Layfstayl

«Sunʼiy intellekt kelişidan oldinroq fikrlaşni töxtatgandik» - Hamid Sodiq taʼlim inqirozi va ziyolilar haqida | Nima dard?

Nega bugungi yoşlar muvaffaqiyatga intilişdan sovib bormoqda? Jamiyatga qanday ziyolilar kerak va nega siyosiy tahlilçilarning özi ham çuqur bilimdan uzoqlaşib qolişi mumkin? Yavbatdagi mehmon - faylasuf, tarjimon va siyosatşunos Hamid Sodiq. Suhbatda insonni harakatga keltiruvçi içki dard, ğoyaga sadoqat, zamonaviy taʼlimning muammolari, SI va jamiyatdagi intellektual muhit haqida söz yuritildi.

«Sunʼiy intellekt kelishidan oldinroq fikrlashni to‘xtatgandik» - Hamid Sodiq taʼlim inqirozi va ziyolilar haqida | Nima dard?

Hamid Sodiq uchun dard shaxsiy shikoyat emas, balki insonga xos holatdir. «Ichimizda yengib bo‘lmaydigan shunday bir dard borki, mana shu dardning atrofida qandaydir bir iroda vujudga keladi», deydi u.

Bu dard anglab bo‘lmas sog‘inchga o‘xshaydi. Uni anglashga intilish esa tuganmas kuch beradi. Bu anglashning bir shingilini baʼzan Arastu, Seneka yoki Suqrotning satrlarida uchratasiz. Mehmonning o‘z yo‘li ham shu dard bilan belgilangan: huquqdan siyosiy tafakkurga, undan tarjimaga.

Suhbatning muhim qismlaridan biri ziyoli insonning jamiyatdagi o‘rniga bag‘ishlandi.

Hamid Sodiq ziyolilikni faqat diplom, ilmiy daraja, ko‘p kitob o‘qish yoki jamoatchilik oldida mashhur bo‘lish bilan o‘lchash to‘g‘ri emasligini taʼkidladi.

Uning qarashicha, ziyoli mavjud voqelikni tushuntirish bilan cheklanmasdan, uni baholash uchun mustaqil fikriy mezonlarga ham ega bo‘lishi kerak. Bu esa jamiyatda hukmron bo‘lgan qarashlarni, hatto o‘zining avvalgi xulosalarini ham qayta ko‘rib chiqishga tayyor turishni talab etadi.

Bunda ziyolining davlat va jamiyatga munosabati ham muhokama qilindi. Sodiqning fikricha, intellektual mustaqillik davlatga qarshi bo‘lish degani emas. Aksincha, ziyoli siyosiy hokimiyat, ijtimoiy mavqe yoki ommaviy kayfiyatdan mustaqil ravishda fikr yurita olishi lozim.

Suhbat davomida g‘oyaga sadoqat masalasi ham ko‘tarildi. Hamid Sodiq insonning o‘z prinsiplari uchun tavakkal qilishga tayyorligini muhim xususiyat sifatida ko‘rdi.

Biroq boshlovchi bunday yondashuvning xavfli tomonini ham savol ostiga oldi: agar inson buzg‘unchi g‘oyaga ishonsa-chi? Masalan, fashizm tarafdorlari ham o‘z g‘oyalari yo‘lida qurbonlikka tayyor bo‘lgan.

Mehmon g‘oyaning taʼsirchanligi uning axloqan to‘g‘ri ekanini anglatmasligini izohladi. Uning taʼkidlashicha, jamiyat o‘zi rad etadigan g‘oyalarni ham jiddiy o‘rganishi, ular qanday sharoitda paydo bo‘lganini va qanday qilib taʼsir kuchiga ega bo‘lganini tushunishi kerak.

Bu o‘rinda bahs g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona ergashish emas, ularni anglash va ularga fikr bilan javob qaytarish zarurati atrofida davom etdi.

Suhbatning eng bahsli qismlaridan biri zamonaviy taʼlim tizimi haqida bo‘ldi.

Hamid Sodiq qariyb 20 yil taʼlim sohasida ishlaganini, shu davr mobaynida o‘quvchi va talabalarda o‘ziga xos tushkunlikni kuzatganini aytdi.

U dastlab bu holatni huquqshunoslik sohasidagi muammolar bilan bog‘lagan. Keyinchalik esa masalaning ildizi ancha chuqurda, zamonaviy ommaviy taʼlimning falsafasida ekani haqida xulosaga kelgan.

Mehmonning fikricha, bugungi taʼlim modeli insonga doimiy ravishda yuqori natijaga intilishni o‘rgatadi. Maktabdan keyin universitet, undan keyin magistratura, navbatdagi diplom, yuqoriroq lavozim va yana yangi muvaffaqiyat.

Biroq bu jarayonning oxirgi nuqtasi yo‘q.

