Mahalliy

Surxondaryoda tez yordamga ishga kiritish uchun 3400 dollar pora olgan mexanik qamaldi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tez yordam stansiyasi mexanigi, fuqarolardan ishga joylashtirish evaziga 3400 dollar pora olib, bu pullarni shaxsiy ehtiyojlari va avtomobil ta’miriga sarflagani uchun 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1970-yilda tug‘ilgan I.M. Jarqo‘rg‘on tumani tez tibbiy yordam stansiyasida mexanik lavozimida ishlagan. U ish izlayotgan fuqarolarga o‘zining yuqori lavozimdagi tanishlari orqali yordam berishini va’da qilib, ulardan pora talab qilgan.

2024-yil may oyida I.M. qishloqdoshlaridan biri orqali tanishgan fuqaroga 1000 dollar evaziga uni 4-5 oy ichida tez yordam stansiyasiga haydovchilikka ishga joylashtirishni taklif qilgan. Jabrlanuvchi kelishilgan pulni o‘sha kunning o‘zida bergan.

Keyinchalik mexanik yana uch nafar fuqaroga xuddi shunday taklif bilan chiqqan. Ulardan biri shu stansiyada farrosh bo‘lib ishlagan ayol bo‘lib, u o‘g‘lini haydovchilikka ishga joylashtirish uchun I.M.ga 1000 dollar bergan.

Ayolning suddagi ko‘rsatmalariga ko‘ra, mexanik undan o‘g‘lini ishga joylashtirish uchun 1000 dollar so‘ragan va bu masalani yuqori lavozimdagi tanishi bilan hal qilganini aytgan. U shuningdek, "Bu 1000 dollarning bir dollarini ham o‘zim olmayman, viloyatdagi katta oladi. Katta bilan gaplashib qo‘yganman, yangi yil o‘tsin, yanvarda o‘g‘lingizni haydovchilikka joylashtirib qo‘yaman", degan.

Ayol 1000 dollarni akasidan olib, I.M.ga topshirgan, shuningdek, o‘g‘lining hujjat nusxalari va rasmlarini ham bergan. Biroq, va’da qilingan ish amalga oshirilmagan. Jabrlanuvchi ayol sudda dastlab "erta-indin buyrug‘i chiqadi", deb va’da berganini, keyin esa "muraveyimni sotaman, tomorqamning bir qismini sotaman, kredit olaman, olgan pulimni qaytarib beraman", deb sarson qilganini bildirgan.

Yana bir fuqaro pulni ishga qabul qilish haqidagi buyruq chiqqanidan keyin berishini aytgan, ammo I.M. bunga rozi bo‘lmagan. U avval 1000 dollarni "katta"ga berish kerakligini, buyruq esa shundan keyin chiqishini ta’kidlagan.

Shunga qaramay, va’da qilingan muddatlar o‘tganidan keyin fuqarolarning hech biri ishga olinmagan. Pulini qaytarishni so‘raganlarida esa I.M. masalani erta-indin hal qilishini aytib, ularni kutishga undagan.

2026-yil yanvar oyida jabrlanuvchilardan biri mahalla raisiga murojaat qilgan. Shundan so‘ng I.M. rais huzuriga kelib, olgan 1000 dollarini 1-fevralga qadar qaytarishga va’da bergan. Buning uchun yuk mashinasi yoki tomorqasining bir qismini sotishini aytgan, ammo pulni qaytarmagan.

Sudda I.M. aybiga iqror bo‘lgan. U filial direktoriga ham, kadrlar bo‘limiga ham fuqarolarni ishga joylashtirish masalasida murojaat qilmaganini bildirgan. Olgan pullarini esa o‘g‘li va kelinining kontraktiga, avtomobilini ta’mirlashga, qarzlarini to‘lashga va shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini aytgan. Shuningdek, u fuqarolarning biridan 400 dollar emas, 200 dollar olganini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi I.M.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "b, v" bandlari (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 2-qismi "a" bandi (poraga dalolatchilik) bilan aybli deb topgan. Unga 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Xorazmda ishga kiritishni va’da qilib, 14 mln so‘m olgan maktab direktori 3 yilga qamalgan edi. Shuningdek, Qashqadaryoda tayinlanganiga ikki oy bo‘lmasdan 500 dollar pora olgan maktab direktoriga 5 yil qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.