Mahalliy

SUM yaqinidagi Brasserie Park terassasi xodim va kurer o‘rtasidagi mojarodan so‘ng demontaj qilindi

Toshkentda piyodalar harakatini cheklagan Brasserie Park restoranining terassasi demontaj qilindi. Bu restoran vakili va trotuar bo‘ylab harakatlangan kurer mojarosidan so‘ng yuz berdi. Xodim voyaga yetmagan kurerni so‘kkan va tahdid qilgan. Stollar o‘rnatilgan yozgi maydon bir necha yildan beri mavjud edi.

SUM yaqinidagi Brasserie Park terassasi xodim va kurer o‘rtasidagi mojaro ortidan demontaj qilindi

Toshkentdagi Markaziy univermag (SUM) oldida, trotuarda joylashgan terassa ustidan o‘tib ketayotgan voyaga yetmagan kurerga Brasserie Park restorani vakili haqoratli so‘zlar aytib, urish bilan tahdid qilgan.

Xodim kurerning ortidan yugurib kelib, unga qarata: “Bo‘ldi, bor, xohlasang, bitta shapaloq ham qo‘yib yuboraman… Telefon bilan qo‘rqitaman deb o‘ylayapsanmi? Farosatni ishlat, bu yerda odamlar ovqatlanyapti, skuterda kelyapsan… Ovqatlanib o‘tirgan joyingda skuter bilan o‘tib ketishsa, senga g‘alati bo‘lmaydimi… Tushib o‘t. Tushib, surib o‘tib ketish kerak degan qonun bormi sizlarda? Kamerang bilan qo‘rqitma… Yo‘qol bu yerdan, ikkinchi marta bu yerdan o‘tma”, — degan.

Kurer esa vaziyatni tushuntirish mumkinligini va allaqachon uzr so‘raganini bildirgan.

Bu yozgi maydon shu yerda bir necha yildan beri mavjud bo‘lgan.

Poytaxt hokimligi yakshanba kuni o‘tkazilgan tekshiruvda hududdan foydalanish, jumladan, piyodalarning erkin harakatlanishini ta’minlash talablari buzilganini ma’lum qildi.

“Tegishli choralar ko‘rildi. Hudud qonunchilik talablariga muvofiq holga keltirildi”, — deyiladi xabarda.

“Qulay shahar barpo etish — hokimlikning asosiy vazifalaridan biri. Biz shahar muhiti aholi uchun qulay bo‘lishi, tadbirkorlar esa belgilangan talablarga rioya etgan va hamshaharlar huquqlarini hurmat qilgan holda o‘z ishini rivojlantira olishi uchun intilamiz. Piyodalarning qulayligi va xavfsizligi shahar muhitini tashkil etishdagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Jamoat joylari aholi uchun ochiq bo‘lib qolishi shart”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Toshkent shahri IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 36 yoshli restoran vakili va 17 yoshli kurer o‘rtasidagi mojaro 17-oktabr kuni soat 13:00 atrofida yuz bergan.

Muassasa vakili S. R. “jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, [voyaga yetmagan shaxsga] nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan va jamoat tartibini buzgan”, deyiladi IIBB xabarida.

Erkakka nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudiga yuborilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.