Siyosat

Suriyada Asad davridagi xavfsizlik xodimi ushlandi

**Suriyada Asad davrida mahbuslarni qiynoqqa solganlikda ayblangan sobiq xavfsizlik xodimi hibsga olindi**

Suriyada Bashar Asad hukmronligi davrida xavfsizlik xizmatida ishlagan Musab Abu Rukba qo‘lga olindi. U Avstriyada mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llaganlikda ayblanib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi, biroq mamlakatdan qochib, Suriya janubidagi tug‘ilgan shahriga qaytib kelgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Sobiq leytenant Abu Rukba Deraa viloyatida Suriya ichki xavfsizlik kuchlari va terrorizmga qarshi kurash departamenti tomonidan o‘tkazilgan operatsiya natijasida hibsga olingan. O‘tgan oy Vena sudi uni sobiq prezident Bashar Asadning hibsga olingan muxoliflariga nisbatan tan jarohati yetkazish, zo‘ravonlik va jinsiy tajovuz qilishda aybdor deb topgan edi. Abu Rukba o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan.

U sakkiz yillik qamoq jazosi ustidan apellyatsiya shikoyati berganidan so‘ng Avstriyani tark etgan. Abu Rukba avgust oyi boshida Nava shahriga yetib kelgan va uning oilasi qaytishini nishonlash uchun marosim o‘tkazgan. Suriyaga noqonuniy yo‘l bilan kirib kelganidan so‘ng rasmiylar uning harakatlarini kuzatib borgan.

Abu Rukba hibsga olingach, huquqiy jarayonlarni yakunlash uchun mas’ul idoralarga topshirilgan. Unga qarshi jinoiy ish ochilishi kutilmoqda. Biroq, Suriyada unga qanday ayblovlar qo‘yilishi, shuningdek, Avstriya uni hibsga olish yoki ekstraditsiya qilishni so‘raganmi, hozircha noma’lum.

Avstriya sudining matbuot kotibi o‘sha paytda Abu Rukbaning qochish xavfi yo‘q deb hisoblanganini ma’lum qilgan, chunki u 2014-yildan beri Avstriyada yashab, oilasi bilan boshpana so‘ragan. Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, sud jarayonida u hibsda saqlanmagan yoki boshqa cheklovlarga duch kelmagan, shuningdek, apellyatsiya jarayoni davom etayotgan bir paytda uning Avstriyani tark etishi mamlakat qonunlarini yoki sud qarorlarini buzmagan.

**Bashar Asad, uning ukasi va ikki amakivachchasi o‘limga hukm qilindi**

Ma’lumot o‘rnida, 11-avgust kuni Suriya sudi fuqarolar urushi davridagi jinoyatlari uchun Bashar Asadni sirtdan o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu yangi hokimiyat davridagi birinchi shunday hukm bo‘ldi. Shuningdek, olti nafar sobiq harbiy va xavfsizlik xodimlariga ham xuddi shunday jazo tayinlangan.

Ular orasida armiyaning elita 4-diviziyasiga rahbarlik qilgan Asadning ukasi Maher va amakivachchasi Atef Najib ham bor. Najib avval Deraa viloyatida siyosiy xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lib ishlagan. U 2011-yilda Deraada hukumatga qarshi namoyishlarni shafqatsiz bostirishga rahbarlik qilganlikda ayblangan. Aynan shu voqealar keyinchalik 14 yil davom etgan Suriya fuqarolar urushiga turtki bo‘lgan.

18-avgust kuni esa Bashar Asadning yana bir amakivachchasi Vasim Assad o‘lim jazosiga hukm qilindi. U fuqarolar urushi davrida sodir etilgan ko‘plab qotilliklarda ayblangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.