Suv isteʼmoli monitoringi dronlar yordamida amalga oshiriladi
«Suvxoʻjaliknazorat» inspektsiyasiga suv tejovchi texnologiyalar va suv resurslaridan foydalanishni monitoring qilish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllashga ruxsat berildi. Bunda dronlar yordamidagi tadbirlar tekshirish hisoblanmaydi va «Yagona davlat nazorati» tizimida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.

Suv isteʼmoli monitoringi dronlar yordamida amalga oshiriladi
Vazirlar Mahkamasining 16.09.2026 yildagi «Suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari va suv isteʼmoli ustidan davlat nazorati samaradorligini yanada oshirish toʻgʻrisida»gi 488-son qarori qabul qilindi.
05.02.2026 yildagi PQ-47-son qaror ijrosini taʼminlash maqsadida «Suvxoʻjaliknazorat» inspektsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi va viloyatlar hududiy boshqarmalari tuzilmasida suv tejovchi texnologiyalar va suv resurslaridan foydalanishni monitoring qilish boʻlimlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Suvxoʻjaliknazorat» inspektsiyasi tadbirkorlik subʼyektlarini tekshirishni bodi-kameralardan foydalangan holda amalga oshiradi. Shuningdek, unga Inspektsiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlardan) foydalanishga ruxsat berildi.
Dronlar yordamida amalga oshiriladigan monitoring tadbirlari xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi va «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
Olib kirishga ruxsat berilgan 20 ta uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanish va ularni saqlashda inspektsiya zimmasiga Vazirlar Mahkamasining 15.11.2022 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 658-son qarorida nazarda tutilgan javobgarlik yuklatiladi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 17.09.2026 yildan kuchga kirdi.

