Suriya Isroil bilan xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga umid qilmoqda — Reuters

**Suriya Isroil bilan xavfsizlik muzokaralarini qayta boshlashga umid qilmoqda – Reuters**
Suriya Isroil bilan xavfsizlik bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralarni tez orada qayta boshlashni kutmoqda. Damashq bu kelishuv Isroil qo‘shinlarining Suriya hududidan olib chiqilishiga yo‘l ochishiga umid qilmoqda. Bu haqda Suriya tashqi ishlar vaziri As’ad ash-Shayboniy Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning bayonoti Isroil harbiy-havo kuchlari Suriya aviabazasiga zarba berganidan bir necha kun o‘tib yangradi.
Vazirning ta’kidlashicha, Damashq uchun hozirgi ustuvor vazifa Isroil hujumlarini to‘xtatishdir. Buning uchun tomonlar o‘rtasida ishonchni tiklashga qaratilgan dastlabki qadamlar tashlanishi kerak.
**AQSH kelishuvga erishishga urinmoqda**
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH bir yildan ortiq vaqt davomida Isroil va Yaqin Sharqdagi yangi ittifoqchisi – Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa hukumatlari o‘rtasida xavfsizlik kelishuvini tuzishga urinmoqda.
Biroq bu boradagi muzokaralar natijasiz qolmoqda. Isroil o‘z xavfsizligiga tahdidlarni sabab qilib, Suriya hududiga qo‘shin kiritgan va hukumat obyektlariga zarbalar bergan.
Ash-Shayboniy xavfsizlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar Eron bilan urush boshlanganidan beri muzlatib qo‘yilganini, biroq ularning qayta boshlanishini kutayotganini aytdi.
“Bizningcha, aloqa bo‘lishi kerak, ayniqsa, Suriya xavfsizligiga doimiy ravishda tahdid solayotgan tomon bilan. Ammo bu aloqa hech qanday natija bermasa, unda bizga uning keragi yo‘q. Hozirda biz Isroilga ishonmaymiz”, dedi ash-Shayboniy.
**AQSH Isroilga bosim o‘tkazmoqda**
Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa mamlakati boshqa davlatlar uchun hech qanday tahdid tug‘dirmasligini aytib keladi. Damashq hozir 14 yillik urushdan keyin mamlakatni qayta tiklashga e’tibor qaratmoqda.
Biroq Isroil rasmiylari Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan beri Suriyadagi ehtimoliy xavflar haqida gapirib kelmoqda. O‘tgan yili ayrim Isroil rasmiylari Suriyaning yangi hukmdorlarini niqoblangan jihodchilar sifatida ta’riflagan edi. Bu orada Ahmad ash-Sharaa AQSH bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.
Asad 2024-yilda hokimiyatdan ag‘darilganidan ko‘p o‘tmay, Isroil Suriya janubi-g‘arbidagi hududlarni egallab oldi. Tel Aviv buni o‘z fuqarolarini ehtimoliy hujumlardan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Shuningdek, Isroil Suriya harbiy obyektlariga zarba berdi.
“Isroil o‘z xavfsizligini kuch yordamida ta’minlashga urinmoqda va bu unga hech qayerda yordam bermadi. Men muzokaralar yaqin orada qayta boshlanishiga ishonaman”, dedi ash-Shayboniy.
Hozircha muzokaralarni qayta boshlash uchun aniq sana belgilanmagan. Vazirning ta’kidlashicha, AQSH Isroilni muzokara stoliga qaytarish uchun doimiy ravishda bosim o‘tkazmoqda.
**Suriya Isroilda kelishuvga erishish istagini ko‘rmadi**
Suriya atrofidagi keskinlik seshanba kuni Isroilning Abu al-Duhur aviabazasiga bergan zarbasidan keyin yana kuchaydi. Isroil Damashq aviabazada turk qo‘shinlarini joylashtirishga tayyorlanayotganini aytib, zarbani shu bilan izohladi. Biroq Suriya va Turkiya bu da’voni rad etdi.
Ash-Shayboniy Suriya Isroilning xavfsizlik borasidagi xavotirlarini hurmat qilishini, biroq Tel Aviv ham Suriya manfaatlarini hurmat qilishi kerakligini aytdi.
U Isroilning Suriya havo hududidan foydalanishi, mamlakat janubidagi reydlar va hibsga olishlarni Suriya uchun asosiy xavfsizlik muammolari qatorida sanadi.
Vazirning aytishicha, tomonlar yil boshida xavfsizlik kelishuvining deyarli barcha bandlarini qog‘ozda kelishib olgan. Ushbu kelishuv Isroilning Suriyaga hujumlarini to‘xtatishi hamda Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan keyin egallab olingan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqishini nazarda tutgan.
Kelishuv doirasida Isroil chegarasiga yaqin Suriya hududida bir nechta xavfsizlik zonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ular orasida faqat BMT kuchlari bo‘lishi ko‘zda tutilgan bufer hudud hamda Suriya qo‘shinlari turli darajadagi kuch bilan joylashtiriladigan boshqa zonalar bo‘lishi kerak edi.
Biroq ash-Shayboniyning ta’kidlashicha, Isroil kelishuvni amalga oshirishdan qochishga uringan.
**Golan tepaliklari masalasi keyingi bosqichda muhokama qilinishi mumkin**
Suriya va Isroil texnik jihatdan 1948-yildan beri urush holatida hisoblanadi. Isroil 1967-yilgi urushda Suriya hududi hisoblangan Golan tepaliklarini egallab olgan.
Ash-Shayboniyga ko‘ra, hozir Damashq uchun asosiy vazifa “xavfsizlik kelishuviga erishishdan oldin Isroil tajovuzini to‘xtatish”.
“Shundan keyingina tinchlik va Golan masalalarini muhokama qilishimiz mumkin”, dedi u.
AQSHning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak avvalroq Vashington Isroil, Turkiya va Suriya o‘rtasida to‘qnashuvlarning oldini olish mexanizmini yaratish ustida ishlayotganini aytgan edi.
Ash-Shayboniy hozircha bu mexanizm bo‘yicha kelishuvga erishilmaganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mexanizm Isroil hujumlarini to‘xtatishi va xavfsizlik kelishuviga yo‘l ochishi kerak.
**Suriya Turkiya bilan harbiy hamkorlikni davom ettiradi**
Ash-Shayboniyning aytishicha, Isroil Abu al-Duhur aviabazasiga Suriya bu yerda Turkiya harbiy bazasi tashkil etilmasligi haqida xabar berganidan keyin ham zarba bergan.
U Suriya harbiy tayyorgarlik va hamkorlik masalalarida Turkiyaning yordamiga tayanayotganini bildirdi. Vazirning qayd etishicha, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar ham Suriyaga ko‘mak bermoqda.
“Damashq Turkiyaning armiyamizni qayta tiklashdagi yordami uchun minnatdor va biz bu yordamdan voz kechmaymiz”, dedi ash-Shayboniy.
Isroil 22-avgust kuni Suriya janubiga zarba berib, buni “terrorchi”ni yo‘q qilish amaliyoti deb atagan edi. Damashq esa havo hududi ochiqdan-ochiq buzilganini ta’kidlab, hujumni keskin qoraladi.

