Mahalliy

Surxondaryoda order so‘rab kelgan ayolga shilqimlik qilgan tibbiyot xodimi 3 sutkaga qamaldi

Surxondaryo viloyatida davolanish uchun order so‘rab kelgan ayolga nisbatan shilqimlik qilgan tibbiyot xodimi 3 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Voqea 2026-yil 10-avgust kuni Termiz tumani tibbiyot birlashmasida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni birlashmaning tashkiliy-metodika bo‘limi boshlig‘i, 56 yoshli X.E.ning qabuliga nogironligi tufayli davolanish uchun order so‘rab Sh.A. ismli ayol kelgan. Suhbat davomida X.E. ayolga order berilmasligini, ammo u bilan jinsiy aloqada bo‘lsa, masalani tezlashtirilgan tartibda hal qilish imkoniyati borligini aytib, shahvoniy shilqimlik qilgan.

Ayol bu holat yuzasidan 112 raqamiga murojaat qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan erkakka nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sudda X.E. o‘z aybiga iqror bo‘lib, hozirda ishdan bo‘shaganini, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan va yengillik berishni so‘ragan. Jabrlanuvchi ayol esa erkak keyinchalik undan kechirim so‘ragani sababli unga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi qarori bilan X.E. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan shahvoniy shilqimlik huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Unga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Toshloq tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori hamkasbiga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamalgani, shuningdek, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasi shifokori bemor ayolga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.