Nega aynan Rossiyaga? Albatta, biz yagona makonda edik. Bu shunchaki geografik tushuncha emas. Tashqi savdo aylanmamizning 54 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelardi. Rossiya uchun biz o‘sha paytda bor-yo‘g‘i 8,4 foiz atrofida edik, lekin biz uchun 54 foiz – yarmidan ko‘p degani edi. Paxtamizning 70 foizi to‘liq Rossiyaga borar va o‘sha yerda qayta ishlanardi. Neft, sanoat va shu kabi boshqa sohalarni aytmasa ham bo‘ladi. Ya’ni Islom Abdug‘aniyevich iqtisodchi sifatida, eng avvalo, umumiy iqtisodiy makon doirasida maksimal darajada qolishimiz zarurligidan kelib chiqqan edi. Bu eng asosiy masala bo‘lgan.

Bundan tashqari, biz undan keyin ham yana ikki yil rubl zonasida qoldik. Rublni Moskvadan olardik. Rossiyaning "Gerakl" deb ataladigan atoqli moliyachisi Viktor Geraenko (1992−1994 va 1998−2002-yillarda Rossiya Markaziy banki rahbari) bularning barchasini nazorat qilardi. Mening eng muhim vazifalarimdan biri u bilan shaxsiy munosabat o‘rnatish edi va buning uddasidan chiqdim. O‘rtamizda ajoyib, o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar shakllandi, bu esa har gal unga murojaat qilganimizda rublga oid so‘rovlarimizni ijobiy hal qilish imkonini berardi va u yordamini ayamasdi.

Demak, birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlar va mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini saqlab qolish turgan edi. Bu esa bevosita Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan.

O‘sha kunga qaytadigan bo‘lsak, Islom Abdug‘aniyevich 40 daqiqa davomida Rossiya-O‘zbekiston va, umuman, xalqaro aloqalar bo‘yicha pozitsiyamiz qanday bo‘lishi kerakligini tushuntirdi. U shunday yo‘nalish berdi: "Iloji boricha o‘z pozitsiyamizni mustahkam ushlashga harakat qiling. Sizga juda qiyin bo‘ladi, chunki biz barcha tashqi siyosiy yo‘nalishlarimizni endigina shakllantiryapmiz. O‘z an’analarimizdan kelib chiqib, davlat manfaatlarimizni maksimal darajada himoya qilishga intiling."

Suhbatdan so‘ng u kishi meni qabulxonagacha kuzatib qo‘yib: "Men sizga 100 foiz ishonaman," dedi. Bu juda katta ishonch edi.

Vazirlikdagi xonamga qaytganimda, bokschilar tili bilan aytganda, "groggi", ya’ni karaxtlik holatida edim. Kabinetda o‘tira olmasligimni tushunib, uyga ketdim.

Boy kutubxonamdan uchta kitob oldim. Ular XI asrda yozilgan kitoblar edi. Birinchisi – Yusuf Xos Hojibning 1069-yilda qadimgi turkiy tilda yozilgan "Qutadg‘u bilig" ("Saodatga eltuvchi bilim") asari.

Ikkinchisi – fors tilida, taxminan 1082-yilda Xurosonda (Eronda) Kaykovus tomonidan yozilgan "Qobusnoma". Uchinchisi esa Isfahonda saljuqiylarning bosh vaziri Nizom ul-Mulk tomonidan fors tilida yozilgan "Siyosatnoma" – shartli ravishda siyosatshunoslik kitobi edi.

Yusuf Xos Hojibning kitobida elchi qanday bo‘lishi kerakligi haqida alohida bob bor. Ishlagan yillarim davomida bu kitob men uchun dasturilamal bo‘ldi. Eng avvalo, elchi ilmli, yuksak saviyali inson bo‘lishi kerak. U juda orasta, xushbichim, ehtiyotkor, e’tiborli bo‘lishi va muloqot qila olishi lozim.

Elchi ilm-fanni, astronomiyani, matematikani bilishi, hatto kvadrat ildiz chiqarishni ham bilishi shart. Buni bundan 1000-yil muqaddam barcha Markaziy Osiyo xalqlarining buyuk ajdodi elchi haqida yozib qoldirgandi.

U, ayniqsa, elchining qorni to‘q, ta’minoti yetarli bo‘lishi kerakligiga urg‘u bergan. Ya’ni u moddiy manfaat – hozir biz korrupsiya deb ataydigan narsa haqida o‘ylamasligi lozim. Hech qanday fitna va provokatsiyalarga uchramasligi, hech qachon spirtli ichimliklar ta’siriga tushmasligi kerak. Ichsang – aqlingni yo‘qotasan. Aqlingni yo‘qotsang – o‘z ixtiyoringni qo‘ldan berasan. Va o‘shanda mamlakating obro‘sizlanadi.

Hatto u elchi sport bilan, xususan, chavgon, ya’ni ot sporti, shaxmat, kamondan otish kabi o‘sha davr sport turlari bilan shug‘ullanishi kerakligini yozgan. Bizning davrimizda elchilar orasida eng ommabop sport turi tennis edi.

Ana shu uch kitob men uchun xalqimizning qarashlari, an’analari va ruhiyatini to‘liq his qilishimga yordam bergan asosiy dasturilamal bo‘ldi.