«Hozirgi avlod, soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, tinimsiz progressdan charchadi», - deydi Hamid Sodiq.

Uning kuzatishicha, avvalgi avlodlar uchun yaxshi taʼlim olish va yuqoriroq ijtimoiy mavqega erishish hayot sharoitini yaxshilashning muhim vositasi bo‘lgan. Bugungi yoshlarning bir qismi esa ota-onasi yaratib bergan nisbatan qulay sharoitda ulg‘aymoqda. Shu sababli ularda avvalgi avlodlarga xos intilish va ehtiyoj bir xil darajada namoyon bo‘lmayapti.

Sodiq buni yoshlarning oddiy dangasaligi sifatida emas, balki taʼlim va muvaffaqiyat haqidagi tasavvurlar o‘zgarayotganining belgisi sifatida talqin qiladi.

Albatta, bu barcha yoshlarga taalluqli umumiy xulosa emas, balki mehmonning shaxsiy kuzatishlari va falsafiy qarashlaridir.

Taʼlimdagi tushkunlikdan chiqish yo‘llari haqidagi savolga Hamid Sodiq kutilmagan javob berdi.

Uning fikricha, ommaviy taʼlimning hozirgi shakli chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Kelajakda esa taʼlimning yana bir modeli - ustoz va shogird munosabatiga asoslangan o‘qitish kuchayishi mumkin.

Sodiq buni qadimgi faylasuflar atrofida shakllangan intellektual maktablar misolida tushuntirdi. U Arastu va Suqrot kabi mutafakkirlarni tilga olib, haqiqiy taʼlim muayyan muassasa yoki diplom emas, bilim va g‘oya tashuvchisi bo‘lgan ustoz atrofida shakllanishini taʼkidladi.

Bugungi universitetlarda esa, uning talqinicha, ko‘p hollarda muassasaning o‘zi markazga chiqib, o‘qituvchining shaxsiyati va intellektual taʼsiri ikkinchi darajaga tushib qolgan.

Shu bilan birga, suhbatda ommaviy taʼlimdan butunlay voz kechish masalasi qo‘yilmadi. Gap chuqur fikrlashga, mustaqil izlanishga va muayyan sohada yetuk mutaxassis bo‘lishga intilayotgan insonlar uchun ustoz-shogird munosabatlarining ahamiyati haqida bordi.

Suhbat sunʼiy intellekt mavzusiga ko‘chganida Hamid Sodiq uni faqat texnologik taraqqiyot natijasi sifatida ko‘rmasligini bildirdi.

Uning fikricha, sunʼiy intellektning keng tarqalishi insoniyat tafakkuridagi muayyan inqiroz bilan ham bog‘liq.

«Sunʼiy intellekt kelishidan oldin rostmana fikrlashni to‘xtatgandik bizlar», - deydi u.

Sodiqning talqinicha, insonlar mustaqil fikrlash, savol qo‘yish va murakkab muammolar ustida izlanishga tobora kamroq kuch sarflayotgan bir sharoitda sunʼiy intellekt paydo bo‘ldi.

Mehmon bu texnologiyaga mutlaqo qarshi emasligini ham taʼkidladi. Uning o‘zi ham sunʼiy intellektdan foydalanadi. Biroq texnologiyani inson tafakkurining o‘rnini bosadigan vositaga aylantirish xavfli deb hisoblaydi.

U buni sunʼiy intellektning mustaqil dunyoqarashi va insoniy maʼnodagi ichki dardi yo‘qligi bilan izohladi.

Sodiqning fikricha, insonning javoblari uning hayotiy tajribasi, eʼtiqodi, qadriyatlari va shaxsiy masʼuliyati bilan bog‘liq. Sunʼiy intellekt esa foydalanuvchining savoli va talabiga mos javob shakllantiradi.

Bu o‘rinda u sunʼiy intellektning ishonchli ko‘ringan, ammo noto‘g‘ri maʼlumot berishi mumkinligini ham tilga oldi.

Suhbatda ayniqsa taʼlim va tibbiyot sohalari misol qilib keltirildi. Shifokor Odilxon Alimxonov sunʼiy intellekt yordamida tayyorlanayotgan ayrim ilmiy ishlar sifati bilan bog‘liq xavotirlarini bildirdi.

Muhokamadagi asosiy savol shunday bo‘ldi: texnologiya insonga ko‘proq bilim olish imkonini beryaptimi yoki uning o‘rniga fikrlashni boshlayaptimi?

Suhbatning yana bir yo‘nalishi O‘zbekistonda siyosiy tahlil va geosiyosiy sharhlarga qiziqishning ortishi haqida bo‘ldi.

Boshlovchi so‘nggi yillarda jahon siyosatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar va sharhlar ko‘paygani, biroq ularning hammasida ham chuqur tahlil va intellektual kamtarlik yetarli emasligi haqida savol qo‘ydi.

