Suv ostidagi kurash va baliqlarning «raqsi»: yilning sovrinli suratlari eʼlon qilindi
Siena International Photo Awards - SIPA 2026 tanlovining «Suvosti hayoti» yoʻnalishidagi eng yaxshi suratlar eʼlon qilindi. Birinchi oʻrin Nur Takerning baliq uchun talashayotgan dengiz qushlari aks etgan «Okeandagi talatoʻp» suratiga nasib etdi.

Suv ostidagi kurash va baliqlarning «raqsi»: yilning sovrinli suratlari eʼlon qilindi
Gʻolib suratda shimoliy olushalar baliqchilar tashlab yuborgan baliqlarni tutish uchun suv ostida olishayotgan kurash aks etgan. Havodan shiddat bilan shoʻngʻigan qushlar toʻlqinlar ostida ozuqa uchun talashadi. Bu kadr insonning baliqchilik faoliyati yovvoyi hayvonlar xatti-harakatlariga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligiga eʼtiborni qaratadi.
Ikkinchi oʻrin Linda Nessning «Akulalar darvozasi» suratiga nasib etdi. Kadr Janubiy Afrikaning Transkey sohillari yaqinida sardinalarning har yili boʻladigan ommaviy koʻchishi paytida olingan. Unda akula zich baliq toʻdasi orasida oziqlanayotgani tasvirlangan.
Uchinchi oʻrin Lyuk Rumuanning «Mandarinka baliqlarining juftlashish raqsi» suratiga berildi. Fotograf 2025-yil dekabrida Lembex boʻgʻozida ikki hafta davomida suvosti olamini kuzatgan.
Yorqin rangli mandarinka baliqlarining juftlashish marosimi shom paytida yuz beradi. Ular marjonlar orasidan juft boʻlib chiqib, qisqa muddat suv qatlamiga koʻtariladi va yana yashirinadi. Koʻplab urinishlar va uzoq kutishdan keyin fotograf ana shu oʻtkinchi lahzani suratga olishga muvaffaq boʻlgan.
Hakamlar yuqori baholagan ishlar orasida Romen Baratning «Yana baliq oviga» surati ham bor. Unda Antarktikaning Port-Sharko buruni yaqinida muzdek suvni yorib suzayotgan pingvinlar guruhi aks etgan.
Noam Kortlerning «Ogʻir yuk» surati Filippindagi Moalboal yaqinida olingan. Kadrda bissa dengiz toshbaqasi millionlab sardinalar toʻdasi yonida suzmoqda. Suratdagi rakurs sabab toshbaqa goʻyo butun baliq toʻdasini kosasi ustida koʻtarib ketayotgandek koʻrinadi.

