Suv omborlarida suvda cho‘kish va xavfli holatlarni aniqlaydigan “aqlli” videokuzatuv tizimlari o‘rnatiladi
O‘zbekistondagi suv omborlarida suv sathini onlayn kuzatish hamda suvda cho‘kish va xavfli holatlarni real vaqtda aniqlovchi sun’iy intellekt tizimlari joriy etiladi. Shuningdek, sirena va SMS orqali tezkor ogohlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Suv omborlarida suvda cho‘kish va xavfli holatlarni aniqlaydigan “aqlli” videokuzatuv tizimlari o‘rnatiladi
27-oktabr kuni O‘zbekistonda suv omborlari hamda ularga tutash hududlarda xavfsizlikni ta’minlash va jarayonlarni raqamlashtirishga qaratilgan prezident qarori [PQ-387] qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, suv omborlari atrofidagi turizm obyektlarida sun’iy intellekt va videokuzatuv texnologiyalari asosida “aqlli” tizimlar o‘rnatiladi. Bu tizim suvda cho‘kish xavfi, taqiqlangan hududlarga kirish hamda odamlarning xavfli darajada to‘planishini real vaqt rejimida aniqlab, qutqaruv xizmatlariga avtomatik tarzda xabar yuboradi.
Shuningdek, turizm obyektlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari, lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari va QR kodli evakuatsiya xaritalari bilan jihozlash majburiy etib belgilandi. Aholi va sayyohlarni favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish uchun sirenalar, ovozli moslamalar hamda SMS xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidagi Karkidon suv ombori hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus qutqaruv otryadi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 2027-yildan unga 36 ta shtat birligi ajratiladi.
2027-yil 1-iyunga qadar suv omborlarida suv sathi va gidrologik holatni onlayn kuzatish hamda favqulodda vaziyatlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
Mazkur tizim meteostansiyalar, avtomatik datchiklar hamda geoaxborot ma’lumotlarini jamlab, qayta ishlaydi. Suv sathi keskin o‘zgarganda yoki to‘g‘on xavfsizligiga tahdid yuzaga kelganda, sun’iy intellekt algoritmlari xavfni oldindan prognoz qilib, tegishli xizmatlarni ogohlantiradi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi esa suv omborlaridagi suv sifatini doimiy nazorat qilib, ko‘rsatkichlarni avtomatik tashxis-nazorat tizimiga kiritib boradi.
Avvalroq O‘zbekistonda suv omborlari atrofidagi bo‘sh yerlar turizm obyektlari qurish uchun auksionga chiqarilishi va suv omborlari atrofida turizm tashkil etgan tadbirkorlarga soliq hamda bojxona imtiyozlari berilishi haqida xabar bergandik.

