Suv olish qoidasi takroran buzilsa, moliyaviy sanksiya besh baravar oshadi
Oʻzbekistonda suv olish tartibini buzgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiya qoʻllash tartibi tasdiqlandi. 2027-yildan belgilangan shartlarga mos birinchi qoidabuzarlik uchun ogohlantirish beriladi. Sanksiya qoʻllanganidan keyin bir yil ichida qoida takroran buzilsa, uning miqdori besh baravar oshiriladi.

Suv olish qoidasi qayta buzilsa, moliyaviy sanksiya besh baravar ko‘payadi
Hukumatning 2026-yil 21-oktabrdagi 585-son qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi. U qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, sanoat, energetika va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olishdagi qoidabuzarliklarga taalluqli.
Quyidagi holatlar suv olish tartibini buzish deb baholanadi: belgilangan limitdan ortiqcha suv olish; suv olish shartnomasini rasmiylashtirmasdan suv olish; suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamaslik; suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olish; o‘zboshimchalik bilan suv olish.
2027-yil 1-yanvardan «Birinchi xato uchun - ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi. U yil davomida birinchi marta suv olish tartibini buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga hamda o‘zgalarning mulkiga zarar yetkazmagan yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
Bunday vaziyatda Inspeksiya yuridik shaxsni suvnazorat.uz elektron platformasi orqali ogohlantiradi va qoidabuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma beradi. Holat 10 kun ichida bartaraf etilmasa, moliyaviy sanksiya qo‘llanadi.
Sanksiya miqdori har ming kub metr suv uchun bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan Suv kodeksining 164-moddasida belgilangan foizlar asosida hisoblanadi. Sanksiya qo‘llanganidan keyin bir yil ichida tartib takroran buzilsa, besh baravar miqdorda sanksiya qo‘llanadi.
To‘lovni ixtiyoriy amalga oshirish uchun yengilliklar ham belgilangan. Qaror va sanksiya hisob-kitobi olingan kundan boshlab bir oy ichida summaning 50 foizi to‘lansa, yuridik shaxs qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, sanksiyani olti oydan kechiktirmasdan bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Bunda har oylik to‘lov umumiy summaning oltidan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Dastlabki to‘lov bir oy ichida amalga oshirilsa, bo‘lib to‘lash tartibi avtomatik ravishda qo‘llanadi.
Nizomga ko‘ra, sanksiya ixtiyoriy to‘langanida huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanmagan deb hisoblanadi. Bir oy ichida ixtiyoriy to‘lov amalga oshirilmasa, Inspeksiya sudga da’vo arizasi kiritadi.

