Sudyalar oliy kengashi Jinoyat kodeksidan bitta moddani chiqarib tashlashni taklif qilmoqda

Oliy sudya kengashi Jinoyat kodeksidan 231-moddani (adolatga zid hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) olib tashlashni taklif qilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabariga ko‘ra, Oliy sudya kengashida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Prezidentning 2025-yil noyabrdagi farmoniga binoan, Oliy sudya kengashi, Oliy sud va Bosh prokuraturaga uch oy muddatda adolatga zid hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma taqdim etish vazifasi yuklatilgan edi.
Jinoyat kodeksining 231-moddasi birinchi qismida oldindan bila turib adolatga zid sud hujjati chiqarish uchun 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Agar og‘ir oqibatlar yuzaga kelsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Anjumanda “Daryo” muxbiri farmon ijrosi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 231-moddasi yuzasidan Oliy sudya kengashi qanday taklif bergani haqida savol berdi.
Kengash raisining o‘rinbosari Nodira Boboxonovaning javob berishicha, Jinoyat kodeksining 231-moddasi yuzasidan xalqaro tajribada ikki xil yondashuv tavsiya etilgan.
Birinchi yondashuv – bu Jinoyat kodeksidan 231-moddani butunlay chiqarib tashlash. Ikkinchi tavsiya esa, agar 231-modda qoladigan bo‘lsa (bu ko‘plab mamlakatlarda mavjud), uning aniq mezonlarini ishlab chiqish, ya’ni sud xatosi uchun sudyani javobgar qilmaslik va qaysi qarorlarni bekor qilish yoki o‘zgartirish mezonlarini belgilashdir. Hozirda mazkur modda muhokama qilinmoqda. Agar uni chiqarib tashlash taklifi qabul qilinsa, u kodeksdan butunlay olib tashlanadi. Agar qoladigan bo‘lsa, uning dispozitsiyasiga jinoyat tarkibining belgilari kiritiladi, ya’ni uning qasddan sodir etilganligi, sud xatosi uchun javobgarlikni istisno etish va boshqa shu jinoyat tarkibini beruvchi alohida mezonlar ishlab chiqilib, shu tarzda kodeksga qo‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritilishi mumkin, dedi Nodira Boboxonova.
Oliy sudya kengashi sudyasi Xurshid Sodiqovning qo‘shimcha qilishicha, Kengash mazkur moddani Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlash bo‘yicha taklif bergan.
“Mazkur moddani chiqarib tashlashni taklif qilganmiz. Mazkur modda jinoyatni malakalashda juda ko‘p qiyinchilik tug‘diradi. Bu bo‘yicha bir nechta jinoyat ishlari ko‘rilgan. Tergov davomida moddani qo‘llashda muammolar juda ko‘p bo‘lgan. Keyingi instansiyalarda o‘sha modda o‘zgargan yoki bekor bo‘lib ketgan. Amaliyotda chalkashliklarga sabab bo‘lgan”, dedi Xurshid Sodiqov.
Kengash vakilining qo‘shimcha qilishicha, mazkur masala bo‘yicha xalqaro hamjamiyat o‘z xavotirini bildirgan va bu keyinchalik reytinglarga ham ta’sir qila boshlagan.

