Superliga. “Paxtakor” safarda ochko yo‘qotdi, “Andijon” “Xorazm”ni mag‘lub etdi, “Surxon” “OKMK” bilan durang o‘ynadi

Superliga: "Paxtakor" safarda ochko yo'qotdi, "Andijon" "Xorazm"ni mag'lub etdi, "Surxon" "OKMK" bilan durang o'ynadi
Futbol bo'yicha O'zbekiston Superligasining 19-turidan o'rin olgan uchta uchrashuv yakunlandi.
**"Andijon" — "Xorazm"**
Andijonning "Andijon" jamoasi o'z maydonida Xorazmning "Xorazm" klubini qabul qilib, minimal hisobda g'alaba qozondi.
Uchrashuvning birinchi bo'limi shiddatli va xavfli vaziyatlarga boy bo'lsa-da, darvozabonlarning ishonchli o'yini tufayli hisob ochilmadi. Ikkinchi bo'limning 87-daqiqasida mezbonlar hisobni ochishga muvaffaq bo'lishdi. "Andijon" hujumchisi Martin Boakye raqib darvozasini ishg'ol qildi. Qolgan daqiqalarda hisob o'zgarmadi va "burgutlar" o'z maydonida 3 ochkoni qo'lga kiritdi. Yakuniy hisob — 1:0.
Ushbu g'alabadan so'ng "Andijon" 27 ochko bilan turnir jadvalida 7-o'ringa ko'tarildi. "Xorazm" esa 20 ochko bilan 12-o'rinda qoldi.
"Andijon" 20-tur doirasida mehmonda "Paxtakor" bilan bahs olib boradi. "Xorazm" esa "OKMK" jamoasiga qarshi o'ynaydi.
**O'zbekiston Superligasi, 19-tur**
**"Andijon" — "Xorazm" 1:0**
**Gollar:** 1:0 — Boakye (87).
**"Surxon" — "OKMK"**
Turning yana bir bahsi Toshkent viloyatida bo'lib o'tdi. Unda "Surxon" jamoasi "OKMK" klubi bilan to'qnash keldi.
Uchrashuv davomida mehmonlar tashabbusni o'z qo'lida ushlab, raqib darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlar yaratdi. 17-daqiqada termizliklar himoyachisi Behruz Shukurullayev qizil kartochka olib maydondan chetlatildi. "Surxon" 10 kishi bo'lishiga qaramay, tartibli himoyasi evaziga hisobni ushlab qoldi va o'yin durang bilan yakunlandi — 0:0.
"Surxon" 20 ochko bilan turnir jadvalida 13-o'rinda bormoqda. "OKMK" esa 29 ochko bilan turnir jadvalida 5-o'rindan joy olgan.
20-tur doirasida "OKMK" "Xorazm" jamoasiga qarshi bahs olib boradi, "Surxon" esa "Bunyodkor" maydoniga safar qiladi.
**O'zbekiston Superligasi, 19-tur**
**"Surxon" — "OKMK" 0:0**
**"Dinamo" — "Paxtakor"**
Turning yana bir o'yinida Samarqandning "Dinamo" jamoasi Toshkentning "Paxtakor" klubini qabul qildi.
Ikkinchi bo'limning 62-daqiqasida mehmonlar vingeri Hojimat Erkinov Stefan Chineduning uzatmasini golga aylantirib, hisobni ochdi. Uchrashuvning 85-daqiqasida "Dinamo" hujumchisi Firdavs Abdurahmonov gol urib, muvozanatni tikladi. Ushbu hisob o'yin yakuniga qadar o'zgarmadi va jamoalar durangga imzo chekdi — 1:1.
"Paxtakor" 40 ochko bilan turnir jadvalida 2-o'rinda bormoqda. "Dinamo" esa 26 ochko bilan 8-pog'onadan joy olgan.
"Dinamo" 20-tur doirasida "Qo'qon-1912" maydoniga safar qiladi. "Paxtakor" esa "Andijon" jamoasi bilan bahs olib boradi.
**O'zbekiston Superligasi, 19-tur**
**"Dinamo" — "Paxtakor" 1:1**
**Gollar:** 0:1 — Erkinov (62), 1:1 — Abdurahmonov (85).