— Diplomatiyamiz tarixidagi ilk ishonch yorlig‘ini aynan men topshirganman. Nima uchun u ishonch yorlig‘i deb ataladi? Chunki unda: "Janobi Oliylari, muhtaram Boris Nikolayevich, Abdullayev Yusuf Ne’matovichni Rossiya Federatsiyasiga elchi etib yuborar ekanman, uning har bir so‘ziga ishonishingizni so‘rayman. Unga ishonishingizni so‘rab qolaman, chunki u mamlakat prezidenti va hukumati nomidan so‘zlaydi," deb yozilgan. "Har bir so‘ziga ishoning" – ushbu hujjatda qanchalik katta mas’uliyat yuklanganini tasavvur qilyapsizmi?!

Kremlda Rossiya rahbariyatiga diplomatiyamiz tarixidagi ilk ishonch yorlig‘ini topshirgach, elchixonaga kelib, jamoaning bir qismini to‘pladim.

"Do‘stlar, bugun Rossiya rahbariyatiga ishonch yorlig‘ini topshirish sharafiga muyassar bo‘ldik va endi biz siz bilan de-yure, rasman birinchi o‘zbek elchixonasining vakillarimiz. Sizlardan iltimosim shuki, davlatimizning obro‘-e’tibori o‘z vakolatlaringizni qanday ado etishingizga bog‘liq bo‘ladi."

Bilasizmi, birinchi bo‘lib kimlarni chaqirganman? Farroshlar, haydovchilar va qorovullarni. Stanislavskiyning mashhur "Teatr kiyim ilgichdan boshlanadi" degan gapini eslaysizmi? Men ham ularga shunday dedim: "Elchixonamiz sizdan boshlanadi." Bu birinchi qadam edi.

Bu kun yana shunisi bilan yodimda qoldiki, men elchixona bo‘lmasdan oldin O‘zSSR Vazirlar Kengashining SSSR Vazirlar Kengashi huzuridagi Doimiy vakolatxonasida (50 yil davomida "postpredstvo" deb atalgan joyda) ishlagan insonlarga minnatdorlik xatlari yozdim. Ularga tashakkur bildirib: "Asosni sizlar qo‘ygansiz va reputatsiyaga salmoqli hissa qo‘shgansiz," dedim. O‘sha paytda hayot bo‘lgan beshta o‘tmishdoshimga shu tariqa minnatdorlik bildirdim. Mening ilk ish kunim ana shunday o‘tdi.

— Moskvaga ketishdan oldin vazirligimiz yuristi Sergey Rozenfeld bilan birga o‘tirib, elchixona to‘g‘risidagi ilk nizomni ishlab chiqdik. Hali elchixona haqida hech qanday nizom yo‘q edi. Ya’ni Den Syaopin Xitoy islohotlari haqida aytganidek: "Islohotlarimizni toshlarni paypaslab daryodan kechib o‘tishga qiyoslash mumkin." Biz ham xuddi shunday toshlarni paypaslab ko‘rardik, elchixona o‘zi nima ekanini tasavvur ham qilmasdik.

JIDU (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti)ni bitirib, keyinchalik diplomatiyada ishlaganlarni karera diplomatlari deyishadi. Sovet Ittifoqi davrida bizda MGIMO yoki o‘sha davrdagi JIDUni bitirgan birorta ham kadr yo‘q edi. Bizning diplomatiya universitetimiz 1992-yil kuzida tashkil etilgan.

Xodimlarning ayrimlari kasbiy diplomat bo‘lmasa-da, SSSR TIVda ishlagan, boshqalari esa vazirliklar, idoralar va bizning Tashqi ishlar vazirligimiz tomonidan tavsiya etilgan edi. Mening nomzodlik dissertatsiyam Eron tashqi siyosati bo‘yicha bo‘lgan, tashqi siyosatdan ma’ruzalar o‘qiganman, Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida 11 yil ishlaganman, shuning uchun sharqshunos sifatida tashqi siyosat bilan aloqam bor edi. Ammo qolgan barcha xodimlarimiz – o‘qishni endigina tamomlagan yoshlar bo‘lgan.

Gogolning "Shinel" povestidan rus mumtoz adabiyoti unib chiqqanidek, bu yigitlar ham ilk elchixona "shineli"dan yetishib chiqdi. Faxr bilan ayta olamanki, ulardan yetti nafari boshqa mamlakatlarda, jumladan, ikki nafari AQShda favqulodda va muxtor elchi bo‘ldi. Ulardan biri esa – butun O‘zbekiston faxrlansa arziydi – afsonaviy o‘zbek diplomati, hatto diplomatiya patriarxiga aylandi (chunki u hozir ham tashqi siyosatda), bu – o‘z faoliyatini tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchi sifatida boshlab, barchamizga ma’lum darajagacha ko‘tarilgan, eng uzoq muddat tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Abdulaziz Hafizovich Kamilovdir.

O‘sha paytda hamma narsa birinchi marta bo‘layotgan edi: elchixonani shakllantirish ham. Men ishlagan davrda uch-to‘rtta tashqi ishlar vaziri almashdi, chunki bizda hali deyarli tajriba yo‘q edi. Bu yangi davlat va yangi siyosat qaror topayotgan juda murakkab davr bo‘lgan.

Aslida, bungacha bizda Tashqi ishlar vazirligi ham bor, ham yo‘q edi. Sovet davrida u mavjud bo‘lgan, lekin to‘laqonli vazirlik emasdi. Masalan, Sovet Ittifoqi rahbari Leonid Ilich yoki boshqa birov Hindistonga uchayotganda Toshkentga qo‘nadi, dam oladi, choy ichadi, kuch to‘playdi va Hindistonga qarab yo‘lida davom etadi.

