Superliga. “Lokomotiv” Toshkent derbisida “Bunyodkor”ni yirik hisobda yengdi, “Navbahor” mehmonda, “Qizilqum” o‘z uyida g‘alaba qozondi

Superliga: "Lokomotiv" Toshkent derbisida "Bunyodkor"ni yirik hisobda mag'lub etdi, "Navbahor" safarda, "Qizilqum" esa o'z uyida g'alaba qozondi.
O'zbekiston Superligasining 19-tur uchrashuvlari yakunlandi.
**"Lokomotiv" — "Bunyodkor"**
Toshkent derbisida "Lokomotiv" o'z maydonida "Bunyodkor"ni qabul qilib, yirik hisobda g'alaba qozondi.
O'yinning 6-daqiqasida mezbonlar hujumchisi Shodiyor Shodibekov hisobni ochdi. 36-daqiqada "temiryo'lchilar" laterali Oleg Zoteyevning uzatmasidan so'ng Sardor Mirzayev farqni ikkitaga oshirdi. Oradan 7 daqiqa o'tib, "Lokomotiv" hujumchisi Jasur Yaxshiboyev hisobni yiriklashtirdi. Ikkinchi bo'limning o'rtalarida "qaldirg'ochlar" himoyachisi Sardor Rahmonov penaltidan "panenka" uslubida Aleksey Kozlov darvozasiga gol urdi. 70-daqiqada Suhrob Nurulloyev hisobni 4:1 ko'rinishiga keltirib, o'yinga yakuniy nuqtani qo'ydi.
Ushbu g'alabadan so'ng "Lokomotiv" 31 ochko bilan turnir jadvalida 5-o'ringa ko'tarildi. "Bunyodkor" esa 19 ochko bilan 15-o'rindan joy olgan.
"Lokomotiv" 20-tur doirasida safarda "Navbahor" bilan bahs olib boradi. "Bunyodkor" esa "Surxon" jamoasiga qarshi o'ynaydi.
**O'zbekiston Superligasi, 19-tur**
**"Lokomotiv" — "Bunyodkor" 4:1**
**Gollar:** 1:0 — Shodiboyev (6), 2:0 — Mirzayev (36), 3:0 — Yaxshiboyev (43), 3:1 — Rahmonov, penalti (61), 4:1 — Nurulloyev (70).
**"Mash'al" — "Navbahor"**
Turning yana bir uchrashuvi Muborakda bo'lib o'tdi. Unda "Mash'al" jamoasi "Navbahor" klubi bilan bahs olib bordi.
O'yinning 20-daqiqasida mehmonlar yarimhimoyachisi Jasur Jaloliddinov hisobni ochdi. Ikkinchi bo'limning 68-daqiqasida "lochinlar" futbolchisi Shohruh Abdurahmonov farqni ikkitaga oshirdi. Qolgan daqiqalarda hisob o'zgarmadi. Natijada, "Navbahor" safarda 3 ochkoni qo'lga kiritdi — 0:2.
Ushbu g'alaba evaziga "Navbahor" 37 ochko bilan turnir jadvalida 3-o'ringa ko'tarildi. "Mash'al" esa 4 ochko bilan turnir jadvalida so'nggi o'rinda bormoqda.
20-tur doirasida "Navbahor" "Lokomotiv" jamoasiga qarshi bahs olib boradi. "Mash'al" esa "So'g'diyona" maydoniga safar qiladi.
**O'zbekiston Superligasi, 19-tur**
**"Mash'al" — "Navbahor" 0:2**
**Gollar:** 0:1 — Jaloliddinov (20), 0:2 — Abdurahmonov (68).
**"Qizilqum" — "Nasaf"**
Turning yana bir o'yinida Navoiyning "Qizilqum" jamoasi Qarshining "Nasaf" klubini qabul qildi.
Bahsning 43-daqiqasida mezbonlar himoyachisi Nodirxon Ne'matxonov hisobni ochdi. Ushbu hisob o'yin yakuniga qadar o'zgarmadi. Natijada mezbonlar murakkab kechgan uchrashuvda g'alaba qozondi — 1:0.
Ushbu muvaffaqiyatdan so'ng "Qizilqum" 23 ochko bilan turnir jadvalida 11-o'ringa ko'tarildi. "Nasaf" esa 25 ochko bilan 9-pog'onadan joy olgan.
"Qizilqum" 20-tur doirasida "Buxoro"ni o'z maydonida qabul qiladi. "Nasaf" esa "Neftchi" jamoasi bilan bahs olib boradi.
**O'zbekiston Superligasi, 19-tur**
**"Qizilqum" — "Nasaf" 1:0**
**Gollar:** 1:0 — Ne'matxonov (43).

