Suriyadagi janglarda qatnashgan namanganlik erkak 15 yil-u 2 oyga qamaldi

Suriyadagi janglarda qatnashgan namanganlik erkak 15 yil-u 2 oyga qamaldi
Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashib, keyinchalik Turkiyadan odamlarni ushbu davlat chegarasigacha olib borgan namanganlik erkak ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1982-yilda tug‘ilgan X.U. 2004-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga yo‘l olgan. U avval qurilishda, keyin esa Moskvadagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida mehnat qilgan.
Rossiyada yashagan paytida X.U. yashirin diniy yig‘inlarda qatnasha boshlagan. So‘ngra qurolli guruh safiga qo‘shilish niyatida 2010-yilda Rossiyani tark etib, Ozarbayjon va Eron orqali Afg‘onistonga borgan. U yerdan jangovar tayyorgarlikdan o‘tish uchun Pokistonga yuborilgan.
2012-yilda X.U. Pokiston, Afg‘oniston, Eron va Turkiya orqali Suriyaga yetib borgan. U sudda guruh a’zolarini oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlagani, ularni bozor va shifoxonalarga olib borganini aytgan. 2014-yil boshlarida esa qurolli to‘qnashuvlardan birida qatnashib, jarohat olgan. Jarohatidan tuzalgach, X.U. savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullana boshlagan. U sudda 2015-yilda neft savdosidan ham daromad olganini bildirgan.
“100 barrel neftni 6 ming AQSH dollariga sotib olib, 12 ming AQSH dollariga sotdim. Shundan 4 ming AQSH dollarini jamoatga berdim”, degan X.U. suddagi ko‘rsatmasida.
2021-yil sentyabrida X.U. oilasi bilan Suriyadan Turkiyaga o‘tgan. Chegarada ushlangan erkak 6 oy 14 kun qamoqda saqlangan. Ozodlikka chiqqach, Istanbulda yashab, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan.
X.U.ning sudda aytishicha, shu davrda o‘zini razvedka xodimi deb tanishtirgan shaxs undan terrorchilik faoliyatiga aloqador odamlar haqida ma’lumot yetkazib turishni so‘ragan. Buning evaziga unga va oilasiga yengillik yaratilishi va’da qilingan. Keyinchalik X.U. Suriyaga ketayotgan odamlarni Istanbuldan chegara yaqinidagi Reyhanli shahrigacha olib bora boshlagan. U yo‘lovchilarning hujjatlarini suratga olib, ma’lumotlarni o‘sha shaxsga yuborib turgan.
X.U. har bir yoki ikki haftada to‘rt nafardan odamni Reyhanligacha olib borganini, shu tariqa jami 50–60 kishini tashiganini bildirgan. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan. Sud hujjatlarida ayrimlari keyinchalik Suriya hududidagi terrorchilik tashkilotlariga qo‘shilgani qayd etilgan.
“Men ularni terrorchilik tashkilotlariga qo‘shilish uchun olib bormaganman. Faqat Istanbuldan Reyhanligacha olib borib, yo‘l haqini olganman”, degan X.U. sudda.
Biroq uning Telegram va WhatsApp yozishmalarida Suriyaga ketayotgan shaxslarning hujjatlari, ularni olib borish va to‘lovlarga oid ma’lumotlar aniqlangan.
2025-yil 11-oktyabr kuni esa X.U. besh nafar O‘zbekiston fuqarosini Suriya hududiga o‘tkazish uchun olib ketayotgan vaqtda Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlangan. 2026-yilda o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasida X.U.ning tanasida kamida 26 ta yot jism aniqlangan. Ekspertlar ular portlash oqibatida tanaga kirgan metall parchalar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi X.U.ni Jinoyat kodeksining terrorizm, yollash, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish va boshqa jinoyatlar bilan bog‘liq tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topgan. Jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan unga uzil-kesil 15 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