Ya’ni Toshkent tashqi siyosatda tranzit bazasi vazifasini bajargan. Ha, u yerda Osiyo va Afrika mamlakatlari festivallari, konferensiyalari o‘tkazilardi, ammo subyekt sifatida Toshkent shunchaki tranzit nuqta edi. Aslida vazirlikning o‘zi yo‘q edi, bu protokol vazirligi edi. 1991-yildan boshlab esa mustaqillik mas’uliyat yukladi va bizda qudratli tashqi siyosat idorasi shakllandi.

— Bu oson bo‘lmagan, ammo izchil harakatlarimiz samara berdi. Dastlabki paytlarda matbuotda, ayniqsa, erkin matbuot deb ataluvchi nashrlarda bizni tinimsiz tanqid, to‘g‘rirog‘i, bombardimon qilishardi. Bu yerda faktni qayd etyapman. Chunki ular erkinlik havosidan nafas olib, Ittifoq tarqalganidan so‘ng buni birdan cheklanmagan erkinlik, hamma narsaga ruxsat deb tushunishdi. Shunga qaramay, birinchi navbatda normalar, jurnalistika etikasi bor.

Masalan, "Novoye vremya" jurnali kutilmaganda O‘zbekiston haqida biror maqola e’lon qilib, noxolis baho bersa, men bosh muharrir Pumpyanskiy bilan uchrashib: "Maqola chiqaribsiz, bu sizning fikringiz, lekin endi bizning fikrimizni ham e’lon qilishingizni so‘rayman," derdim.

Yoki "Nezavisimaya gazeta" bosh muharriri Tretyakovning oldiga borardim va yana xuddi shunday yo‘l tutardim. Deylik, u "O‘zbekiston Afg‘oniston yoki boshqa qo‘shnilarining ichki ishlariga aralashmoqda" degan mazmunda maqola beradi. Men javob materialini tayyorlardim va elchixonamizning asosli dalillari tufayli biz xuddi o‘sha "Nezavisimaya gazeta"da, xuddi o‘sha "Novoye vremya"da, aynan o‘sha sahifada o‘z materialimizni chiqarishga erishardik.

Yoki o‘sha paytda Rossiyaning eng katta tirajli gazetasi bo‘lgan "Trud"ni olaylik. Bosh muharrir Potapovning oldiga borib, masalani hal qilardim va u shunchaki raddiya emas, bizning sha’nimizga qilingan tuhmatlarni yo‘qqa chiqaruvchi maqolamizni berishga majbur bo‘lardi. Shuning uchun OAV bilan juda jiddiy kurash ketgan, oxir-oqibat, o‘zaro tushunishga erishilgan.

Brifinglar va matbuot anjumanlariga kelsak, Islom Abdug‘aniyevich bu masalaga alohida ahamiyat qaratardi. U bizning endigina qaror topish bosqichida ekanimizni, Moskvada esa 144 ta elchixona, BMTdan tortib barcha xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari borligini va Moskvadan O‘zbekiston elchixonasi orqali maksimal darajada foydalanish kerakligini aniq tushungan edi. Bizga shunday topshiriq berilgandi.

Biz hatto "O‘zbekiston Respublikasi" nomli byulleten chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Va har oyda barcha 144 ta elchixonaga materiallarimizni tarqatardik. Ular O‘zbekiston haqida eshitganmi-yo‘qmi, har holda, bizning byulletenimiz ular uchun yangilik bo‘lardi. Birinchidan, hurmat, ya’ni "bizga byulleten yuborishibdi", ikkinchidan, so‘nggi voqealardan xabardor bo‘lishardi.

Esimda, Oliy Kengash raisi Yo‘ldoshev qo‘ng‘iroq qilib: "Yusuf Ne’matovich, shunday fikr bor, siz barcha sessiyalarga kelib turasiz," dedi. Aftidan, bu Islom Abdug‘aniyevich bilan kelishilgan edi. Sessiyadan bir kun oldin yetib kelardim – Konstitutsiya bo‘ladimi yoki boshqa muhim voqea muhokama qilinadimi – bir-ikki kun ishtirok etib, zudlik bilan qaytib uchib borardim va brifinglar o‘tkazardim.

— Aynan oxirgi fikringiz to‘g‘ri, haqiqatan ham shunday edi. Inersiya bo‘yicha deyarli bir xil narsa deb qabul qilinardi: "Biz Moskvamiz, siz ham o‘sha-o‘shasiz."

1992-yilda, demokratik jarayonlar doirasida ayrim muxolifat tashkilotlari paydo bo‘lganida, ular O‘zbekistondagi inson huquqlari masalasini ko‘tara boshlashdi. Bu, ayniqsa, 1992-yil 30-mayda – men hali birinchi vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlab yurgan kezlarim – ikki prezident, Karimov va Yelsin davlatlararo hamkorlik va do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolaganlaridan keyin yaqqol namoyon bo‘ldi. Ushbu shartnoma parlamentimiz tomonidan yozdayoq 100 foiz ratifikatsiya qilindi.

Men elchi bo‘lib bordim va endi Rossiya parlamentida ratifikatsiya qilinishini kutyapman. Rossiya parlamentida esa o‘sha paytda g‘alayonlar qaynab-toshardi, bu keyinchalik Yelsin va Xasbulatov o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga, hatto Oliy Kengash tomonidan davlat to‘ntarishiga urinishlarga olib keldi.

Xullas, biz hujjatning to‘laqonli yuridik kuchga ega bo‘lishi uchun Rossiya tomonining ratifikatsiyasini kutyapmiz. Kutilmaganda rossiyalik deputatlardan biri Ponomaryov Rossiya gazetalarining birida: "Yo‘q, biz ratifikatsiya qilmaymiz, chunki O‘zbekistonda inson huquqlari juda jiddiy buzilmoqda" deb bayonot berdi. Buni o‘qib, zudlik bilan chora ko‘rish kerakligini tushundim.

