Texnologiya

Sunʼiy intellektni sekinlashtirishga chaqiriqlar: xavotirlar, tijoriy manfaat va geosiyosat

Shu kunlarda sunʼiy intellekt sohasidagi bahslar global siyosiy mavzuga aylandi: Anthropic bosh direktori SI agentlari yaqinda «butun internetni egallab olishidan» ogohlantirib, sohani tartibga solishga chaqirdi. Raqobatchilar buni «yetakchilarning kartel qurishga urinishi» deb baholamoqda. AQSH va Xitoy esa allaqachon SIni raqib qoʻlidagi qurol sifatida koʻrmoqda.

Sunʼiy intellektni sekinlashtirishga chaqiriqlar: xavotirlar, tijoriy manfaat va geosiyosat

Sunʼiy intellekt yoki uning agentlarini rivojlantirishni sekinlashtirish haqidagi munozaralar aslida bir necha oy avval boshlangan edi. Bu boradagi ilk turtki joriy yil iyul oyida yuz bergan hodisa bo‘ldi. O‘shanda OpenAI kompaniyasi ichki kiberxavfsizlik sinovini o‘tkazgan, sinov vaqtida modellarning himoya klassifikatorlari ataylab o‘chirib qo‘yilgandi.

Kompaniyaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, GPT-5.6 Sol modeli va undan kuchliroq yana bir model izolyatsiya qilingan sinov muhitidan (sandbox) mustaqil ravishda chiqib ketgan. U aylanma yo‘llar orqali internetga kirish imkonini qo‘lga kiritib, o‘zining Hugging Face AI laboratoriyasiga xakerlik hujumi uyushtirgandi. Mustaqil tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, bu bitta «buzilgan agent» emas, balki taxminan 1200 agentdan iborat guruh bo‘lib, ular o‘zaro muvofiqlashgan holda harakat qilgan.

Ikkinchi turtki 9-sentabr kuni Anthropic tadqiqotchisi Jeykob Koxonning isteʼfosi bilan bog‘liq. 27 yoshli mutaxassis uch yil davomida OpenAI va Anthropic kompaniyalarida ishlagan.

«Ikkala kompaniya ham masʼuliyatsiz harakat qilmoqda. Ular oʻz-oʻzini takomillashtiruvchi super-intellekt sari poyga qilib, hayotimizni garovga qoʻymoqda», deb yozdi u. Ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu post 170 million martadan ortiq ko‘rildi.

Axios'ga bergan intervyusida Koxon kompaniyadagi ulushi qonuniy kuchga kirishiga ikki oy qolganida isteʼfo berganini aytib, buni shunday izohladi: «Agar sizga poyga bosimi tushayotgan boʻlsa, burchaklarni kesishga majbursiz» yoki nazorat bosqichlarini oʻtkazib yuborasiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.