Hamid Sodiq bu borada o‘z tajribasidan kelib chiqib fikr bildirdi.

«Geosiyosat siyosatshunosni o‘ldiradi», - deydi u.

Bu keskin ibora bilan mehmon geosiyosiy voqealarni doimiy sharhlab borish siyosatshunosni fundamental izlanishdan uzoqlashtirishi mumkinligini nazarda tutdi.

Uning tushuntirishicha, xalqaro voqealar juda tez o‘zgaradi. Auditoriya esa har bir yangilikka darhol munosabat bildirishni, voqea sabablari va oqibatlarini shu zahoti tushuntirib berishni kutadi.

Natijada tahlilchi har kuni efirga chiqishga, yangi voqealarga sharh berishga majbur bo‘ladi. Bu esa fundamental kitoblarni o‘qish, tarixiy jarayonlarni o‘rganish va voqealarni kengroq nazariy asosda tahlil qilish uchun vaqt qoldirmasligi mumkin.

Sodiqning fikricha, bunday sharoitda siyosatshunos voqealarni chuqur tahlil qiluvchi mutaxassisdan kundalik yangiliklarga munosabat bildiruvchi sharhlovchiga aylanib qolish xavfiga duch keladi.

U yana bir muammoga eʼtibor qaratdi: auditoriya baʼzan izchil, murakkab va nazariy asoslangan tahlildan ko‘ra sodda, tezkor va keskin xulosalarni afzal ko‘radi.

Shu sababli siyosiy sharhlovchi auditoriya talabiga to‘liq bo‘ysunib qolmasdan, uning intellektual saviyasini oshirishga ham harakat qilishi kerak.

Shu bilan birga, Hamid Sodiq O‘zbekistonda geosiyosiy mavzularga qiziqish ortishini faqat salbiy hodisa deb baholamadi.

Uning fikricha, bunday muhokamalar jamiyatda siyosiy fikrlash ko‘nikmalari shakllanishiga yordam berishi mumkin.

Hatto odamlar dastlab boshqa mamlakatlardagi siyosiy voqealarni muhokama qilish orqali siyosatga qiziqsa ham, bu keyinchalik chuqurroq izlanish uchun imkoniyat yaratadi.

Biroq qiziqishning o‘zi yetarli emas. Mehmon siyosiy tahlil bilan shug‘ullanuvchilar fundamental adabiyotlarni o‘qishi, o‘z xulosalarini qayta tekshirishi va tanqidni qabul qilishga tayyor bo‘lishi lozimligini taʼkidladi.

Suhbatda biror mavzuni to‘liq o‘rganmasdan turib keskin xulosa chiqarish, nazariy tushunchalarni bilmasdan sharhlash va mutaxassislikka ortiqcha ishonch bilan yondashish ham tanqid qilindi.

Boshlovchi bu borada kitob o‘qish bilan cheklanmasdan, o‘qilgan asarlar yuzasidan yozma mulohaza yuritish, maqola yozish va o‘z fikrlarini tartibga solishning ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.

Suhbat davomida bir-biriga bog‘liq bir nechta masala ko‘tarildi: inson o‘zini qanday anglaydi, ziyolining jamiyat oldidagi masʼuliyati nimada, g‘oyaga sadoqat qayerda tugaydi va mustaqil fikrlash nimadan boshlanadi?

Hamid Sodiqning qarashlarida bu savollarni birlashtirib turuvchi asosiy tushuncha - dard.

Uning fikricha, insonni izlanishga undaydigan ichki ehtiyoj yo‘qolsa, bilim ham, kasbiy maqom ham, jamoatchilik oldidagi obro‘ ham o‘zining asl mazmunini yo‘qotishi mumkin.

Mehmonning o‘zini huquqshunos, siyosatshunos yoki tarjimon degan muayyan taʼriflar bilan cheklashni istamasligi ham shu qarash bilan bog‘liq.

Suhbatdan kelib chiqadigan muhim fikrlardan biri shuki, ziyolilik faqat boshqalarni tanqid qilish emas. U o‘z bilimlari, xulosalari va xatolarini ham qayta ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lishni talab etadi.

«Nima dard?»ning bu galgi sonida tayyor yechimlardan ko‘ra savollar ko‘proq bo‘ldi. Zamonaviy taʼlim haqiqatan inqirozga yuz tutyaptimi? Sunʼiy intellekt insonni fikrlashdan uzoqlashtiradimi? Siyosiy tahlil ommalashishi jamiyatning intellektual saviyasini oshiradimi?

Bu savollarga turlicha javob berish mumkin. Ammo suhbatning asosiy g‘oyasi - insonning mustaqil fikrlash, shubha qilish va haqiqatni izlash qobiliyatini saqlab qolish zaruratidir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.