Men Rossiya parlamenti bo‘ylab avvaldan tanigan odamlarim bilan ketma-ket uchrasha boshladim. Bungacha uch yil Moskvada, KPSS (Kommunisticheskaya partiya Sovetskogo Soyuza – Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi) Markaziy qo‘mitasining partiya apparatida ishlagan edim. Va tanishlar orqali bu keskinlikni iloji boricha yumshatishga harakat qildim. Xalqaro aloqalar qo‘mitasi maxsus komissiyasigacha yetib bordim, ular va boshqa bo‘linmalar bilan kelishuvga erishdim. Hatto vitse-spiker Filatovning, Oliy Kengash raisi Xasbulatovning oldigacha kirib bordim. U: "Biz qo‘llab-quvvatlaymiz. Ratifikatsiya qilinishi uchun hamma narsani qilamiz," dedi.

Shu payt Inson huquqlari bo‘yicha komissiya timsolidagi katta bir to‘siqqa duch keldik. Ular: "Biz sizni ushbu masala muhokamasiga taklif qilamiz, shundan keyingina uni parlamentda ko‘rib chiqamiz," deyishdi. Men xonaga kirganimda, go‘yo qafasga tushib qolgandek va hozir hamma tashlanadigandek bir kayfiyat bor edi. Bir soat davomida o‘rtamizda juda munosib va jiddiy muloqot bo‘ldi. Va sekin-asta ular bizning tomonimizga o‘tayotganini his qildim. Ular: "Haqiqatan ham, kamchiliklar bor, lekin Rossiyaning o‘zida ham ahvol shu, hammamiz o‘tish davrini boshdan kechiryapmiz," deb o‘ylay boshlashdi.

Vaziyat haqiqatan ham yumshab, o‘zaro tushunish paydo bo‘ldi, provokatsiyalar to‘xtadi. Shu payt komissiya a’zosi, deputat Shustov kirib keldi-da: "Ie, boshlab yubordingizmi? Men hammasi yaxshi ketyapti deb o‘ylabman," dedi. Hamma bir soatlik samimiy suhbatdan so‘ng allaqachon biz tarafda edi. Ular unga qaradi, u esa menga juda keskin va o‘ta ishonch bilan qo‘l cho‘za boshladi.

Men unga qo‘l uzatmadim. Shunchaki o‘rnimdan turdim-da: "O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Abdullayev Yusuf Ne’matovich. Kim bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lib turibman?" dedim. Garchi uning familiyasi va pozitsiyasini yaxshi bilsam ham. U esa karaxt bo‘lib qoldi. Buni mutlaqo kutmagandi. U hozir unga xushomadgo‘ylik qilishadi deb o‘ylagandi. Va u joyiga o‘tirdi. Ilk kunlardanoq ana shunday to‘siq va mashaqqatlarni yengib o‘tishga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya Federatsiyasi Oliy Kengashi sessiyasi boshlanishidan oldin Ruslan Xasbulatov menga: "Men hozir xorijga uchib ketyapman, shuning uchun buni birinchi masala qilib qo‘yaman, o‘tkazishga ulguray, men ketganimdan keyin sessiyani o‘rinbosarim Filatov davom ettiradi," dedi. U ataylab masalani birinchi o‘ringa olib chiqdi va: "O‘zbekistonda deputatlar ushbu hujjat uchun bir ovozdan ovoz berishdi, biz-chi?" dedi. Zalda ham, aftidan, u vaziyatni oldindan tayyorlab qo‘ygan edi. "Biz ham, biz ham, biz ham!" deyishdi. Faqat bir kishi betaraf qoldi. Qolgan barcha deputatlar 100 foiz yoqlab ovoz berdi.

Ilk kunlardanoq bu mamlakatda ana shunday to‘siq va qiyinchiliklar bor edi. Ular bizni shunday qabul qilishar va qayerdadir bizni shunchaki bir qaram hudud deb bilib, o‘z gegemonligini ko‘rsatishga urinishardi. Shunga qaramay, Rossiya – buyuk davlat, u yerda oqil va zakovatli insonlar yetarlicha topiladi. Eng asosiysi esa – ikki prezident o‘rtasida mukammal o‘zaro tushunish bor edi, qolgan barcha masalalar esa aynan shundan kelib chiqardi.

— Birinchi navbatda: "Sizlar muxolifatni bo‘g‘yapsizlar, chiqish qilishga imkon bermayapsizlar, ro‘yxatdan o‘tkazmayapsizlar," deyishdi, vaholanki, o‘sha paytdayoq bu tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tgan edi. Ular ana shunday elementlarga yopishishga harakat qilishardi.

Ammo hali 1989-yilda – 23-iyun kuni Islom Abdug‘aniyevich Markaziy qo‘mitaning birinchi kotibi bo‘lgan kezlardayoq – uning ilk topshiriqlaridan biri: "Keling, ularga efir beraylik. Ular ham o‘zimizning odamlar," degan ko‘rsatmasi bo‘lgandi. Gap o‘sha paytdagi "Birlik", "Erk" va boshqa muxolif harakatlar haqida ketardi: "ular ham o‘z fikrini bildirsin."

Qarasak, muammolar bir xil: o‘zbek tili muammosi, Orol muammosi, Rossiyada, Sovet Ittifoqida xizmat qilayotgan harbiylarimiz muammosi. Shuning uchun ular inersiya bo‘yicha u yerda ham xuddi shu masalalarni ko‘tarishardi.

