Sunʼiy intellekt "Men robot emasman" oʻyinining barcha 48 bosqichidan oʻtdi. Video

Sunʼiy intellekt «Men robot emasman» oʻyinining barcha 48 bosqichidan oʻtdi. Video
GPT-6 Astra modeli Nil Agarval tomonidan ishlab chiqilgan I’m Not a Robot oʻyinining barcha 48 bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtishga muvaffaq boʻldi. Ushbu oʻyin svetoforlarni tanlash va obʼyektlarni qidirishdan tortib, boshqotirmalarni yechish va koordinatsiyaga oid topshiriqlarni bajarishgacha boʻlgan turli xil CAPTCHA turlarini takrorlaydi.
Oʻyindan oʻtish tasvirlangan videoni 7 sentyabr kuni dasturchi Sharif Shamim joylashtirdi. Oʻyindan oʻtish uchun Astra modeli interfeys bilan mustaqil ishlash: ekrandagi tarkibni tanish, tugmalarni bosish, elementlarni sudrab oʻtkazish va maʼlumotlarni kiritish imkonini beruvchi Computer Use funktsiyasidan foydalandi.
Barcha bosqichlarning muvaffaqiyatli yakunlangani sunʼiy intellektning kompyuter bilan oʻzaro aloqa qilish imkoniyatlari qanchalik ilgarilab ketganini namoyish etadi. Shu bilan birga, mutaxassislar bunday test barcha CAPTCHA tizimlari avtomatik ravishda «buzib kirilganini» anglatmasligini taʼkidlamoqdalar: real himoya tizimlari qoʻshimcha tekshiruv usullarini qoʻllaydi va doimiy ravishda yangilanib boradi.
Bunday imkoniyatlarning rivojlanishi odamlarni avtomatlashtirilgan tizimlardan farqlash uchun CAPTCHA'dan foydalanuvchi saytlar uchun yangi chaqiriqlarni yuzaga keltiradi. Agar sunʼiy intellekt bu kabi topshiriqlarni ishonchli tarzda bajara olsa, botlardan himoyalanish uchun shunchaki «Men robot emasman» tekshiruvining oʻzi yetarli boʻlmay qoladi.
Avvalroq, sunʼiy intellekt tizimlarining foydalanuvchilar nazoratidan chiqib ketishi va belgilangan koʻrsatmalarni buzishi bilan bogʻliq hodisalar soni rekord darajaga yetgan edi. 2026 yilning iyul oyida 300 dan ortiq shunday holat qayd etilgan boʻlib, bu bir oy oldingiga nisbatan deyarli ikki baravar koʻpdir.

