Suv xo‘jaligi vazirligi Amudaryoning qurib borayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Suv xo‘jaligi vazirligi Amudaryoning quriyotgani haqidagi xabarlar fonida unda suv oqimi saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Vazirlik kuzgi suv sathi va sarfining pasayishini mavsumiy jarayonlar bilan izohladi. Vegetatsiya mavsumi yakunlangach, omborlarda keyingi mavsum uchun zaxiralar to‘planishi qayd etildi.

Suv xo‘jaligi vazirligi Amudaryoning qurib borayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi
O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi 10-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryoning qurib borayotgani haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Amudaryo Tojikiston va Afg‘oniston tog‘laridan boshlanuvchi Pyanj va Vaxsh daryolarining qo‘shilishidan vujudga keladi. Kofarnihon daryosi uning yirik tarmoqlaridan biri sanaladi.
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, 9-oktabr kuni Amudaryoning O‘zbekiston hududiga kirish qismida joylashgan Termiz gidropostida suv sathi 239 sm ni tashkil etgan. Bu 2025-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 27 sm ga yuqori.
Shuningdek, Kerki gidropostida suv sarfi soniyasiga 499 kubometrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan soniyasiga 63 kubometrga kam.
“Mazkur gidrologik ko‘rsatkichlar Amudaryoda suv oqimi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik, shuningdek, Amudaryo havzasining yuqori qismida, Tojikistondagi Vaxsh daryosida joylashgan Norak suv ombori bo‘yicha ham ma’lumot keltirdi. 9-oktabr holatiga ko‘ra, suv omboriga suv kirishi soniyasiga 408 kubometrni, suv chiqarilishi esa soniyasiga 320 kubometrni tashkil etdi. Undagi suv hajmi 10,54 mlrd kubometrga yetgan.
“Sentabr-oktabr oylarida daryolarda suv sarfi va sathining pasayishi mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi. Vegetatsiya mavsumi yakunlanishi munosabati bilan suv omborlarida keyingi mavsum ehtiyojlari uchun suv zaxiralari to‘planadi”, — deya qayd etdi Suv xo‘jaligi vazirligi.
Turkmanistonning Avaza milliy turistik zonasida oktabr boshida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining 95-yig‘ilishida Amudaryo va Sirdaryo havzalarida 2026-yilgi vegetatsiya davri yakunlari sarhisob qilindi. Ishtirokchilar 2026−2027-yillarning vegetatsiyalararo davri uchun suv olish limitlari va suv omborlarining prognoz ish rejimlarini tasdiqladi. Navbatdagi yig‘ilishni 2027-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Iyun oyida Samarqandda Quyi Amudaryo havzasida Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish (SRIHB) rejasi konsepsiyasi imzolandi. Ushbu konsepsiya suv resurslaridan foydalanishni barcha suv iste’molchilarining manfaatlari, ekotizimlar holati va uzoq muddatli iqlim xavf-xatarlarini hisobga olgan holda butun daryo havzasi miqyosida rejalashtirishni nazarda tutadi.