Lekin yana bir bor aytmoqchimanki, Rossiya deputatlarining deyarli yakdil ovoz berishi biz O‘zbekistonni yangi – mustaqil va suveren O‘zbekiston sifatida asta-sekin shakllantirib kelganimizni ko‘rsatdi.

— "Kadrlar hamma narsani hal qiladi" degan mashhur ibora har doim o‘z kuchini saqlab qoladi. O‘sha paytda bizda kadrlar taqchilligi nihoyatda kuchli edi. Shu bois, eng avvalo, jamoani shakllantirish lozim edi.

Endilikda boshqa davlat vakili bo‘lishimizga qaramay, butun diplomatik tarkibimizni bepul o‘qitish bo‘yicha Rossiya TIV Diplomatik akademiyasi bilan kelishib oldik. Kechqurun soat oltidan keyin professorlarni elchixonaga olib kelardik va bir yil davomida tashqi siyosat hamda diplomatiya sir-asrorlarini o‘rgandik. Eng murakkabi ham aynan shu bo‘lgan edi.

Iqtisodiyotdan tashqari yana nima muhim edi? Men ma’naviy hayot, madaniyat va ta’lim sohasidagi mavjud holatimizni imkon qadar saqlab qolishni istardim. Mustaqillikning birinchi yilligi munosabati bilan uyushtirilgan qabulga nari borsa ikkinchi yoki uchinchi kotiblar kelgandi. Bir yil o‘tib esa elchixonamizga AQSh elchisi Tomas Pikering, Buyuk Britaniya elchisi Brayan Foll, Fransiya elchisi Per Morel kabi birinchi shaxslar tashrif buyurdi. Bu chinakam e’tirof edi. Biroq buning ortida qanchalik ulkan mehnat va sa’y-harakat yotardi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kunadze o‘shanda: "Hatto Amerika elchixonasida ham Rossiyaning bunchalik ko‘p areopagini ko‘rmagandim," degan edi. O‘sha kuni faqat uch nafar birinchi rahbar – Yelsin [Rossiya Vazirlar kengashi raisi], Chernomirdin va Xasbulatov bo‘lmagan, xolos. Biroq ularning o‘rinbosarlari hamda boshqa atoqli davlat arboblari kelgan edi.

Men, ayniqsa, davlatimiz pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan ma’naviy muhitni, ana shu rishtalarni saqlab qolishga alohida harakat qildim. Xalqimizning urush yillarida boshpana berib qilgan fidokorligi shunday katta aks-sado bergan edi.

Masalan, buyuk opera xonandasi Irina Arxipova Toshkentga evakuatsiya qilingani, arxitektura institutida o‘qigani haqida so‘zlab berganda. Iosif Kobzon esa: "Men bola edim, onam to‘xtamay kelayotgan eshelonga zo‘rg‘a chiqib olgan, sizlarda Yangiyo‘l degan shaharcha bor, men o‘sha yerda yashaganman va menga boshpana berishgan," deya xotirlagandi.

Bu juda qadrli bo‘lib, Rossiyadagi diplomatiyamiz poydevorini yanada mustahkamlashga ham xizmat qilardi.

— Jamoamiz uchun bu juda jiddiy sinov bo‘ldi. Deraza ortida tanklar yuribdi, otishma, Ostankino qamal qilinmoqda. Men-ku, uch yillik Afg‘on urushini bosib o‘tganman, ikkita qaynoq nuqtada bo‘lganman, Qorabog‘ voqealarining guvohi bo‘lganman, sovet davrida Moskvada ishlaganimda 1989-yil iyundagi Farg‘ona fojiasiga guvoh bo‘lganman. Ammo bu shunday keskinlik ediki, ko‘chada to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlar ketardi. Afg‘onistondan keyin hayotimda birinchi marta bir sutka uxlamadim. Xodimlarga: "Borib dam olinglar," derdim.

Har yarim soatda markazga nimalar bo‘layotgani haqida axborot berib turardik. To‘satdan menga O‘zbekiston TIV rahbarlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib: "Yusuf Ne’matovich, rahmat, ma’lumotlarni olyapmiz. Endi bizga ko‘proq jonli ma’lumot kerak, xodimlarni Moskva bo‘ylab tarqatib yuborish lozim, Moskvaning u yoki bu qismidagi aholi fikrini bilish juda muhim," deb qoldi.

Lekin men hayotimning barcha bosqichlarida har qanday topshiriqni avvalo anglab yetish va qalbimdan o‘tkazish tamoyiliga amal qilaman.

Va men unga: "Kechirasiz, lekin bu topshiriqni bajara olmayman," deyishga majbur bo‘ldim.

— "Nega?"

— "Deraza ortida tanklar yuribdi, otishma ketyapti."

— "Moskvada 120 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Xudo ko‘rsatmasin, birorta xodimimga biror narsa bo‘lsa, uning xotini va bolalarining yuziga qanday qarayman, uning ko‘ziga qanday qarayman? Shu ma’lumot xodimimning hayotiga arziydimi? Shuning uchun buni qilolmayman."

— "Bu buyruq," – deyishdi telefonda.

— "Kechirasiz, lekin men bu buyruqni bajarmayman."

Men qahramon emasman. Shunchaki o‘zimni halol inson deb hisoblayman. Va bu vaziyatda oxirigacha turib berishim kerak edi. U go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Oradan besh daqiqacha o‘tib, faqat birinchi shaxslardagina bo‘ladigan yuqori chastotali maxsus telefon jiringlab qoldi. Go‘shakdan tanish ovoz eshitildi:

— "Nima gap?"

