Surxondaryo viloyati aholisi epitsentri Afgʻonistonda boʻlgan zilzilani his qildi

Surxondaryo viloyati aholisi epitsentri Afgʻonistonda boʻlgan zilzilani his qildi. Yer silkinishlari 1 oktyabr kuni soat 06:29 da qayd etildi.
Respublika Seysmoprognostik monitoring markazi xabariga koʻra, zilzila magnitudasi 5, chuqurligi esa 128 kilometrni tashkil etgan. Epitsentr Afgʻonistonning Bagʻlon viloyatida joylashgan.
Oʻzbekiston hududida 2 balli yer silkinishlari epitsentrdan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan Surxondaryo viloyatida sezildi. Toshkentgacha boʻlgan masofa janubi-gʻarbiy yoʻnalishda 589 kilometrni tashkil etadi.
Oʻtgan dushanba, 28 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Pskent tumanida magnitudasi 3,6 boʻlgan zilzila yuz bergan edi. Yer silkinishlari viloyatning bir nechta shahar va tumanlarida birdek sezilgan.

