Surxondaryoda muqaddam pora olganlikda ayblanib, oqlangan YPX xodimi yana pora olib, 5 yilga qamaldi
Muntazam YPX maskanida xizmat olib borayotgan xodim fermerning paxta ortilgan yuk mashinalarini rahbariyat topshirigʻi, deya oʻtkazmasdan toʻxtatib qoʻygan. Soʻngra har bir mashina uchun 100 ming soʻmdan pul talab qilgan. U 41 ta yuk mashinasini YPX maskanidan toʻsiqlarsiz oʻtkazib yuborish uchun 4 mln soʻm olgan vaqtida ushlangan.

Surxondaryoda ilgari pora olganlikda ayblanib oqlangan YPX xodimi yana pora olib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Surxondaryo viloyati IIB YHXB inspektori pora olish jinoyatida ayblanib, ozodlikdan mahrum etildi.
Sud hukmiga ko‘ra, F.I. IIB tizimida 2006-yildan beri faoliyat yuritgan. 2014-yil iyul oyida pora olish jinoyatida ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2022-yil 18-iyuldagi hukmi bilan 2014-yildagi sud hukmi bekor qilinib, u oqlangan. Shundan so‘ng u IIB tizimiga ishga tiklangan va 2023-yil mayidan Surxondaryo viloyati IIB YHXB katta inspektori lavozimida ishlab kelgan.
F.I. Boysun tumanidagi muntazam YPX maskanida xizmat qilgan. U Qumqo‘rg‘on tumanidagi ishlab chiqarish kooperatividan Qarshi shahridagi MChJga paxta ortib ketayotgan yuk mashinalarini maskandan o‘tkazmasdan to‘xtatib qo‘ygan. Fermer xo‘jalik rahbarlariga esa go‘yoki “Surxondaryo viloyat IIB YHXB boshlig‘ining paxta tolasi viloyat hududidan chiqib ketmasligi haqida burug‘i borligini” aytgan.
Xodim har biriga 100 ming so‘mdan pul berilsa, yuk mashinalarini YPX maskanidan to‘siqlarsiz o‘tkazib yuborishini, aks holda ularni ortga qaytarishini bildirgan. U YPX maskanidan o‘tkazilgan paxta ortilgan yuk mashinalari hisobidan 2026-yil 20-fevralda 1,4 mln so‘m, 28-fevralda 1,5 mln so‘mni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 41 ta mashina uchun 4,1 mln so‘m berishni talab qilgan.
2-mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda F.I. talab qilgan 4,1 mln so‘mdan 4 mln so‘mini olgan vaqtida ushlangan.
F.I. qilgan ishidan pushaymonligini, qaramog‘ida 5 nafar farzandi borligini, oilasida yolg‘iz boquvchi ekanini bildirib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Boysun tuman sudining hukmi bilan F.I. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