— "Chidayapmiz."

— "Rahmat, ma’lumotlar juda qiziq, tahlil qilyapmiz. Ularda voqealar rivojlanyapti, qon to‘kilishini aslo istamasdik, buni hech kutmagandik. Hozir sizlar uchun asosiy vazifa – odamlarni asrang va bilingki, biz sizlar bilanmiz, mamlakat sizlar bilan."

— "Rahmat, Islom Abdug‘aniyevich, siz aytgan hamma gapni, barcha topshiriqlarni bajaramiz," dedim va go‘shakni qo‘ydim.

Oradan biroz vaqt o‘tib, yana o‘sha hurmatli, afsuski, hozirda vafot etgan TIV rahbarlaridan biri qo‘ng‘iroq qilyapti: "Yusuf Ne’matovich, topshirig‘imiz nima bo‘ldi?" Men unga: "Sizning topshirig‘ingizni bekor qilishdi," dedim. "Kim bekor qildi?" "Islom Abdug‘aniyevich. Hech kim ko‘chaga chiqmasin, dedilar," deb javob qaytardim. "To‘g‘ri, Yusuf Ne’matovich, odamlarni asrang," dedi-da, tezda go‘shakni qo‘ydi. Qarang, u qanchalik tez o‘zgardi.

Bu hayot haqiqati, buni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar bilishini istayman. Hayotda hamma narsa silliq kechmaydi, diplomatiya – shunchaki qabullar, chaqiriqlar, imzolashlar va ziyofatlar emas. Bu murakkab, ko‘pincha xavfli chegarada turadigan, saqlab qola olasanmi-yo‘qmi, uddasidan chiqasanmi-yo‘qmi, mamlakat sha’nini himoya qila olasanmi-yo‘qmi degan mas’uliyatdir. Mana shu – diplomatiya.

— Moskvadagi bir necha yillik faoliyatim davomida eng muhim voqea bo‘lgan bir lavhani eslayman. Bu – Islom Abdug‘aniyevichning davlat tashrifini tashkil etish edi. Men ishlagan davrda u kishi Moskvaga besh marta tashrif buyurdi, ammo faqat to‘rtinchisi – 1994-yil 2−3-mart kunlaridagisi davlat tashrifi bo‘ldi. Va men faxrlanamanki, MDH mamlakatlari ichida ilk davlat tashrifini bizning elchixonamiz tashkil qildi, Islom Abdug‘aniyevich Moskvada rasmiy davlat tashrifi bilan qabul qilingan birinchi prezident bo‘ldi.

Tashrifdan bir oy oldin Rossiya TIV protokol xizmati rahbari bilan o‘tirib, tafsilotlarni muhokama qilayotgandik. U shunday degandi: "Xo‘sh, janob elchi, prezident Vnukovoga uchib keladi. Uni qishloq xo‘jaligiga mas’ul bosh vazir o‘rinbosari kutib oladi. So‘ngra u kishini rafiqasi bilan "Prezident-otel"ga olib boramiz. Keyin hammasi protokol bo‘yicha ketadi."

Men uni diqqat bilan tingladim va: "Gapingiz tugadimi?" dedim.

— "Ha."

— "Bir oy oldin sizlarga kim davlat tashrifi bilan kelgan edi?"

— "Eslolmayman."

— "Aynan davlat tashrifi bilan?"

— "Bizga keladiganlar ko‘p-ku."

— "Klinton. Uni qayerda kutib olgandingiz? Vnukovoda emas, Sheremetevoda – xalqaro, rasman tan olingan aeroportda. Prezidentimizni ham aynan Sheremetevoda kutib olishingizni so‘rayman."

Klintonni Qurolli kuchlarning uchta qo‘shin turidan iborat faxriy qorovul kutib olgan edi. Prezidentimizni ham xuddi shunday faxriy qorovul kutib olishini istardim.

"Klintonni rafiqasi Hillari bilan qayerga joylashtirgan edingiz? Kremlga. Prezidentimiz ham Kremlga joylashtirilishini istardim."

Yakunda Islom Abdug‘aniyevich ham, Tatyana Akbarovna ham Kremlga joylashdi.

Shunda u: "Yusuf Ne’matovich, axir bu o‘zimiznikilar-ku," dedi. Men: "Albatta, o‘zimiznikimiz. Hozir ham shunday. Lekin bu yerda barcha protokol suveren davlat maqomiga mos ravishda bajarilishini so‘rayman. Modomiki sizlar Amerika prezidentini shunday qabul qilgan ekansizlar, mamlakatimiz prezidenti ham xuddi shunday protokol bilan qabul qilinishini istayman" dedim.

Xuddi shunday, Chubaysning xususiylashtirish siyosati paytida ham u bizning Rossiyadagi obyektlarimiz baribir O‘zbekistonning mulki ekanini tan olishga majbur bo‘ldi va biz "ularni shunchaki tortib olmanglar," dedik. Moskvadagi aspirantlar uyimiz yoki Qrim va Kavkazdagi sanatoriylarimiz kabi mulklar bor edi. Ularning barchasiga buni isbotlashga to‘g‘ri kelganda: "Ha, tushunarli, lekin kelinglar, bu masalalarning barini faqat huquqiy maydonda, qonun doirasida hal qilamiz," derdik. Va biz buni uddalay oldik.

— Mening asosiy vazifam shunchaki axborot to‘plashga berilib ketmaslik edi, chunki biz Rossiya haqida shundoq ham yaxshi bilardik – Sovet Ittifoqi doirasida birga yashaganmiz. Buning ustiga, Rossiya matbuoti mumkin bo‘lgan va bo‘lmagan barcha narsani yozardi. Ularda shunday erkinlik bor edi va har qanday ma’lumotni hatto rasmiy kanallar orqali ham bemalol to‘plash mumkin edi.

