Surxondaryoda 32 yoshli erkakni kaltaklab o‘ldirgan zo‘ravonlar qamaldi

Surxondaryoda 32 yoshli erkakni kaltaklab o‘ldirgan zo‘ravonlar qamaldi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 27-aprel kuni yer oldi-sotdisi yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchilikdan so‘ng 32 yoshli erkak kaltaklab o‘ldirilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha aybdor deb topilgan besh nafar shaxsga 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ish materiallariga ko‘ra, Yangi hayot mahallasida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan shaxs mulkiy nizoni zo‘ravonlik bilan hal qilishga qaror qilgan va 22–30 yosh oralig‘idagi to‘rt nafar tanishini ham bunga jalb etgan. 27-aprel kuni soat 17:30 lar atrofida ular Lacetti va Nexia avtomobillarida Bog‘ishamol mahallasidagi avtomobil yuvish shoxobchasi oldiga borib, u yerda bo‘lgan ikki nafar qarindoshini kaltaklagan.
Keyin ulardan birini majburan Lacetti avtomobiliga o‘tqazib, Uzun tumanidagi Bobotog‘ hududiga olib ketishgan. U yerda yigitning tanasiga og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, unga elektroshoker bilan ham ta’sir o‘tkazilgan.
Og‘ir tan jarohatlari olgan 32 yoshli yigit Denov tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi kirish qismiga tashlab ketilgan. Shifokorlar reanimatsion choralar ko‘rganiga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan va biologik o‘lim qayd etilgan.
Sudda jabrlanganlar ota-bola ekani, ular jinoiy guruh tashkilotchisining tog‘asi va jiyani bo‘lgani aniqlangan. Nizo yer oldi-sotdisi masalasi sabab yuzaga kelgan. Bundan tashqari, ish hujjatlariga ko‘ra, to‘daboshining uyidan 6 grammdan ortiq turli ko‘rinishdagi giyohvandlik vositalari ham topilgan.
Sud yakunida besh nafar sudlanuvchiga 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Jinoyat kodeksining 59-moddasiga muvofiq jazolar qisman qo‘shilib, ayrim sudlanuvchiga uzil-kesil 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

