Mahalliy

Surxondaryoda fuqarolar ikki YPX xodimiga tan jarohati yetkazdi

Surxondaryoda ikki YPX xodimiga tan jarohati yetkazgan fuqarolarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Voqea 9-avgust kuni Angor tumanida sodir bo‘lgan. 39 yoshli T.U. ismli fuqaro Damas rusumli avtomobilni boshqarib ketayotganida, xizmat olib borayotgan YPX xodimlarini ko‘rib, yo‘nalishini o‘zgartirib, qochishga uringan. YPX xodimlari uning ortidan kuzatib borgan. Haydovchi Ilg‘or mahallasidagi uyining yaqinida mashinadan tushib qochishga harakat qilganida, xodimlar uni to‘xtatgan. Uning og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelayotgani sababli, xodimlar uni tibbiy ko‘rikka olib bormoqchi bo‘lgan.

Shu paytda haydovchi U.T.ning ukasi T.O., turmush o‘rtog‘i N.N., yana bir ukasi T.Z. va qo‘shnisi M.M. voqea joyiga yetib kelib, xizmat vazifasini bajarayotgan IIO xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan va ikki nafar xodimga tan jarohati yetkazgan.

YPX xodimlarining xabariga ko‘ra, voqea joyiga yetib borgan Angor tumani prokuraturasi va IIB tezkor-tergov guruhi vakillari holatni o‘rganib chiqqan. Shu kunning o‘zida fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Jizzaxda profilaktika inspektori ayolga kuch ishlatgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Viloyat IIB bu holatga izoh berib, voqeada ishtirok etgan barchaning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.