Men bu hududni turli rishtalar orqali do‘stlar makoni sifatida saqlab qolishni asosiy vazifa deb bildim.

Allaqachon Rossiya fuqarosiga aylangan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni saqlab qolish muhim edi: buyuk immunolog akademik Rahim Haitov, buyuk endokrinolog akademik Islambekov, buyuk o‘zbekistonlik, fazogir Vladimir Jonibekov va boshqa ko‘plab insonlar shular jumlasidan. Biz ularning farzandlari uchun o‘zbek tilini o‘rganishlari maqsadida maxsus yakshanba maktabini ochdik. Festivallar o‘tkazdik. Ya’ni Rossiya birinchi navbatda do‘st mamlakat sifatida saqlanib qolishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldik. Menimcha, bunga erisha oldik.

Qaytayotganimda AQSh elchisi Tomas Pikering menga yozgan xatida O‘zbekiston-AQSh munosabatlari Moskva orqali yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlagandi. Rossiya TIV esa mening ketishim munosabati bilan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari darajasida maxsus qabul tashkil qilgandi.

Rossiyaning o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Andrey Kozirev bu qabulda qatnasholmagan edi, lekin men jo‘nab ketishim arafasida, aynan ketadigan kunim to‘satdan qo‘ng‘iroq qilib qolishdi: "Yusuf Ne’matovich, TIVga kela olasizmi? Andrey Vladimirovich yetib keldi va siz bilan shaxsan xayrlashmoqchi." Men bordim. U O‘zbekistonga, siyosatimizga va hamkorligimizga yuksak hurmat bildirdi, garchi o‘zi o‘sha kuni Yelsin bilan boshqa davlatga uchib ketishi kerak bo‘lsa-da, nomi yozilgan esdalik sovg‘asini topshirdi. Men buni O‘zbekistonimiz mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida nimalargadir erishganimizning e’tirofi deb bilaman.

Xato va kamchiliklarga kelsak, bu haqda vorislarimiz arxivlarni ko‘targanlarida baho berarlar. Bir narsani ayta olaman: bizning jamoa vijdonan ishladi va bor kuchini berdi. Va, menimcha, bizda haqiqatan ham muayyan natijalar bo‘ldi.

— Nimadir tugasa, yangi narsa boshlanadi. Men doim: "Bu ota-bobodan qolgan meros emas," deyman. Seni tayinlashadi va vaqti kelib boshqa ishga o‘tkazishadi.

Menga boshqa taklif bildirildi. Ishni ishonch yorlig‘i bilan boshlagan bo‘lsak, diplomatiyada "chaqirib olish yorlig‘i" degan tushuncha ham bor. Bu – elchi o‘z vakolatini topshirib, o‘rniga yangi vorisi kelganida, u o‘zining ishonch yorlig‘ini topshirishi bilan birga, TIVga avvalgi elchining chaqirib olish yorlig‘ini ham taqdim etishidir. Mening chaqirib olish yorlig‘imda shunday deyilgan edi: "O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini yanada mustahkamlash maqsadida, Yusuf Ne’matovich Abdullayevni O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan chaqirib olib, ushbu sohadagi mas’ul lavozimga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi." Chaqirib olish yorlig‘ini ham, xuddi ishonch yorlig‘i kabi, prezident imzolaydi.

Shunday qilib, Islom Abdug‘aniyevichning oq fotihasi bilan oliy ta’lim sohasiga o‘tdim. Dastlab taxminan yarim yil Vazirlar Mahkamasida fan va ta’lim bo‘yicha bo‘lim mudiri bo‘lib ishladim. Keyin Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish to‘g‘risida prezident farmoni chiqdi – darvoqe, bu farmonni o‘zim tayyorlagandim, lekin meni yuborishadi deb o‘ylamagandim – menga Samarqandga borish taklif qilindi. Va mana, bugungi kungacha oliy ta’lim sohasidaman.

— Mehnat daftarchamga 1963-yil 1-iyunda, 16 yoshimda ilk yozuv tushgan: katta pionervojatiy. Va mana, 64 yildirki, o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Turli lavozimlarda ishladim: vazir o‘rinbosari ham, Vazirlar Mahkamasi bo‘lim mudiri ham bo‘ldim. Butun umr dars berganman: akademiyada, sharqshunoslikda, vazirlikda ishlagan davrimda ham, malaka oshirish institutida va boshqa oliygohlarda ham. Elchilikdan so‘ng esa – Samarqand chet tillar institutini noldan barpo etish bo‘ldi.

Umuman olganda, hamma narsani noldan boshlash qismatimga yozilganidan faxrlanaman. Afg‘onistonda 1980−1983-yillarda nafaqat yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib butun mamlakatni kezib chiqdim – men afg‘on voqealari faxriysiman – balki menga Yoshlar kadrlari institutini tashkil etish ham topshirilgan edi. Kobulda Dehmazang tog‘i bor, u yerda Bog‘i Bobur va Bobur Mirzoning qabri joylashgan. Yonida Kobul avtomexanika texnikumi bo‘lardi. Urush tufayli bo‘shab qolgandi, uning yarmini ajratib, menga institut tashkil etishni topshirishdi. Bu xizmatim uchun o‘sha paytdagi Afg‘oniston prezidenti Babrak Karmal "Do‘stlik" ordenini topshirayotib: "O‘rtoq Abdullayev, 1-raqamli „Do‘stlik“ ordenini sizga topshiraman" degan edi.

Topshirishdi – Samarqand chet tillar institutini ochdim, qariyb to‘qqiz yil birinchi rektor bo‘ldim. Keyin uzoq vaqt xorijda dars berdim, qaytganimda esa Eriel kompaniyasi o‘zining o‘n minglab xodimlari uchun Eriel Prof Education korporativ o‘quv markazini tashkil etishni taklif qildi. So‘ngra universitet tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

2022-yil 28-yanvarda Shavkat Miromonovich 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini imzolayotganda – u kishi juda aniq inson, unda doim ikki so‘z bor: topshiriq va natija – Samarqand texnologik universitetini tashkil etish vazifasini qo‘ydi. Prezident farmonida "xorijiy mamlakatlarning yetakchi texnika universitetlari bilan hamkorlikda" deb ko‘rsatilgan edi. Va biz uni barpo etdik.

Qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishdik: birinchidan, bizda ta’lim Amerika modeli bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi va oliygoh chinakam xalqaro maqomga ega. Qisqa fursat ichida dunyoning 23 mamlakatidan 95 nafar xorijlik professorni jalb qildik. Bizda mutlaq muhandislik yo‘nalishi – o‘n bitta muhandislik yo‘nalishi va biznes maktabi faoliyat yuritmoqda. Barcha fanlarni xorijliklar o‘qitadi. Ya’ni prezident ta’kidlagandek, xalqaro standartlarga javob beradigan muhandislik oliygohini yaratdik.

— Diplomatiyada mumtoz bir ibora bor: "Tashqi siyosat – ichki siyosatning davomi." Shu bois o‘shanda ham, hozir ham asosiy maqsad – yangi O‘zbekiston islohotlarini yanada ilgari surishga xizmat qilishdir.

Xorijiy sheriklarni maksimal darajada jalb etish zarur. Agar taqqoslaydigan bo‘lsak, maqsad va vazifalar bir xil: iqtisodiy o‘sish va farovonlik, do‘stlar safini kengaytirish hamda davlatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash.

O‘zining 35 yilligi arafasida O‘zbekiston tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlik bilan ajralib turadi. Bu esa eng muhimi. Men uch yillik Afg‘oniston voqealarini, ikkita qaynoq nuqtani ko‘rdim, yoshim ham yaqinda 80 ga yetadi, tajribamdan kelib chiqib aynan shu so‘zlarni aytishga haqliman: bu 35 yil ichidagi eng katta yutuq — tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlik.

— Xalq tinchlik nima ekanini biladi. Xalq barqarorlikning qadriga yetadi, u dunyodagi voqealarni kuzatib bormoqda. Men yaxshisi: "Bu dunyo qanchalar go‘zal, bir qara" degan bo‘lardim.

Atrofimizda, yon qo‘shnilarimizda nimalar bo‘layotganiga bir nazar tashlaylik. Va bu yerda yangi O‘zbekistonning eng katta xizmati shundaki – buni hech istisnosiz hamma tan oladi – Markaziy Osiyo makoni jipslashtirildi. Xalqimiz endi Tojikistonga va boshqa qo‘shni davlatlarga bemalol bormoqda. Biz so‘nggi 10 yil ichida shunday mustahkam do‘stlik rishtalarini bog‘ladikki, bu juda katta boylik. Yaqin-yaqingacha Tojikistondan yoki boshqa respublikalardan ko‘chib kelganlar hatto uzoq vaqt pasport ololmay yurardi. Ya’ni munosabatlar mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.

Eng avvalo – Markaziy Osiyodagi tinchlik, totuvlik va barqarorlik. Biz O‘zbekistonda bunga erishdik va atrofimizni do‘stlar bilan o‘rab oldik. Hatto shunday murakkab, ziddiyatli va ko‘plab savollarni keltirib chiqarayotgan Afg‘onistonni olaylik – mana, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, 2,5 milliondan ortiq qizlar ta’limni davom ettira olmayapti. Ammo bu – ularning ichki ishi. Biz qo‘shnimizning ichki ishlariga aralashmaymiz. Biz unga oyoqqa turib olishi, iqtisodiy turg‘unlikdan chiqishi uchun imkon qadar yordam berishimiz mumkin.

— 2023-yil 30-apreldagi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Dastlabki ikkitasiga to‘liq erishdik: suverenitetimizni butun dunyoga ko‘rsatdik, demokratik jarayonlar ham yetarlicha faol ketmoqda.

Bundan 2500-yil muqaddam qadimgi yunon faylasufi Protagor: "Inson barcha narsaning o‘lchovidir" degandi. Hamma narsa insonga yaxshimi yoki yomonmi, u munosib yashayaptimi yoki yo‘qmi degan mezon orqali baholanishi kerak.

Endilikda qolgan tamoyillarni maksimal darajada ro‘yobga chiqarish lozim.

Huquqiy: "Ha, men – hazrati insonman, men himoya ostidaman."

Ijtimoiy: "Ha, men oilamni boqa olaman, munosib yashayapman, mehnatimga yarasha haq olyapman, davlat haqiqatan ham mening farovonligim yo‘lida ijtimoiy davlatdir."

Dunyoviylik — dinni aynan millatimizni jipslashtiruvchi va ma’naviy tarbiya vositasi bo‘lgan ma’naviy omil sifatida mustahkam saqlab qolish.

Men davlatimizning keyingi bosqichini, hech bo‘lmaganda, yaqin 15−20 yil ichida, ana shunday ko‘rinishda bo‘lishini istardim.

Davlat Umarov suhbatlashdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.